O‘zbekiston | 17:22 / 05.06.2023
26456
4 daqiqa o‘qiladi

Nukus voqealarida ayblangan 8 nafar sudlanuvchi ozod etildi

8 nafar ayblanuvchiga nisbatan jazo qamoq jazosidan ozodlikni cheklashga o‘zgartirildi, ular sud zalida ozod qilindi. Dauletmurat Tajimuratov va uning himoyachilari shikoyatlari qanoatlantirilmasdan, sud hukmining unga oid qismi o‘zgarishsiz qoldirildi.

O‘zbekiston Oliy sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati 2022 yil 1−2 iyul kunlari Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealar yuzasidan jinoyat ishi bo‘yicha 16 nafar mahkum nomidan berilgan apellyatsiya shikoyatini ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha qaror chiqardi. Shu bilan birga, shartli hukm qilingan 4 nafar shaxsga nisbatan prokuratura protesti ko‘rib chiqildi.

Oliy sudning 2023 yil 5 iyundagi ajrimiga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining hukmi quyidagicha o‘zgartirildi: 

hukmning marhum P. Shamshetovga jazo tayinlashga oid qismi bekor qilindi. Shu bilan birga vafot etgan P. Shamshetovga tegishli bo‘lgan Nukus shahridagi J. Seitova ko‘chasida joylashgan 32-uy Jinoyat-protsessual kodeksining 290-moddasi tartibida xatlovdan chiqarilib, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasining 47 va 65-moddalari qo‘llanilgan holda marhumning merosxo‘rlariga qaytarilishi belgilandi;

B. Kadirbergenov, S. Medetov, B. Seytniyazov, Q. Seytimov, P. Nurniyazov, S. Kalimov, N. Sultamuratov, A. Temirxanov va ularning himoyachilari tomonidan berilgan shikoyatlar qanoatlantirildi.

Shunga ko‘ra:

  • B. Kadirbergenovga tayinlangan 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 5 yil ozodlikni cheklash jazosiga;
  • B. Seytniyazovga tayinlangan 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 4 yil ozodlikni cheklash jazosiga;
  • S. Medetovga tayinlangan 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 5 yil ozodlikni cheklash jazosiga;
  • Q. Seytimovga tayinlangan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 5 yil ozodlikni cheklash jazosiga;
  • P. Nurniyazovga tayinlangan 4 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 4 yil ozodlikni cheklash jazosiga;
  • S. Kalimovga tayinlangan 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 5 yil ozodlikni cheklash jazosiga;
  • N. Sultamuratovga tayinlangan 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 3 yil ozodlikni cheklash jazosiga;
  • A. Temirxanovga tayinlangan 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 5 yil ozodlikni cheklash jazosiga o‘zgartirildi.

Ularning ehtiyot chorasi tariqasida qamoqda saqlangan har bir kuni Jinoyat kodeksining 62-moddasiga asosan ozodlikni cheklash jazosining bir kuniga tenglashtirilib, tayinlangan jazodan chegirilib, barchasi sud zalida qamoqdan ozod qilindi.

D. Jiyemuratov, N. Nayipov, R. Bekmuratov, S. Kaipov, A. Tokimbetov, A. Adilbekov va ularning himoyachilarining shikoyatlari qisman qanoatlantirildi.

Shunga ko‘ra:

  • D. Jiyemuratovga tayinlangan 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 6 yil;
  • A. Tokimbetovga tayinlangan 8 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi 5 yil 6 oy;
  • A. Adilbekovga tayinlangan 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 5 yil;
  • N. Nayipovga tayinlangan 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 4 yil;
  • R. Bekmuratovga tayinlangan 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 6 yil;
  • S. Kaipovga tayinlangan 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga keltirildi.

Birinchi instansiya sudi hukmining L. Kallixanova, A. Turdanov, A. Smetullayev va A. Nuratdinovga oid qismiga nisbatan keltirilgan prokuror protesti rad qilinib, ularga tayinlangan jazolar o‘zgarishsiz qoldirildi. 

Namoyishlar tashkilotchisi sifatida ayblangan D. Tajimuratov va uning himoyachilarining shikoyatlari qanoatlantirilmasdan, sud hukmining unga oid qismi esa o‘zgarishsiz qoldirildi.

Shuningdek, sud O‘zbekiston Konstitutsiyasining 47 va 65-moddalari talablarini to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llagan holda jinoyat ishi bo‘yicha keltirilgan zararlarni qoplash maqsadida xatlangan A. Turdanov, A. Smetullayev, N. Nayipov, R. Bekmuratov, S. Kaipov, Q. Seytimov, A. Adilbekovga tegishli mol-mulklar Jinoyat-protsessual kodeksining 290-moddasi tartibida xatlovdan chiqarilib, egalariga qaytarilishi belgilandi.

Hukmning qolgan qismi o‘zgarishsiz qoldirildi.

Mavzuga oid