Jahon | 12:15 / 12.05.2023
5518
3 daqiqa o‘qiladi

AI Rossiyani Navalniyning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilishga chaqirdi

Aleksey Navalniyning sog‘lig‘i bilan bog‘liq vaziyat o‘ta xavotirga solmoqda va koloniyadagi shafqatsiz munosabat uning inson huquqlarini buzadi hamda Rossiyaning xalqaro majburiyatlariga ziddir, deya ma’lum qildi Amnesty International.

Foto: Denis Kaminev/AP Photo/picture alliance

Amnesty International (AI) inson huquqlari tashkiloti Rossiya hukumatini qattiq rejimli koloniyada to‘qqiz yillik qamoq jazosini o‘tayotgan rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyning hayoti va sog‘lig‘i himoyasini ta’minlashga chaqirdi. “Uning sog‘lig‘i bilan bog‘liq vaziyat o‘ta xavotirli, koloniya ma’muriyati tomonidan davom etayotgan ta’qib va   shafqatsiz munosabat uning inson huquqlarini buzadi va Rossiyaning xalqaro majburiyatlariga ziddir”, — deyiladi huquq himoyachilari 11 may, payshanba kuni e’lon qilgan bayonotda.

Tashkilot koloniya ma’muriyati siyosatchini doimiy ravishda va o‘zboshimchalik bilan jazo kamerasiga joylashtirganini eslatdi. "Hokimiyat Aleksey Navalniyning koloniyada qolishini butunlay chidab bo‘lmas holga keltirish uchun unga qarshi juda ko‘p vositalardan foydalanmoqda.Unga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lish, kuch ishlatish va zarur tibbiy yordam ko‘rsatishdan bosh tortish Navalniy huquqlari hamda Rossiya xalqaro majburiyatlarini qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi. Buning o‘zi qiynoq yoki shafqatsiz munosabat sifatida baholanishi mumkin", - dedi AI Rossiya tadqiqotchisi Oleg Kozlovskiy.

Huquq himoyachilarining fikricha, Rossiya hukumati Navalniyni “zudlik bilan va so‘zsiz” ozod qilishi kerak, chunki u jinoiy faoliyat uchun emas, balki “o‘z huquqlarini tinch yo‘l bilan amalga oshirishga urinish” uchun sudlangan va vijdon mahkumi hisoblanadi. Amnesty International, shuningdek, Rossiya hukumatini Navalniyga nisbatan davom etayotgan asossiz jinoiy ta’qibni to‘xtatishga va unga nisbatan “terrorizmni targ‘ib qilish”, “ekstremizmni moliyalashtirish va targ‘ib qilish” va “natsizmni reabilitatsiya qilish” kabi yangi ayblovlarni olib tashlashga chaqirdi. Huquq himoyachilari Navalniyga xalqaro standartlarga muvofiq tibbiy yordam ko‘rsatilishi va toksikologik tekshiruvlar o‘tkazilishini talab qilgan.

Mavzuga oid