O‘zbekiston | 16:39 / 23.04.2023
13116
5 daqiqa o‘qiladi

Jamoatchilik palatasi nega unutildi? U nega kerak?

Bundan 3 yil oldin, 2020 yilning 16 aprelida prezident Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasini tashkil etish to‘g‘risida” farmon imzolagan edi. O‘shanda jamoatchilik faollari bu tashabbusni ijobiy qabul qilgan edi.

Farmonga ko‘ra, Jamoatchilik palatasi 50 nafar ko‘zga ko‘ringan jamoatchilik faollaridan iborat bo‘ladi, 3 yillik vakolatga ega bo‘ladi, davlat va jamiyat hayoti uchun zarur bo‘lgan g‘oyalar, loyihalar, tashabbuslar bilan chiqib, O‘zbekistonni huquqiy-demokratik davlatga aylanishida muhim o‘ringa ega bo‘ladi.

Lekin, mana, uch yil o‘tdiki, haliga qadar Jamoatchilik palatasi o‘z faoliyatini boshlamadi. Buning sabablari bir nechta bo‘lishi mumkin. Bir tomondan mulozimlar, byurokratlar “yuqoridan bu haqda so‘ramayaptimi, ularning esiga biz solishimiz kerak emas” degan bo‘lishlari mumkin.

Yoki, ba’zi davlat mulozimlari va davlat muassasalari oliy hokimiyatni Jamoatchilik palatasiga nisbatan salbiy qarash, sovuq qarash o‘yg‘otgan bo‘lishi ham mumkin. Buni aniq bilmaymiz.

Lekin, aniq narsa shuki, Jamoatchilik palatasi O‘zbekistonga juda kerak. Aynan, hozirda va keyingi yillarda Jamoatchilik palatasiga bo‘lgan siyosiy, intellektual, ma’naviy ehtiyoj, yanada oshadi.

Mutafakkirlar “millatning, davlatning taqdiri – u bilan bog‘liq bo‘lgan institutlarga borib taqaladi” deyishadi. Ya’ni, davlatda faoliyat olib borayotgan institutlar davlatning barqarorligi va qudratini, jamiyatning erki va farovonligini, davlat va jamiyat aloqalarining mustahkamligini belgilab beradi.

Institutlar – bu tushunarli, kelishilgan va tan olingan “o‘yin qoidalari” hisoblanadi. Institutlarga xalq ishonmasa, ular institut bo‘la olmaydi. Agar ular barqaror ishlamasa ham, institut deb bo‘lmaydi.

O‘zbekistonda davlat va jamiyatni bog‘lovchi, bog‘lashi kerak bo‘lgan ko‘plab institutlar, Konstitutsiyada nazarda tutilgan. Bular – parlament, siyosiy partiyalar, vatandoshlik jamiyati institutlari, sud hokimiyati va boshqalar. Lekin, o‘tgan davrda O‘zbekistonda ushbu institutlar davlat tomonidan qattiq nazorat qilingani uchun ham, jamiyatdan uzildi va jamiyatga qarshi ishlaydigan holatda qoldi. Agar davlatdagi institutlarga xalq, jamiyat ishonmasa, davlat va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlar asosida ishonch emas, ziddiyat va tirashuv asosiy fundament bo‘lib qolaveradi.

Nima uchun Jamoatchilik palatasiga ehtiyoj oshib boradi? Buning ichki va tashqi siyosiy sabablari bor.

Tashqi sabablaridan biri – bu informatsionalizm bilan bog‘liq holdagi ijtimoiy kayfiyat. Butun dunyoda, hukumatlarning muammoni yechish qobiliyatiga nisbatan, odamlarning muammolarni anglash qobiliyati tezroq o‘syapti. Natijada, tanqidiy fikrlash, ijtimoiy frustratsiya borgan sari kristallashmoqda.

Ikkinchidan, O‘zbekiston, Markaziy Osiyo mintaqasi Rossiyaning axborot hududida qolmoqda. Rossiyada nimaiki yuz bersa, bu davlat yoki jamiyat uchun bevosita yoki bilvosita nusxa olinadi, standartlashadi, normallashadi. Rossiya – mintaqa uchun “standartlar markazi” hisoblanadi.

Rossiyada davlat va jamiyat o‘rtasida, hali uzoq vaqt davom etadigan kurash davri, konfrontatsiya davri boshlandi. Bu siyosiy zehniyat, kayfiyat O‘zbekistondagi ijtimoiy va siyosiy kayfiyatga ham ta’sir qiladi. Rossiyada keyingi yillarda muxolif kayfiyatlar juda keskin kuchayib boshlaydi. Rossiyada “demokratiyaga erishish uchun, davlatni yiqitish kerak” degan qarash o‘sib boradi.

Ichki sabablarga kelsak, O‘zbekistonda parlament uyquda. Siyosiy partiyalar jonlanish niyatida emas. Vatandoshlik jamiyatining rivojlanishi – ancha vaqt talab qiladi. Qolaversa, davlat koridorlarida vatandoshlik jamiyatidan qo‘rquv haliga qadar kuchli.

Demak, davlat bilan jamiyatni bog‘lovchi, yangi va original institut zarur. Bu institut, bir tomondan xalqning, jamiyatning ishonchida bo‘lsin. Boshqa tomondan, davlat bilan muloqot qilish qobiliyatini ko‘rsatsin, muammolarni olib chiqsin, malakali yechim izlasin.

O‘zbekistonda ham yangi siyosiy vaziyat shakllanmoqda. Konstitutsiyaviy islohotlar o‘tgach, hokimiyat jamiyat bilan o‘zaro muloqotlarini yanada izchillashtirishi kerak bo‘ladi. Yangi Konstitutsiyaning ishlashi uchun ham, Jamoatchilik palatasi kerakki, yangi Bosh Qonun nazarda tutgan davlat institutlari va mexanizmlarini ishlatishga doim energiya, ma’naviy va intellektual yoqilg‘i purkab turadigan salohiyatli siyosiy kuch rolini o‘ynardi.

Jamoatchilik palatasiga davlat va jamiyat o‘rtasida ko‘prik, bog‘lovchi, moderator rolini o‘ynay oladigan shaxslar jamoasini to‘plash zarur bo‘ladi. Jamoatchilik palatasi to‘g‘ri shakllantirilib, to‘g‘ri vazifalar yuklatilsa, bu davlatning legitimligi mustahkamlanishiga ijobiy ta’sir qilar edi.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosiy tahlilchi

Mavzuga oid