Jahon | 17:39 / 24.05.2023
5634
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniya mudofaa vaziri Kiyevga bordi

Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Ben Uolles e’lon qilinmagan tashrif bilan Kiyevga bordi va u yerda Ukraina mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov bilan uchrashdi. 

Foto: Reuters

Muhokama mavzulari Ukrainaning NATOga qabul qilinishi istiqbollari, shuningdek, G‘arb hamkorlari tomonidan Kiyevni keyingi harbiy qo‘llab-quvvatlash va Ukrainaning o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv istiqbollari haqidagi qarashlari bo‘ldi, deb yozdi Reznikov Twitter’da.

Ukrainaning Liga.net internet-nashri yozishicha, Uolles o‘z mamlakati Ukrainaga bergan Storm Shadow qanotli raketalarini G‘arb hamkorlari tomonidan Kiyevga taqdim etilgan «shunday turdagi birinchi qurol» deb atagan. 

O‘z navbatida, Oleksiy Reznikov Ben Uollesning shaxsiy ishtiroki tufayli Ukraina Storm Shadow’dan tashqari «boshqa ko‘plab narsalarni» olganini ta’kidladi. U bu haqda hozircha ochiq aytolmasligini bildirdi.

Buyuk Britaniya Ukrainaning London Kiyevga topshirgan uzoq masofali Storm Shadow raketalaridan foydalanganidan xabardor. Bu haqda Londonda Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Ben Uolles norvegiyalik hamkasbi Born Arild Gram bilan qo‘shma matbuot anjumanida aytib o‘tgandi. 

«Faqat aytishim mumkinki, ular Ukrainaga jo‘natilayotgani haqida e’lon qilganimizdan keyin ham foydalanishda bo‘lgan, mening ma’lumotlarimga ko‘ra, ular avvalroq qo‘llangan. Lekin tafsilotlarni keltira olmayman», - dedi Uolles. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, «jangovar qiruvchi samolyotlar kabi uzoqroq masofadagi nishonlar vayron bo‘lishini ta’minlaydigan» Storm Shadow raketalari Ukrainaga hali taqdim etilmagan zamonaviy samolyotlarning yetishmasligini qisman qoplash imkonini beradi.

Mavzuga oid