Jahon | 08:54 / 10.06.2023
14794
2 daqiqa o‘qiladi

Greta Tunberg maktab o‘quvchisi sifatida so‘nggi norozilik namoyishida qatnashdi

Fridays for Future harakati tashabbuskori juma kunlari norozilik namoyishlarini davom ettirishini bildirdi, ammo texnik jihatdan bu endi maktab o‘quvchisining namoyishlari bo‘lmaydi.

Foto: Reuters

Shvetsiyalik ekofaol Greta Tunberg 9 iyun, juma kuni atrof-muhitni himoya qilish uchun maktab o‘quvchisi sifatida so‘nggi norozilik namoyishini o‘tkazdi.

"Maktab o‘quvchisi sifatidagi namoyishlarning 251-haftasi. Bugun men maktabni tugatmoqdaman, shu sababli endi iqlim uchun norozilik namoyishi o‘tkazolmayman. Shuning uchun bu mening maktabdagi oxirgi namoyishim", - deb yozdi Tunberg Twitter sahifasida.

Shu bilan birga, 20 yoshli faol juma kunlari norozilik namoyishlarini davom ettirishiga ishontirdi, garchi texnik jihatdan bu endi maktab namoyishlari bo‘lmaydi. "Qo‘limizdan kelganini qilishdan boshqa ilojimiz yo‘q. Jang endigina boshlandi", dedi u.

2018 yil avgust oyida, Shvetsiyadagi parlament saylovlaridan bir hafta oldin, Greta Tunberg Stokholmda iqlim bo‘yicha birinchi aksiyasini o‘tkazdi. 15 yoshli maktab o‘quvchisi siyosatchilarni Yerdagi harorat Tselsiy bo‘yicha bir yarim darajadan ortiq ko‘tarilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun shoshilinch choralar ko‘rishga majburlamoqchi bo‘lgan. Tez orada Gretadan o‘rnak olgan dunyo bo‘ylab boshqa maktab o‘quvchilari ham juma kunlari maktabni tashlab, iqlim bo‘yicha namoyish o‘tkazishdi.

Mavzuga oid