Jahon | 15:01 / 31.05.2023
48776
10 daqiqa o‘qiladi

Moskvaga dronlar hujumi. Ular qayerdan uchirilgan va qanday nishonlarni ko‘zlagandi?

Harbiy ekspert 30 may kungi hujum haqidagi asosiy savollarga qisqacha javob berdi.

Foto: Kirill Kudryavsev / AFP / Scanpix / LETA

30 may tongida Moskvadagi uchta turar joy binosiga dronlar kelib urildi. Yana bir necha uchuvchisiz uchar qurilmalar shahar tashqarisida urib tushirilgan. RF mudofaa vazirligi buni «Kiyevdagi rejim»ning «terrorchilik hujumi» deb baholadi. Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Mixaylo Podolyak esa Ukrainaning bu hujumga «bevosita aloqasi» yo‘qligini bildirdi. «Meduza» bu hujum haqida shaxsi sir saqlangan ekspert (Rossiya hukumati «istalmagan» tashkilot faoliyatidagi ishtirok uchun avvaliga jarima qo‘llashi, bu holat yil davomida takrorlansa, jinoiy ish ochib, to‘rt yilgacha ozodlikdan mahrum etishi mumkin) bilan suhbatlashdi.

— Hujumning eng ehtimolli ssenariysi qanaqa edi: dronlar Ukrainadan kelganmi yoki Rossiya hududidan uchirilganmi? 

— Idealda, menimcha, [buni qilgan tomon] maksimal darajada xilma-xil hujumni uyushtirishi kerak edi. Agar qo‘yilgan vazifa havo hujumidan mudofaa amaliyotlarini va zarbalarni kuzatishni murakkablashtirish bo‘lsa, ham Ukraina, ham Rossiya hududidan uchirilgan dronlar kombinatsiyasini qo‘llash to‘g‘ri bo‘lardi. 

Ammo biz hozir faqat taxmin qilamiz, chunki hech qanday ma’lumot yo‘q. Biz bular qanday dronlar ekani, qanday tuzilishga egaligi va qancha masofaga harakatlana olishi mumkin bo‘lganini bilmaymiz. Ehtimoliy holatlarning biriga [agar dronlar Ukraina hududidan uchirilgan bo‘lsa] ko‘ra, [Rossiya] havo hujumidan mudofaa tizimlariga savollar tug‘iladi: uchuvchisiz uchar qurilmalar qanday qilib havo hujumidan mudofaa vositalaridan qochib, bunday uzoq masofani uchib o‘tishi mumkin?

Ikkinchi holatda, agar parvozlar RF hududidan amalga oshirilgan bo‘lsa, Federal xavfsizlik xizmatiga (FSB) savol bo‘ladi: dronlarni qanday qilib Rossiya hududiga olib kirish va uchirish mumkin edi? Ushbu ssenariylardan qaysidir birining ehtimolligini baholash qiyin. Nima bo‘lganda ham, Rossiya kuch ishlatar tuzilmalariga savollar bor.

Menimcha, ularning Ukrainadan uchirilishi ehtimoli yuqoriroq edi: qolaversa, [u yerdan] dronlar muntazam ravishda Bryansk va Belgorod oblastlariga uchirilmoqda. Ular [ukrainlar] allaqachon [Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimini] paypaslab qandaydir teshikni topgan bo‘lishi kerak.

— Hujum muayyan nishonlarga (Leniskiy prospektidagi Bosh shtab akademiyasi, prezidentning Novo-Ogarevodagi qarorgohi, Rublyovkadagi obektlar) qaratilganmi yoki gap faqat qo‘rqitish aksiyasi haqida ketmoqdami? 

— Men buni ayta olmayman, chunki, aftidan, dronlarning birortasi ham nishonga yetib bormagan. Moskva janubi-g‘arbida [harbiy xarakterdagi] juda ko‘p turlicha nishonlar bor, shahar markaziga yaqinlashgan sari ularning soni ortadi. Ular qayerga uchishgani — tushunarsiz. 

Shuningdek, bu dronlarning navigatsiya tizimi qanaqa bo‘lgani ham unchalik aniq emas. Ular GPS signali bo‘yicha uchishganmi? Moskva osmonida GPS uncha yaxshi ishlamaydi, ayniqsa, agar dronni oldindan payqagan bo‘lishsa: signalni, katta ehtimol bilan, so‘ndirishadi. 

Agar ular inersial navigatsiyaga ega bo‘lgan [bo‘lsa], barchasi yanada murakkablashadi, chunki u juda noaniq ishlaydi. Bu holda bu dronlar nishondan taxminan bir xil masofada shunchaki qulab tushgan bo‘lardi — [mo‘ljallangan nuqtadan] yuzlab metr yoki kilometr masofada. Optik navigatsiya tizimi haqida gapirish, menimcha, o‘rinsiz — bu juda murakkab va qimmat. 

Shuning uchun ular qayerga uchgani — tushunarsiz. Ammo, katta ehtimol bilan, ular GPS ularni qaysidir obektga olib borishiga umid qilgan holda harakatlangan.

— Hozircha qo‘llangan dronlar turi haqida ko‘p narsa ma’lum emas, ammo ularning ayrimlari KZ-6 shaklidagi zaryadlar bilan jihozlangani haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Bunday portlovchi qurilmalar chindan ham muhim harbiy inshootlarga hujum qilish uchun ishlatilishi mumkinmi va uning vayronkor kuchi qanday?

— Biz chindan ham hujumda ishtirok etgan dronlarning turi haqida ko‘p narsa bilmaymiz. Kamida bir holatda u KZ-6 shaklidagi zaryad bilan jihozlangan. Bu minalardan tozalash, devorlarni buzish va boshqa muhandislik ishlari uchun mo‘ljallangan zaryaddir. U mustahkamlangan devor, beton yoki metall boshpanalarni teshib o‘tish uchun kerak bo‘ladi. 

Kumulyativ o‘q-dorilar zirhli texnikalarga yoki bunkerga zarba berish uchun mo‘ljallangan. Agar zarba yaxshi mustahkamlanmagan nishonga yo‘llansa, albatta, fugasdan foydalangan ma’qulroq. Snaryad imkon qadar ko‘proq odamga zarar yetkazishi mo‘ljallanganda esa, oskolkali snaryadlardan foydalaniladi. 

Men bu hujumning maqsadlari va vazifalaridan xabardor emasman. Biz hatto buni kim qilganini ham rasman bilmaymiz: ukrainlar bu ularning ishi emasligini ma’lum qilishgan, garchi, umuman olganda, bu ukrainlar edi. Katta ehtimol bilan, ular [nishonga yaqin joylashgan] odamlarga katta zarar yetkazmasdan, faqat qandaydir ulkan mustahkam qurilmaga zarba berishni istashgani uchun aynan kumulyativ o‘q-dorilardan foydalangan. Ammo nishon qanday bino bo‘lgani noma’lum.

Portlatuvchi moslama bu dronga qanday o‘rnatilgani va bu KZ-6 qanday qilib harakatga keltirilganini biz bilmaymiz. Muhandislar uni ishlatganida signal orqali portlash tizimi mavjud bo‘ladi. Ya’ni bu qandaydir zarba detonatori bo‘lganini taxmin qilish mantiqdan. U nima uchun ishlamay qolgani esa tushunarsiz. 

Agar bu [tizimning nosozligi] [Rossiyaning] radioelektron kurash vositalari aralashuvi natijasi bo‘lsa, demak, signal [dronga] qandaydir elektron interfeys orqali borgan — buni ishonch bilan aytish qiyin. Ammo qiziq jihati bor: bu dronning jangovar kallagi — qandaydir kolxozcha. Shunday tasavvur uyg‘onadiki, [uni yig‘ganlar] muhandislik portlovchi qurilmasini olishgan va uni dronga mahkamlashga uringan. Buning barchasi improvizatsiya va «tizzada turib» nimadir qilishga urinishdek ko‘rinadi. 

Bu dronni qandaydir improvizatsiya qilib yasashgandek: bir apparat planerini olishgan, unga aviatsiyaga umuman aloqasi yo‘q bo‘lgan jangovar qismni moslashtirishgan. Bu haqiqatan ham qiziq, ammo dron turi ham, uning qurilmasi tafsilotlari ham noma’lum.

— Bu hujum Rossiya havo hujumidan mudofaa va radioelektron kurash tizimlari faoliyati sifati haqida nimani ko‘rsatdi va bunday vaziyatda ularning harakatlari qanday rejalashtirilishi kerak edi? Ular dronlarning nisbatan keng ko‘lamli hujumlariga dosh bera oladimi?

 — Rossiya mudofaa vazirligi sakkizta dron qandaydir tarzda urib tushirilgani haqida ma’lum qildi, ulardan uchtasi — radioelektron kurash vositalari orqali to‘xtatilgan, beshtasi — havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan. Bunday dronlar soni ayrim nashrlarda aytilganidek ko‘proq emas, faqat sakkizta edi deb hisoblansa, vazirlik bayonoti, umuman olganda haqiqatga to‘g‘ri keladi. Hozircha ularning soni ko‘proq bo‘lgani to‘g‘risida dalil paydo bo‘lmagan. Agar ular chindan ham sakkizta bo‘lgan va barchasini urib tushirishga muvaffaq bo‘lingan bo‘lsa, Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari va radioelektron kurash vositalari umuman normal ishlagan deyish mumkin. 

Masalaning yana bir tomoni bor, agar binolarga urilgan uchta dronga radioelektron kurash vositalari tomonidan ta’sir ko‘rsatilgan bo‘lsa va [natijada] ular yoki boshqaruvni yo‘qotgan, yoki ularni qo‘ndirishga harakat qilishgan, ammo ular uyga urilgan. Bundan keyin nima qilish kerak degan savol o‘rtaga chiqadi: Moskvadek aholi zich yashaydigan shahar ustida dronlarni qanday urib tushirish kerak? Keyin ular qayerlarga qulaydi? Va Rossiya rahbariyati bu urushning moskvaliklar va boshqa [yirik] shaharlar aholisi hayotiga kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilayotgani hisobga olinsa, mudofaani qanday qurish kerak?

Hozirgi vaziyatdan kelib chiqilsa, ular [navbatdagi ehtimoliy dronlar] Moskvaning ustida ham urib tushiriladi. Agar bu nisbatan kattaroq hujum bo‘lsa, ular nimanidir o‘tkazib yuboradi (ya’ni qaysidir dronni ura olishmaydi va u shaharga kiradi), nimanidir yo‘q — ammo, aftidan, ularga hamma joyda o‘t ochishadi. 

Asosiy savol — ular [havo hujumidan mudofaa va radioelektron kurash vositalari] nima uchun oldingi hujum vaqtida dronlar Kremlgacha yetib borishiga yo‘l qo‘yishgandi? Agar ular shahar ustida urib tushirilganida nima bo‘lardi? Bu qanchalik shovqinli va shov-shuvli voqea bo‘lardi? Menimcha, ular, albatta, qaysidir vaqtga qadar bardosh berishadi. Agar bu dronlar ancha ko‘proq bo‘lsa, ular, buni uddalay olmasligi ham mumkin, ammo ular buni uddalashga harakat qilishi muhim — bu dronlar qaysi yo‘nalishda uchishidan qat’i nazar.

Mavzuga oid