O‘zbekiston | 15:32 / 02.06.2023
30136
7 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston – dunyoviy davlat. Bu nima degani? - tahlilchilar bilan suhbat

O‘zbekiston konstitutsiyasidagi 1-moddada O‘zbekiston dunyoviy davlat ekani belgilandi. Xo‘sh, dunyoviy davlat nima degani o‘zi? Dunyoviy davlatning qandaydir qolip, ko‘rinishi bormi? Bu masalada olimlar yagona konsensusga kelganmi? Ayni tushunchaning konstitutsiyada aks etishiga qanday zarurat bor edi?

Kun.uz muxbiri mavzu yuzasidan siyosatshunos Farhod Tolipov, advokat Razzoq Altiyev va jurnalist Sardor Salim bilan suhbatlashdi.

— Dunyoviy davlat qanday davlat, uning aniq ta’rifi, qoliplari bormi? O‘zbekiston uchun uning zarurati nimada edi?

Farhod Tolipov:

— Bu kabi savollar siz kabi menda ham bor. Bu uch — dunyoviy, huquqiy, ijtimoiy degan tushunchalar borasida hozircha dunyo siyosatshunoslari, ekspertlari orasida aniq bir kelishuv, yakdillik mavjud emas. Turli siyosiy doiralar turlicha bahslar bo‘ladi bu borada. Huquqiy davlat tushunchasi nega qo‘shildi, konstitutsiya va boshqa qonunlar ishlasa, shundoq ham huquqiy davlat bo‘lamiz-ku, degan gaplarni ham eshityapmiz.

Farhod Tolipov

Dunyoviy davlat tushunchasi haqida gapirsak. Bu borada aksariyat olimlar, ekspertlarda yakdillik bor, ammo aniq bir atama sifatida kiritilgani yo‘q. Lekin xalqqa, joylashuvga ko‘ra namoyon bo‘lishi har xil. Sekulyarizmni mening nazarimda 4 tomondan ko‘rib chiqsa bo‘ladi: diniy tomondan, siyosiy tomondan, falsafiy va huquqiy tomondan.

Siyosiy nuqtai nazardan qaralsa ham bir nechta tushuncha bor. Sobiq ittifoq davridan qolgan jin davlatdan ajratilgan, degan yondashuv bor. Aniqroq qilib aytilib, din emas, diniy institutlar davlatdan ajratilgan, deyiladi. Bundan tashqari, davlatda hech bir din ustuvor bo‘lmaydi, bir-biri bilan teng, davlat darajasiga chiqmaydi, kabi ta’riflar ham uchraydi. Sotsiologik nuqtai nazardan dunyoviylik diniy erkinlikni ta’minlaydi, deyiladi.

Diniy institutlar davlatdan ajratilgan bo‘ladi, degan tamoyilni ilgari sursak ham, noto‘g‘ri bo‘lib qoladi. Chunki Markaziy Osiyo davlatlarida butkul ajratilmagan.

Sardor Salim:

Sardor Salim

— Yuqoridagi fikrlarga qo‘shilaman. Sekulyarizm tushunchasi jadidchilar va bolsheviklar bilan kirib kelgan o‘zbek jamiyatiga.

Men 3 ta nuqtai nazardan yondashaman. 1. Sotsiologik nuqtai nazar: oiladagi, jamiyatdagi qonunlar qonunlarga asoslanadi, dinga emas. 2. Falsafiy nuqtai nazar: bunda ayni yashab turgan dunyoga ko‘proq e’tibor berish bo‘ladi, oxiratga emas. 3. Siyosiy sekulyarizm, ya’ni bunda din va davlatni ajratish. Aslida, bu mumkin emas. Mahatma Gandi dinni siyosatdan ajratmoqchi bo‘lgan odam siyosatni ham, dinni ham tushunmaydi, degan.

Sekulyarizmning konstitutsiya darajasiga ko‘tarilishiga sabab O‘zbekistonda aholi Islom diniga e’tiqod qilishi kuchaymoqda. Ma’lum elita qatlam vakillari tomonidan bu tahdid sifatida ko‘rilmoqda. Radikallashish va islomlashishni bir-biridan ajrata olishmayapti.

Sekulyarizm tushunchasi kiritilishi bir tomondan imkoniyat bo‘lishi mumkin. Masalan, Yevropada sekulyarizm ikki xil tushuncha, ya’ni dinga xayrixoh sekulyarizm va dinga qarshi sekulyarizm. Bizga bolsheviklar orqali dinga qarshi sekulyarizm kirib kelgan. SSSR 30-yillardan dindorlar qatag‘on qilishi shundan. Dinga xayrixoh sekulyarizm tushunchasi bo‘lsa, imkoniyat bo‘ladi bu. Yuqoridagi elitaga bog‘liq bu.

Razzoq Altiyev:

Razzoq Altiyev

— Konstitutsiyalar misolida bu tushuncha yangilik emas, ko‘plab g‘arb davlatlarida mavjud. Oldingi konstitutsiyada ham din va davlat ajratilgani belgilab qo‘yilgandi. Konstitutsiyaga sharhning namunasida dunyoviylik deganda, qonunlar ustuvorligi ta’minlanadigan, din va davlat bir-biridan ajratilgan ekani aytilgan.

Ba’zi davlatlarning konstitutsiyasida diniy qoidalarga amal qilinishi, shunga ko‘ra ish ko‘rilishi belgilangan. Faqat musulmon davlatlar emas, boshqa davlatlarda ham bor. Umuman, dunyoviy davlat ekanimizni mustaqillik e’lon qilingan davrdan e’tirof etiladi. Ya’ni vijdon erkinligi ta’minlanishining o‘zi dunyoviylik, faqat hozirgi konstitutsiyasida aniq termin sifatida kiritildi. Yurist sifatida bu narsa yangi konstitutsiyaning yutug‘i deb bilaman.

— Bu tushuncha kiritilishi fuqaro va fuqaro yoki davlat va fuqaro o‘rtasidagi munosabatlarda qanday o‘zgarishlarga olib keladi?

Farhod Tolipov:

— Mavhumlik kirib keldi degan fikrdaman men. Bu tushunchaga aniq sharh berilmas ekan, turlicha talqinlarga sabab bo‘laveradi.

Oldin ham konstitutsiyadan tashqarida diniy tashkilotlar, e’tiqod haqida qonun bor edi. O‘sha qonunda ham dunyoviylik tushunchasini ochib beruvchi bandlar bor edi. Balki o‘sha qonunlarni takomillashtirish maqsadga muvofiq bo‘lardi. Konstitutsiyaga bu tarzda mavhum qilib kiritish aytganimizdek turli yondashuvlarga sabab bo‘lishi mumkin.

Diniy idoralar orqali davlat bilvosita tarzda din ishlariga aralashmayaptimikan, degan savol qo‘yish ham mumkin. Muvofiqlashtirish bordek tasavvur paydo bo‘ladi. Ba’zi diniy muassasalar davlat budjetidan qurilyapti. Demak, ajratilmagan to‘liq.

Odamlar o‘rtasidagi munosabatlar masalasida ekspertlar bosh qotirishyapti hozir. Masalan, OTMda hijob o‘rash taqiqlangan edi ichki tartib-qoidalar orqali. Buni izohlash uchun biz dunyoviy davlatmiz deyishardi mas’ullar. Shunday turlicha holatlar bo‘lgani ham ancha vaziyatni chalkashtirib yuboradi.

Razzoq Altiyev:

— Dunyoviylik deganda, davlat din erkinligi ta’minlashi, din o‘rtasidagi totuvlikning saqlashi tushunilishi kerak. Biz bahslashayotgan holatlarga sharh berilsa, hamma tushunmovchiliklar barham topadi.

Umumiy qoidaga ko‘ra tushunmovchilik holatlari fuqaro foydasiga hal qilinadi. Ammo bunday qoidalar ilgari ham bor edi. Qay darajada ishlagani ham ma’lum.

Dunyoviy davlat tushunchasini faqat shu moddalar, qonunlar orqali muhokama qilish emas, balki shu qonunlar bilan ishlovchi xodimlar saviyasi bilan bog‘lash kerak. Xodimlar o‘z bilganicha, o‘z talqini bilan ish qilsa, qator muammolarni keltirib chiqaradi. Shuning uchun kengroq sharh, tushuntirish kerak bo‘ladi moddalar haqida.

Sardor Salim:

— Dunyoviylik tushunchasi davlat va fuqarolar tomonidan to‘g‘ri anglanilsa, ijobiy natijalar beradi, fikrimcha. Sekulyarizm ko‘proq tolerantlikka boshlaydi, yaxshi narsa bu. Lekin G‘arbiy Yevropadan ko‘r-ko‘rona o‘zlashtirish bilan tatbiq qilinmasligi kerak. Sekulyarizm tepadan bosim bilan emas, pastdan tepaga o‘sishi kerak. Biz bu sekulyarizmni o‘zimizniki qilishimiz kerak, ko‘r-ko‘rona ko‘chirish emas.

Dindor qatlamda bu noto‘g‘ri tushuniladi. Chunki ba’zi davlatlarda noto‘g‘ri talqin qilingan bu. Sababi bu narsa g‘arb koloniyalashtirishi bilan kirib kelgan aksar jamiyatlarga. Shuning uchun ham to‘g‘ri tushunishi kerak ikki tomon ham.

  • Intervyuni to‘liq shaklda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi Asror Allamurodov.

Mavzuga oid