O‘zbekiston | 14:12 / 01.06.2023
18295
7 daqiqa o‘qiladi

Nogironlari kamsitilayotgan Ittifoq yoxud odamlar qarg‘ishi ustiga qurilayotgan “dom”

Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumanida nogironligi bor shaxslar va kam ta’minlangan oilalar yashaydigan ko‘p qavatli turar joy majmuasi poydevori tagi kovlab tashlanib, unga taqab yana bir ko‘p qavatli uy qurilmoqda. Rasmiylarning telba-teskari izohlari esa vaziyat o‘z holiga tashlab qo‘yilganini ko‘rsatmoqda. Achinarlisi, poydevor qazish ishlari natijasida ayrim xonadon devorlari darz ketgan.

Murojaatchilarning aytishicha, 21 maydan boshlab “Tezkor shinam qurilish” xususiy korxonasi tomonidan shaharsozlik me’yorlariga zid ravishda poydevor qazish ishlari boshlangan. Quruvchi o‘z ishini davom ettirish uchun qo‘lida barcha kerakli hujjatlar borligini aytib, aholining xaqli e’tirozini e’tiborsiz qoldirgan.

Surishtiruv davomida mazkur ko‘p qavatli uylarda asosan nogiron va kam ta’minlangan oilalar istiqomat qilishi ma’lum bo‘ldi.

Fuqarolardan biri Jahongir Sodiqov e’tirozlarga qaramay quruvchi “dom” poydevori tagini qazib tashlagani, aholini pisand qilmayotgani haqida kuyunib gapirdi.

Jahongir Sodiqov

“Qurilish boshlaganlar na qaror va na loyihani ko‘rsatishdi. Kattasidan kichigigacha bizni pisand qilmaydi. Ustilaridan arz qilib tuman hokimligiga bordim. U yerdan Arxitektura boshqarmasiga jo‘natishdi. Arxitektura boshqarmasida esa holat o‘rganib chiqilishini aytishdi. Lekin asl holat o‘rganilmadi. Shu vaqt mobaynida yashash binomizning poydevori tagidan tuproq qazildi. Yomg‘ir yog‘sa yoki yer qimirlash hodisasi kuzatilsa katta talafot bo‘lmasligiga hech kim kafolat bermaydi. Janjaldan keyin qazib qo‘ygan chuqurlikni shag‘al bilan atay ko‘mib, holatni yashirishga urinishdi.

Quruvchi tashkilot arz-dodimizga quloq solmay ishini davom ettiryapti”, – deydi u.  

Ahadjon Toshqo‘ziyevning xonadoni devorlari qurilishi ishlari boshlangandan keyin darz ketgan. Quruvchi esa holatni ko‘rib turib ham devor yorilganini tan olmagan.

Ahadjon Toshqo‘ziyev

“II guruh nogironiman. Yashayotgan “dom” nogironlar uchun berilgan. Aholining tinchini buzgan quruvchilar ish boshlashdan avval biror kimsadan so‘rab o‘tirmay yerni qazishga tushishdi. Buning oqibatida uyimning fasad qismi, eng achinarlisi ichki devorlari ham darz ketdi. Quruvchini uyimga olib kirib yorilgan joyni ko‘rsatsam, u uylar eskirganligini aytib, yorilgan joyni tan olmadi. Meni yolg‘onchiga chiqardi.

Uy atrofiga manzarali va mevali daraxtlar ekib qo‘ygandim. Ularni ham qulatishdi. Uyga ko‘chib kirganimizga endigina 5 yil bo‘ldi. Yana 15 yil davomida uy kreditini to‘lashimiz kerak. Uyimning tagigacha ayanchli ravishda qazib tashlashdi. Uyda yashashga ham qo‘rqib qoldik. Quruvchilar qo‘lingdan kelganini qil, qayerga murojaat qilsang qilaver, degan gaplarni aytishdi. Ular bizni imkoniyatimiz cheklangan fuqarolar deb odam o‘rnida ko‘rishmayapti”, – deydi u. 

Fotima Sobirova poydevor qazilgandan keyin uyda yashashga qo‘rqib qolgani, aholi janjal ko‘targanidan keyin quruvchi qilgan ishini “yuvish” uchun qazilgan joyni atay shag‘al bilan berkitib tashlaganini ta’kidladi.

 Fotima Sobirova

“II guruh nogironiman. O‘g‘limga nogironlar uchun ajratilgan xonadonlardan olganmiz. O‘g‘lim ko‘zi ojizlar maktabida uy kreditini to‘lash uchun ishlaydi. Quruvchi tomonidan domimiz tagi qazilib, qurilish boshlangandan beri halovatimiz yo‘qoldi. Bu uylarda amaldor yoki boy-badavlat inson yashamagani uchun ham quruvchi bizni odam o‘rnida ko‘rmay o‘z ishini davom ettiryapti.

Ekskavatorda qazib devorlarimizning bir tomoniga shikast yetkazishdi. Qaziyotgan paytda qo‘rqib uyda o‘tira olmadik. Hozir ham tahlikada o‘tiribmiz. Ko‘rgilik qilmasin, yer qimirlasa uyimiz ag‘anab ketishi mumkin. Janjal ko‘tarib tepaga chiqqanimizdan keyin qilgan ishlarini yashirishib qazilgan joyni shag‘al tashlashib berkitib qo‘yishdi”, – deydi Fotima Sobirova.

“Tezkor shinam qurilish” xususiy korxonasi rahbari Sodiq Usmonov bilan telefon orqali suhbatlashganimizda quruvchi turar joy qurish uchun loyiha va ruxsatnoma berilgani haqida aytdi. Rahbar ayni paytda olisda ekani, yordamchisi tez orada barcha hujjatlarni taqdim etishini bildirdi. Biroq oradan ancha vaqt o‘tishiga qaramay qurilish bo‘layotgan hududga biror kimsa kelmadi. Rahbarga qilingan qayta qo‘ng‘iroq esa javobsiz qoldi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Zaylobiddin Xidirov hamda Bog‘dod tumani hokimligi qurilish bo‘limi bosh mutaxassisi Abror Komilovdan holat bo‘yicha izoh oldik.

 Zaylobiddin Xidirov

“Aholi e’tirozidan keyin qurilish boshlangan joyga kelib holatni o‘rgandik. O‘rganish jarayonida barcha hujjatlar mavjudligiga guvoh bo‘ldik. Aholi qurilishga qarshilik qilyapti. Birdan bir yechimi holat sud tomonidan ko‘rib chiqilishi kerak.

Qoidaga ko‘ra muhofaza zonasi 7 metrni tashkil qilishi kerak. Ustiga ustak qurilishi rejalashtirilayotgan binoning bir tomonida zovur joylashgan. Asli bu hududda qurilish qilish noto‘g‘ri”, – deydi Zaylobiddin Xidirov.

Bog‘dod tumani hokimligi qurilish bo‘limi bosh mutaxassisi Abror Komilov holat tegishli tashkilotlar tomonidan atroflicha o‘rganilayotgani, yakuniy xulosa bo‘yicha keyinroq ma’lumot berilishini bildirdi.

 Abror Komilov

Surishtiruv davomida ko‘p qavatli uy qurish uchun muhofaza zonasi kamida 7 metr bo‘lishi shartligi mas’ullar tomonidan tan olindi. Qurilishi rejalashtirilayotgan bino esa ko‘p qavatli uydan bor-yo‘g‘i 2 metr masofada joylashgan xolos.

Eng qizig‘i, ko‘p qavatli uy qurish uchun yer ajratish to‘g‘risida Bog‘dod tumani sobiq hokimi Alibek Tursunovning qarori chiqarilgan. Viloyat Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi boshqarmasi huzuridagi Arxitektura shaharsozlik kengashi tomonidan turar joy qurish uchun ijobiy xulosa ham berilgan. Lekin tadbirkor manfaati uchungina chiqarilgan qaror va qurilishga ruxsat beruvchi barcha hujjatlar qayta ko‘rib chiqilishi lozim. Aholining haqli e’tirozi ham inobatga olinishi shart.

Sarvar Ziyoyev
Abdusalim Abduvohidov

Mavzuga oid