«Yuksalish» qiynoqlarga barham berishga qaratilgan 10 ta taklif ishlab chiqdi
Ichki ishlar organlari xodimlari qo‘lida navbatdagi qo‘lga olingan shaxs vafot etishi ortidan «Yuksalish» harakati ichki ishlar idoralarida qiynoqlarga barham berish maqsadida 10 ta taklif ishlab chiqqanini e’lon qildi. Unda qiynoq holatlari yuzasidan IIV rahbariyati jamoatchilikka batafsil axborot berishi, ichki ishlar organlariga ishga qabul qilish isloh qilinishi kabi takliflar joy olgan.
«Yuksalish» umummilliy harakati «ichki ishlar idoralari ayrim xodimlarining g‘ayriqonuniy harakatlari, shu jumladan qiynoqqa solish holatlari keng jamoatchilik e’tirozlariga sabab bo‘layotgani»ni ta’kidlab, qiynoqlarga barham berish maqsadida 10 ta taklif ishlab chiqqanini e’lon qildi.
«Uchrayotgan qiynoq holatlari, O‘zbekistonning bugungi milliy va xalqaro imijiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi lozim. Ushbu holatlar davlatimiz rahbari olib borayotgan insonparvarlik va inson qadri ustuvorligi tamoyillariga zid ekanligini ta’kidlaymiz», deyiladi «Yuksalish» xabarida.
Harakat keng jamoatchilik fikri va soha ekspertlariga tayangan holda, qiynoqlarga barham berish maqsadida zudlik bilan quyidagi eng muhim ishlar amalga oshirilishi zarur, deb hisoblaydi:
- Avvalo, so‘nggi ro‘y bergan qiynoq holatlari yuzasidan Ichki ishlar vazirligi rahbariyati batafsil axborot berishi hamda tizimda qiynoqlarga barham berish bo‘yicha aniq rejalarini jamoatchilikka taqdim etishi kerak;
- Bundan buyon, muntazam ravishda har bir qiynoq va boshqa inson sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi holatlar bo‘yicha IIV rahbariyati tomonidan shaxsan jamoatchilikka axborot berib borish amaliyotini kiritish lozim;
- Jinoyat sodir etganlikda gumon qilinib ushlangan shaxsning huquqlari sodda tilda tushuntirilganligi haqida tilxat olish amaliyotini joriy etish;
- Jinoyat sodir etganlikda gumonlanib ushlangan shaxsning prokuror bilan uchrashish talabini darhol qondirish bo‘yicha huquqini qonunchilikda mustahkamlash;
- Hibsga (qamoqqa) olinganlarning rasman qamoqda saqlash joylari deb e’tirof etilgan joylarda saqlanishini, ularning saqlanayotgan joylari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni manfaatdor tomonlar, shu jumladan qarindoshlari, do‘stlari va jamoat tashkilotlari uchun ochiq bo‘lishini ta’minlash maqsadida onlayn ma’lumotlar bazasini yaratish;
- Shaxsni hibsga olishda «Miranda qoidasi»ni qo‘llash bilan bog‘liq harakatlarni talab darajasida amalga oshirmaganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi qonun loyihasini zudlik bilan parlamentga kiritish;
- Milliy preventiv mexanizm doirasida ichki ishlar idoralarining vaqtincha saqlash hibsxonalari va ushlab turish joylariga jamoatchilik vakillarining monitoring tashriflarini tashkil etish va doimiy amalga oshirish mexanizmini ishlab chiqish;
- Ichki ishlar organlariga ishga qabul qilish, xodimlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini qayta ko‘rib chiqish, xususan, tegishli tuzilmalar xodimlarini jinoyat protsessi ishtirokchilarining huquqlarini bilishi, xodimlarning psixologik holatini stress-testdan o‘tkazish tizimini isloh qilish;
- Har bir ushlab turish va hibsga olish vakolatiga ega bo‘lgan davlat organlari huzurida Jamoatchilik kengashlarini tashkil etish, Kengash tomonidan tegishli davlat idorasining faoliyati davomida inson huquqlarining ta’minlanishi va poymol etilmasligi yuzasidan doimiy jamoatchilik maslahatlashuvlari va monitoringlarni o‘tkazish mexanizmlarini ishlab chiqish;
- Qiynoqlar, inson sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish bilan bog‘liq, jamoatchilikda rezonans uyg‘otgan jinoiy ishlar yuzasidan ochiq va sayyor sud majlislarini tashkil etish, ularni OAV orqali onlayn translatsiya qilish amaliyotini keng joriy etish.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida chorva o‘g‘irlashda gumonlangan 36 yoshli fuqaro Usmon Salimboyev IIB xodimlarining noqonuniy so‘roq qilishi va jarohat yetkazishi oqibatida vafot etgandi. Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati voqeaga sababchi ikki xodim hibsga olingani, tuman IIB rahbariyati esa ishdan bo‘shatilganini ma’lum qilgan.
Mavzuga oid
10:54 / 06.12.2024
Rossiyada farzandini qiynoqqa solgan o‘zbekistonlik ayol qamaldi
17:29 / 21.11.2024
Bo‘kada 20 yoshli homilador ayol operatsiya vaqtida vafot etdi
18:23 / 26.08.2024
Qiynoq oqibatidagi o‘lim holatlari uchun javobgarlik kuchaytiriladi
10:59 / 21.08.2024