O‘zbekiston | 18:46 / 25.04.2023
13004
2 daqiqa o‘qiladi

Prokuraturaning aralashuvi bilan 5 yillik muammo hal etildi

Toshkent viloyati, Olmaliq shahrida 38 nafar nogironligi bor va ehtiyojmand fuqaro 2017 yildan beri ularga ajratib berilgan uyga kadastr hujjati ololmayotgandi. Ularning bu muammosiga viloyat prokuraturasi e’tibor qaratib, hal qilib berdi.

Foto: KUN.UZ

Gap shundaki, Olmaliq shahri Totuvlik ko‘chasida 1970 yilda yotoqxona sifatida qurilgan bino 2017 yilda shahar hokimining qaroriga asosan “nol” qiymatda “UNIVERSAL G`ISHT SAVDO” MChJga berilgan. Qarorda jamiyat tomonidan davlat investitsiya majburiyatlarini bajarishi uchun o‘z chegarasidan chiqmagan holda rekonstruksiya qilib, turar joy uchun qurilish ishlari olib borilishi belgilangan. Yotoqxona turar joyga moslashtirilgach, shahar hokimi qaroriga asosan foydalanishga qabul qilingan hamda 15 ta xonadon hokimlikning maqsadli kommunal fondiga berilgan.

Shu tariqa, Toshkent viloyat hokimligi tomonidan binoga viloyatning turli tumanlaridan 38 nafar nogironligi bo‘lgan va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqaro joylashtirilgan. Mazkur uy-joyda yashovchi fuqarolar bir necha yillardan buyon uy-joyni xususiylashtirish masalasida murojaat qilib kelishgan. Biroq bino “UNIVERSAL G`ISHT SAVDO” MChJ rahbari B.Shukurovga tegishli bo‘lganligi hamda xonadonlarni fuqarolarga rasmiylashtirib berishida turli to‘siqlar borligi muammoning hal etilmay qolishiga sabab bo‘lgan. 

2022 yilning dekabr oyida fuqarolarning murojaati nazoratga olinib, Toshkent viloyati prokurori topshirig‘iga asosan ishchi guruh tuzilgan holda tadbirkorning muammolari o‘rganib chiqilgan. O‘rganishlar davomida uning nomida bir necha yillardan buyon MIB, kadastr va soliq organlari tomonidan qo‘yilgan taqiqlar borligi aniqlangan. Mazkur taqiqlar qonunda belgilangan tartibda bosqichma-bosqich olib tashlangan.

Hozirda mazkur uyda yashovchi 38 nafar fuqaroga xonadonlar MChJ rahbari tomonidan notarial tartibda hadya shartnomasi asosida rasmiylashtirib berildi.

Mavzuga oid