O‘zbekiston | 09:19 / 09.06.2023
9676
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondan tarvuz eksporti may oyida rekord darajaga yetdi

East-Fruit.com ixtisoslashtirilgan axborot-tahliliy portalida «O‘zbekistondan tarvuz eksporti may oyida rekord darajaga yetdi, iyun oyida esa 100 ming tonnadan oshishi mumkin» sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Foto: Pixabay

Nashrning yozishicha, o‘zbek tarvuzlarini tashqi bozorlarga eksport qilish 2023 yil may oyining birinchi o‘n kunligida boshlangan. «Mamlakatdagi juda issiq ob-havo tufayli tarvuzlar  odatdagidan deyarli bir haftaga erta pishdi, - deyiladi portalda. - Ommaviy eksport may oyining o‘rtalarida boshlangan va shundan buyon O‘zbekiston 30 ming tonnadan ortiq tarvuz sotib, eksport mavsumi boshlanishida tarixiy rekord o‘rnatdi».

East-Fruit.com ma’lum qilishicha, dastlabki savdo statistikasiga ko‘ra, 2023 yil may oyida O‘zbekiston 30,4 ming tonna tarvuz sotgan, bu 6,5 million AQSh dollari daromad keltirgan. Eksport hajmi o‘tgan yilning shu oyiga nisbatan 9 barobar, 2021 yil may oyiga nisbatan esa 12 baravarga oshdi. 

«Ushbu hajmning 99 foizdan ortig‘i Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlariga jo‘natilgan, biroq asosiy qismi an’anaviy ravishda Qozog‘iston va Rossiya bozorlariga to‘g‘ri keladi, - deyiladi maqolada. - 2023 yil may oyining so‘nggi o‘n kunligida O‘zbekiston 29 ming tonnaga yaqin tarvuz eksport qildi, bu kuniga o‘rtacha 2,6 ming tonnani tashkil etdi. Binobarin, eksport hajmi iyun oyida yuqori bo‘lishi kutilmoqda».

Materialda ta’kidlanishicha, o‘zbek tarvuzlarining joriy eksport mavsumining bunday yuqori o‘sish bilan boshlanishi 2023 yil oxiriga kelib O‘zbekiston ushbu mahsulot bo‘yicha o‘tgan yilgi sotuv rekordini yangilashi mumkinligidan dalolat beradi. O‘zbekistonda tarvuz eksporti mavsumi odatda may oyidan boshlanib, noyabr oyining o‘rtalariga qadar davom etadi.

Mavzuga oid