O‘zbekiston | 16:28 / 29.05.2023
18300
3 daqiqa o‘qiladi

“AES qurish – davlat uchun jiddiy mas’uliyat” - energetika vaziri

“Ish kutganimizdan sekinroq davom etayotgandir, chunki biz mumkin bo‘lgan xavflarni bartaraf etyapmiz”, – dedi Jo‘rabek Mirzamahmudov “Rosatom” bilan hamkorlikda qurilishi mumkin bo‘lgan AES haqidagi savolga javoban.

Jo‘rabek Mirzamahmudov / Foto: Energy Intelligence

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekistonda yoqilg‘i-energetika sohasini rivojlantirish borasida Energy Intelligence nashriga intervyu berdi. Vazir nashrning “Rosatom” bilan birgalikda O‘zbekistondagi ilk AESni qurish loyihasida siljish bo‘lmayotgani haqidagi savoliga ham javob bergan.

“Bu borada hech qanday siljish yo‘q demagan bo‘lardim. Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida atom energetikasi sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim doirasida hukumatlararo hamkorlik ishlari davom etmoqda. Ehtimol, ish biz kutganimizdan biroz sekinroq davom etayotgandir, chunki biz barcha jihatlarni ko‘rib chiqyapmiz, har bir detalni tekshirib, muvofiqlashtiryapmiz, mumkin bo‘lgan xavflarni bartaraf etyapmiz”, – dedi Mirzamahmudov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat parallel ravishda mashhur bo‘lib borayotgan kichik modulli reaktorlar sohasidagi so‘nggi ishlanmalarni ko‘rib chiqyapti.

“Atom elektr stansiyasini qurish davlatga ham moliyaviy, ham boshqa jihatlarga ko‘ra juda jiddiy majburiyatlar yuklaydi. Shu bois, hozir biz mavjud energiya tanqisligini bartaraf etish uchun birinchi navbatda qayta tiklanadigan energiya manbalarini jadal rivojlantirishga e’tibor qaratyapmiz.

Biroq biz atom energiyasi masalasini kun tartibidan olib tashlamadik. Zavod qurish kun tartibida – texnologiyalarni o‘rganyapmiz, kadrlar tayyorlayapmiz, hamkorlar bilan muzokaralar olib boryapmiz. Biz har qanday risklarni bartaraf etishimiz kerak”, – dedi Jo‘rabek Mirzamahmudov.

O‘zbekistonda AES qurish loyihasi haqida

2017 yil dekabrda Rossiya va O‘zbekiston hukumatlari atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish bo‘yicha kelishuv imzolagan. O‘zbekistonda quriladigan birinchi AESning qiymati 2018 yilda taxminan 11 mlrd dollarga baholangan edi. Stansiya umumiy quvvati 2,4 gigavatt bo‘lgan ikkita energoblokdan iborat bo‘lishi, u Jizzax viloyatida qurilishi reja qilingan.

“Rosatom” 2020 yil boshidayoq O‘zbekistonda AES qurishni boshlab, birinchi blokni 2028 yilda ishga tushirmoqchi edi. Bu boradagi yakuniy shartnoma hali imzolanmagan. Rossiya tomoni bir necha yildan beri shartnoma loyihasi deyarli tayyorligini aytib keladi, O‘zbekiston esa buni tasdiqlamaydi.

2022 yil oktyabr oyida prezident Shavkat Mirziyoyevning Vengriyaga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvga asosan, qurilajak AESda Vengriyaning sovitish tizimlaridan foydalanilishi belgilandi.

2023 yil noyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan iqtisodiyot forumida energetika vaziri o‘rinbosari Azim Ahmedxo‘jayev hukumat atom energiyasiga oid rejalaridan voz kechmasligini aytgandi. Forum ishtirokchilaridan biri O‘zbekiston hukumatining AES rejasi yashil iqtisodiyotga o‘tish maqsadlariga zidligini ta’kidlagandi.

Mavzuga oid