Jahon | 18:05 / 04.05.2023
26721
12 daqiqa o‘qiladi

Kremlga dronlar hujumi. Qanday savollar ochiq qolmoqda?

Kremlga hujum qilgan dronlar qayerdan uchib kelgan. Ular havo hujumidan mudofaa tizimlaridan qanday o‘tgan?

Rossiya hukumati chorshanba kuni kunduzi Kremlga ikki dron bilan hujum uyushtirilgani haqida xabar berdi, ammo bu hodisa videolarida kunning qorong‘i vaqti aks etgan. Vladimir Putinning matbuot xizmati hodisani «prezidentga suiqasd» deb baholadi, ammo tunda u Kremlda bo‘lgani ehtimoli past. BBC rus xizmati Kremlga hujumning rasmiy versiyasi e’lon qilinganidan keyin javobsiz qolayotgan savollarni sanadi.

Kreml yarim kun davomida hujum haqidagi ma’lumotni yashirdimi?

Kremlga hujum aks etgan ilk videolar tundayoq, Yakimanka va Zamoskvoreche rayonlari aholisi uchun ochilgan telegram-kanalda paydo bo‘lgan. Uning administratorlari aytishicha, Serafimovich ko‘chasida yashovchilar «momaqaldiroq»nikiga o‘xshash «baland ovoz»ni eshitishgan.

Shuningdek, rayon aholisi vakillari «osmondagi uchqunlar va baland ovozdan keyin Kreml devorida chiroq ko‘targan odamlar yurganiga» e’tibor qaratgan. Kun davomida tarqalgan videolardan birida 3 mayga o‘tar kechasi Kremldagi yoritgichlar o‘chirilganini ko‘rish mumkin. Boshqa bir videoda Kreml devori uzra tutun ko‘tarilgani aks etgan.

BBC video mualliflari bilan bog‘lanishga uringan, ammo ular faqat moliyaviy rag‘bat evaziga OAV bilan muloqot qilishga rozi bo‘lishini bildirishgan.

E’tiborli jihati, shahardagi boshqa pabliklarda Kremldagi voqealar muhokama qilinmagan. Moskva markazida harakatlanish ham to‘xtatilmagan. Kremldagi muzey ham odatiy taqvim bo‘yicha ishlamoqda, Aleksandrovskiy bog‘iga kirish ham cheklanmagan. Qizil maydon esa aprel oyi oxirida G‘alaba kuni paradiga tayyorgarlik ko‘rish uchun yopilgandi.

Hudud aholisi vakillaridan biri BBC bilan suhbatda o‘zi yarim tunda sodir bo‘lgan voqeaga guvoh bo‘lmagani, ammo tongda ham, kechasi ham rayonda favqulodda hodisa ro‘y bergani alomatlari sezilmagani, dronlar hujumi haqida faqat televizordagi yangiliklardan xabar topganini bildirgan.

Yakimanka rayoni kanalida paydo bo‘lgan roliklar faqat kunduzi faol muhokama qilina boshladi, shundan keyin Kreml matbuot xizmati ham hujum haqidagi ma’lumotni tasdiqlab, bu hujumni Vladimir Putin hayotiga suiqasd qilishga urinish deb baholadi (shu bilan birga, u bu vaqtda Kremlda bo‘lmagani aytildi).

Shundan keyin OAVda va ijtimoiy tarmoqlarda nisbatan yaqinroq masofadan olingan videolar paydo bo‘la boshladi. Videolardan biri Qizil maydon tomondan turib tasvirga tushirilgan. Videoda dron Kreml devori oldiga to‘shalgan toshlar ustidan uchib o‘tib, Senat saroyi gumbazi atrofida havodaligida portlab ketgani ko‘rinadi - bu Vladimir Putinning rasmiy qarorgohi bo‘lib, gumbazga Rossiya bayrog‘i o‘rnatilgan. Shu bilan birga, videoda bu vaqtda ikki kishi gumbaz bo‘ylab ko‘tarilayotgani ko‘ringan - ular taxminan maxsus xizmat xodimlari bo‘lgan. Bu rolikning birinchi manbasi noma’lum, ammo bu katta ehtimol bilan kuzatuv kamerasidagi kadrlarning mobil telefon orqali yozib olingan variantidir.

Keyin TVs telekanali yana ikkita videoni namoyish etdi. Ularda ikkita turli dronlar orqali uyushtirilgan ikkita turli hujum aks etgan.

Yozuvlardan birida dron Qizil maydon ustidan uchib, Senat saroyi gumbazi yaqinida portlaydi, shundan keyin osmonda tutun paydo bo‘ladi. Ikkinchi videoda boshqa yo‘nalishda uchib kelib to‘g‘ridan to‘g‘ri binoga urilgani va yong‘in boshlanganini ko‘rish mumkin. Ya’ni dronlar turli trayektoriyalar bo‘ylab, ammo bitta nishon sari harakatlangan.

Roliklarda aks etgan Spasskaya minorasidagi kurantlarda hujum vaqtini aniq ko‘rish mumkin. 

Birinchi dron Zamoskovorechya tomonidan (ya’ni Kremldan janubdan) uchib kelgan va Senat saroyi gumbazi atrofida portlagan. Videoyozuvlardan birida uning urilishidan keyin chaqin va tutun paydo bo‘lgani va shamol tutunni Kremlning Spasskaya minorasi tomon olib ketayotgani aks etgan. Bu vaqtda minoradagi soatlar 2:27 ni ko‘rsatayotgandi.

Ikkinchi dron qariyb xuddi shu joyda, soat 2:43, ya’ni 16 daqiqa o‘tib portlagan. Bu vaqtga kelib Kremlda yoritish chiroqlarini o‘chirishga ulgurishgan — hatto odatda Kreml sohilbo‘yini yoritadigan fonarlar ham yonmayotgandi. Faqat minoralar uchlaridagi qizil yulduzlar porlab turishda davom etgan.

Bu safar uchuvchisiz uchar qurilma Kremlga Kitay-gorod tomondan (ya’ni sharqdan) uchib keladi, prezident shtandarti o‘rnatilgan Senat saroyi gumbazi yonidan o‘tib, birinchi dron kabi naq flagshtok ostida portlaydi. Lekin gumbazdagi bayroq yonib ketmagan.

Ikkinchi videoda ikki kishi zina orqali gumbazdagi flagshtok tomon ko‘tarilayotganini ko‘rish mumkin. Katta ehtimol bilan ular birinchi dron zarbasidan keyin chiqqan yong‘in oqibatlarini ko‘zdan kechirmoqchi bo‘lgan.

Ukraina Kreml bo‘ylab zarbalarga aloqadorligini rad etgan.

Ukrainlar droni Kremlgacha uchib bora oladimi?

BBC harbiy sharhlovchisi Pavel Aksenov tushuntiradi:

Kreml - Rossiyadagi eng qattiq qo‘riqlanadigan obektlardan biri. So‘nggi yillarda GPS-navigatori yoqilgan holda Kreml devori yoqalab harakatlanmoqchi bo‘lgan har bir kishi buni amalda tekshirib ko‘rishi mumkin edi - Kremlga yaqin kelinganda, ekrandagi belgi poytaxt aeroportlaridan biriga ishora qiladi.

Bu radioelektron kurash tizimi ishi natijasidir - shu tariqa ular aeroportlar yaqinidagi parvozlardan himoya o‘rnatilgan oddiy tijoriy dronlarga to‘sqinlik qilishadi. Bu himoyani olib tashlash mumkin. Harbiy dronlar radioelektron kurash vositalarini yengib o‘tish uchun turli tizimlardan foydalanadi. Buning usullaridan biri - parvozning muayyan uchastkalarida inersial navigatsiya, ya’ni avtopilotdan foydalanish. Bunday tizim radioelektron kurash choralariga qarshi kuchli himoyani ta’minlamaydi, ammo aniqlikni pasaytiradi.

O‘z-o‘zidan tushunarliki, bunday radioelektron kurash sharoitida dronlarni radioaloqa orqali boshqarish juda qiyin, agar umuman ilojsiz bo‘lmasa. U berilgan dastur bo‘yicha belgilangan nishon tomon mustaqil harakatlanishi talab etiladi.

Shuningdek, Moskva ichkarisida Kremlni dronlardan himoya qilishning kengroq konturi mavjud. Uning tarkibi haqida ko‘p narsa ma’lum emas, ammo yanvar oyida shahar markazi atrofidagi binolar tomlarida dronlarga qarshi kurashish uchun ham mo‘ljallangan «Pansir-S1» zenit komplekslari o‘rnatilgandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan kadrlarga ko‘ra, bu samolyot tipidagi kichik va parrakli dron edi, chunki tezlik yuqori emasdi. Bunday apparatlar odatda uglerod tolasi yordamida ishlab chiqariladi, shuning uchun, ayniqsa pastlab uchganida radiolokatsiya vositalari ularni payqashi oson bo‘lmaydi.

Butun Moskvani himoya qiluvchi havo hujumidan mudofaa tizimlarining yanada kengroq qatlami ham mavjud. Ammo havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari nisbatan katta nishonlarga qarshi kurashishga mo‘ljallangan - jangovar kallakli qit’alararo raketalardan tortib samolyotlargacha.

Amaliyot shuni ko‘rsatganki, kichik dronlar havo hujumidan mudofaa tizimidan o‘tib, Moskva oblastigacha yetib borgan. Moskva oblastida portlovchi qurilmalar o‘rnatilgan dronlar aniqlangani bilan bog‘liq ikki holat ma’lum: fevral oyi oxirida - Kolomenskiy rayonida, aprel oyida - Noginsk yaqinida. Ikki holatda ham dron parchalaridan bu Ukrainaning «Ukrjyet» kompaniyasi ishlab chiqargan UJ-22 Airborne dronlari ekani ma’lum bo‘lgan.

Bunday dronlar 800 kilometr masofagacha uchib bora oladi, agar ularni ukrainlar uchirgan bo‘lishi mumkin deb hisoblansa, bu texnik jihatdan mumkin bo‘lgan ish. Ko‘plab sharhlovchilar yuqoridagi holatlardan keyin bunday parvozlar haqiqiy hujumdan oldin Rossiyaning havo hujumidan mudofaa tizimini tekshirib ko‘rishga o‘xshayotganini aytishgandi. Ammo rasmiy Kiyev o‘shanda ham, hozirda bo‘lgani kabi javobgarlikni o‘zidan soqit qilmoqda.

Albatta, Kremldagi Senat saroyi gumbazi ustida portlagan dronlar nisbatan ancha yaqin masofadan uchirilgan bo‘lishi ham mumkin, bu holda ular zenit raketa majmualari tomonidan urib tushirilish xavfi yuqori bo‘lgan bir necha yuz kilometr masofani bosib o‘tishiga hojat qolmaydi. Ammo endi bu shunchaki qiziq tafsilotlar, chunki allaqachon bunday zarbaning natijasi bor - zenit komplekslari va radioelektron kurash vositalariga qaramay, dronlar Kremlgacha yetib borgan va portlagan.

Ro‘y bergan hodisa Kremlning harbiy strategiyasiga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkin?

BBC harbiy sharhlovchisi Ilya Abishev javob beradi:

Kremlda yashovchilar va urushni qizg‘in qo‘llovchi propagandachilar va boshqa Z-faollar uchun eng xavotirlisi - ular ukrainlarniki deb aytayotgan dronlar barcha havo hujumidan mudofaa tizimlarini ortda qoldirib, Moskvaga qadar yetib borgani emas. Saratov yaqinidagi strategik aviabazaga zarbalar hamda Moskva yaqinida portlovchi moddalar o‘rnatilgan dronlar topilganidan beri kun kelib bunday hujum sodir bo‘lishiga shubha yo‘q edi.

Hujumlarning hayratlanarli darajadagi aniqligi ko‘proq xavotirga sabab bo‘lgani tayin. Prezident qarorgohi gumbaziga ikkita dron aniq borishini o‘qni tangaga tekkizish bilan tenglashtirish mumkin va bu yerda faqat ikki variant bo‘lishi mumkin: yoki juda yaxshi otuvchi va nishonni juda aniq oluvchi qurol bilan yuqori darajali mergan ishlagan yoki juda yaqindan o‘q uzilgan.

Kreml bunday vaziyatda qanday yo‘l tutishi kerakligi tushunarsiz. Javobgarlikni Kiyev gardaniga yuklash va po‘pisa qilib qo‘yish uchun unga zarba berish varianti bor - shunday bo‘lishi ham aniq, ammo bu bilan Rossiya hududiga takroriy zarbalar berilishining oldini olib bo‘lmaydi.

«Rust effekti» ishga tushirilib, urushning qizg‘in pallasida poytaxtni havo zarbalaridan himoyalay olmagani uchun harbiy qo‘mondonlikni almashtirish (1987 yilda germaniyalik uchuvchi Matias Rust ming kilometrdan oshiq masofani to‘sqinliksiz bosib o‘tib, samolyotini Moskvaga qo‘ndirgach, SSSR mudofaa vaziri va havo hujumidan mudofaa kuchlari qo‘mondoni lavozimidan ozod etilgan) kerakmi? Ammo yangi boshliqlar davrida Moskva osmoni xavfsizroq bo‘lib qolishi ham katta savol ostida. Kremlga hujum tashkilotchilari aynan qo‘mondonlik o‘zgartirishga intilayotgan bo‘lsa-chi?

Balki harbiylar umuman aybdor bo‘lmasdan, xavf shu atrofda harakat qilayotgan diversantlardan kelayotgandir? Bularning barchasi ichki dushmanlar yoki turli harbiy-vatanparvar guruhlarning ta’sir doirasi uchun kurashni kuchaytirgan fitnasi bo‘lsa-chi? Va ishga kuchishlatar tuzilmalarning o‘zi ham aralashgan bo‘lsa-chi?

Rossiya rahbariyati qarshisida shunday og‘ir savollar bilan bir qatorda yana bir savol bor: Qrim va Ukrainaga yaqin bo‘lgan qator oblastlar qilgani kabi oddiy xavfsizlik zarurati tufayli Qizil maydonda o‘tkazilishi kerak bo‘lgan harbiy paradni bekor qilish kerak bo‘ladimi? O‘ylash uchun esa vaqt juda oz qolmoqda.

Mavzuga oid