O‘zbekiston | 16:56 / 13.06.2023
17235
3 daqiqa o‘qiladi

OTP bank Ipotekabankni sotib oldi

O‘zbekistonning beshinchi yirik banki bo‘lmish “Ipotekabank”ning 73,7 foiz ulushi (davlat ulushining 75 foizi) Vengriya banki nazoratiga o‘tdi. OTP bank O‘zbekiston hukumati bilan kelishilgan xarid summasini 13 iyun kuni o‘tkazib bergan.

Foto: Ipotekabank

Vengriyaning OTP banki “Ipotekabank”ning 75 foiz ulushini sotib oldi. Bitim doirasida tranzaksiya amalga oshirilib, 13 iyundan bank OTP bank boshqaruviga o‘tgan. Bu haqda “Ipotekabank” matbuot xizmati xabar bermoqda.

Hozirda O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi qo‘lida qolgan 25 foiz ulushni OTP bank 3 yillik muddatda sotib oladi.

OTP bank 2020 yil oxiridan buyon O‘zbekiston hukumati bilan mamlakat bank sektorini xususiylashtirishda ishtirok etish imkoniyatlari bo‘yicha muzokaralar olib borgandi. 2022 yilning dekabr oyida Toshkent shahrida tomonlar mamlakatning beshinchi yirik moliyaviy xizmatlar ko‘rsatuvchi muassasasi – “Ipotekabank”ning davlatga tegishli 100 foizini (umumiy bank aksiyalardagi ulushi taxminan 98 foiz) OTP bank tomonidan sotib olish yuzasidan oldi-sotdi shartnomasini imzolagan.

2023 yil 13 iyun kuni bitim doirasida tranzaksiya amalga oshirildi.

“OTP bank “Ipotekabank”ning 73,71 foiz egaligi bilan asosiy aksiyadoriga hamda bilvosita bankka tegishli moliyaviy lizing bilan shug‘ullanuvchi “Ipoteka lizing” va sug‘urta xizmatlarini taklif qiluvchi “Imkon-Sug‘urta” jamiyatlarining egasiga aylandi”, – deyiladi rasmiy xabarda.

Bank xabarida aytilishicha, tranzaksiya amalga oshgandan keyingi maqsad, muvaffaqiyatli integratsiya jarayonini o‘tkazishdir. Qo‘shimcha qilinishicha, “Ipotekabank” mijozlaridan ushbu (egalik huquqini o‘tkazish bilan bog‘liq) bitim hech qanday harakatlarni amalga oshirishni talab etmaydi va ularga integratsiya jarayonlari bilan bog‘liq o‘zgarishlar haqida o‘z vaqtida ma’lumotlar taqdim etiladi.

Tranzaksiya qiymati ochiqlanmagan. Biroq avvalroq, xususiylashtirish masalalari bo‘yicha prezident huzurida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda, OTP banki “Ipotekabank”ni 324 mln dollarga sotib olgani ma’lum qilingandi.

2022 yil dekabr oyida oldi-sotdi shartnomasini imzolash chog‘ida tomonlar “Ipotekabank” xususiylashtirilgach, uning nomi o‘zgarishsiz qolishini bildirgan.

OTP guruhi haqida

OTP guruhi – Markaziy va Sharqiy Yevropa mintaqasidagi yetakchi bank guruhlaridan biri. Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropaning 12 mamlakatida 41 mingdan ortiq xodimga ega guruh 17,5 milliondan ortiq mijozlarga universal moliyaviy xizmatlar ko‘rsatadi.

Markaziy va Sharqiy Yevropa mintaqasi bank sektoridagi faol moliyaviy birlashtiruvchi sifatida guruh 2000 yillardan boshlab 23 ta bankni sotib olgan va birlashtirgan. Hozirgi vaqtda bank Vengriya, Bolgariya, Serbiya, Chernogoriya va Sloveniyada bozor yetakchisi hisoblanadi. Bosh ofisi Vengriyada joylashgan OTP guruhi 1995 yildan beri Budapesht fond birjasida ro‘yxatga olingan.

Mavzuga oid