Jahon | 17:33 / 06.06.2023
13205
3 daqiqa o‘qiladi

Kaxovka GES vayron bo‘lganidan keyin dunyoda bug‘doy narxi ko‘tarildi

Foto: AP

Kaxovka GES vayron bo‘lganidan keyin bug‘doy fyucherslari 3 foizdan ortiq oshdi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu jahon bozorida g‘alla narxi ko‘tarilishining boshlanishiga bog‘liq bo‘lishi va vaziyat «dahshatli oqibatlar va katta xavf» bilan kuchayishi mumkin.

Chikago fond birjasida iyul oyi uchun bug‘doy yetkazib berish fyucherslari Kaxovka GES vayron bo‘lishi fonida 3 foizdan ko‘proqqa oshdi, deb yozadi Bloomberg. 6 iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 16:35 holatiga ko‘ra, ular 644,5 dollardan (+3,29 foiz) sotildi. Iyul oyida makkajo‘xori yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar narxi 1,55 foizga ko‘tarilib, 606,75 dollarni tashkil qildi. 

Bloomberg ta’kidlashicha, Kaxovka GES g‘alla bitimida ishtirok etayotgan Ukrainaning uchta portidan uzoqda joylashgan, biroq suv toshqini odamlar, transport va logistika uchun jiddiy xavf tug‘diradi. «SovEkon» qishloq xo‘jaligi konsalting kompaniyasi menejyeri Andrey Sizov o‘zining Twitter sahifasida vaziyat «dahshatli oqibatlarga olib keladigan va katta xavfga ega bo‘lgan katta keskinlashuv» kabi ko‘rinayotganini yozdi. Sizovning so‘zlariga ko‘ra, bu g‘alla narxi ko‘tarilishining boshlanishi bo‘lishi mumkin. 

6 iyunga o‘tar kechasi Kaxovka GESning to‘g‘oni buzildi. Voqea sodir bo‘lgan hududda suv sathi 10 metrga ko‘tarilgan, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, o‘nlab aholi punktlari suv bosishi xavfi ostida qolgan. Novaya Kaxovka shahrining GESdan 5 km uzoqlikda joylashgan ko‘chalari suv ostida qoldi, u yerda favqulodda holat rejimi joriy etildi. Ukraina va Rossiya rasmiylari elektr stansiyasi ta’mirlab bo‘lmas holatga kelib qolganini bildirmoqda.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Twitter’da sodir bo‘lgan voqeada Rossiya tomonini aybladi. Kreml to‘g‘onni buzishda Moskvaning ishtiroki borligi haqidagi ayblovlarni rad etdi. Moskvaga ko‘ra, bu - Ukraina tomonining «diversiyasi». Rossiya Tergov qo‘mitasi tomonidan Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismi «a», «v» bandlari (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan kelishuv asosida sodir etilgan va katta miqdorda mulkiy zarar va boshqa og‘ir oqibatlarga olib kelgan terrorchilik harakati) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mavzuga oid