«Titan» batiskafini qidirish: qutqaruvchilar «suv ostidagi shovqinlar»ni payqashgan
Shimoliy Atlantikada yo‘qolib qolgan «Titan» suvosti apparatini qidirish ishlari davom etmoqda, u bilan aloqa yakshanba kuni uzilib qolgandi.
Polar Prince tadqiqotchi kemasi batiskaf ekipaji bilan aloqani «Titanik» qoldiqlari tomon sho‘ng‘ish boshlanganidan 45 daqiqa o‘tib yo‘qotgan. Mutaxassislarning baholariga ko‘ra, bortdagi besh kishi uchun qolgan kislorod zaxirasi taxminan 30 soatga yetadi - bu esa, kislorod payshanba kuni Grinvich bo‘yicha soat 10:00 da tugaydi, deganidir.
AQSh sohil xizmati Kanadaning P-3 samolyoti «suv ostidagi shovqinlar»ni payqagani haqida xabar berdi. Bu har yarim soatda eshitilgan taqillatishga o‘xshash ovoz.
Hukumat xabarlaridan birida aytilishicha, qidiruv hududiga to‘rt soatdan keyin qo‘shimcha gidrolokatsiya uskunalari o‘rnatilganda (signallar aniqlanganidan keyin) ovoz eshitilgan va «bu omon qolganlarning umidvor ekanligidan dalolat beradi».
Chorshanba kungi vaziyat quyidagicha:
Chorshanba kuni tongda AQSh sohil xizmati «shovqinlarning kelib chiqish manbayini aniqlash uchun masofadan boshqariladigan apparatlar boshqa joyga ko‘chirilgani, dastlabki qidiruvlar ijobiy natija bermagani, ammo ish davom ettirilayotgani» haqida xabar berdi.
Avvalroq Amerikaning ikki nashri AQSh Ichki xavfsizlik departamentining ma’lumoti sizdirilgani, unda Kanadaning suv ostini o‘rganishga mo‘ljallangan vositalar bilan jihozlangan boshqa bir P-8 rusumli samolyoti ham suv ostidagi shovqinlarni eshitgani haqida xabar berdi.
AQSh sohil xizmati kapitani Jyeymi Frederik, seshanba kunining ikkinchi yarmi holatiga ko‘ra, Amerika va Kanada sohil xizmati kemalari va boshqa xususiy kemalar 7600 kvadrat mil maydonni tekshirib chiqishgani haqida xabar bergan.
Ekspeditsiya rahbari Devid Mirnsning so‘zlariga ko‘ra qidiruv ishlari olib borilayotgan hududga trubalar yotqizish uchun tijoriy kema ham kelgan.
«Biz umid qilamizki, u suv osti apparatini qidirish va uni yuqoriga ko‘tarish uchun shunday chuqurlikka - 3800 metrga tushish imkoniyatiga ega. Bu ro‘y berishiga qanchadir umid bor», degan u BBC muxbiriga.
Polar Prince kemasi yakshanbaga o‘tar kechasi Atlantika okeanida 110 yil muqaddam «Titanik» kemasi halokatga uchragan joyga yetib borgan. «Titan» batiskafi yakshanba kuni tongda sho‘ng‘ishni boshlagan, ammo mahalliy vaqt bilan soat 09:45 da, sho‘ng‘ish boshlanganidan bir soat-u 45 daqiqa o‘tib suv yuzasidagilar bilan aloqani yo‘qotgan.
Polar Prince ekipaji «Titan» bilan aloqa uzilgani haqida AQSh sohil xizmatiga darhol xabar bermagan: ular bu haqda taxminan soat 17:45 da - sakkiz soat o‘tganidan keyin xabardor qilingan. Shundan so‘ng xizmatning Bostondagi qo‘mondonlik markazi qidiruv ishlarini muvofiqlashtirishga kirishgan.
Taxminlarga ko‘ra, batiskaf Nyufaundlend orolining eng sharqiy shahri bo‘lmish Sent-Jonsondan taxminan 1450 km sharqda va 650 km janubda g‘oyib bo‘lgan.
AQSh sohil xizmati kontr-admirali Jon Moger dushanba kuni qidiruv ishlari ikki yo‘nalish bo‘yicha olib borilayotganini ma’lum qildi: «Titan» suv yuzasiga chiqqan, ammo qandaydir sababga ko‘ra aloqani yo‘qotgani ehtimolini hisobga olgan holda suv yuzasida hamda suv ostida gidrolokatsiya qidiruvi.
Avvaliga batiskafni exolotlar (dengiz chuqurligini elektr akustik usul bilan o‘lchaydigan asbob) bilan qidira boshlashgan, keyin, seshanba kuni voqea j oyiga boshqaruvchisiz tushiriladigan apparatni olib kelishgan va qidirish ishlariga jalb etishgan.
Sohil qo‘riqlash xizmati suvosti kemasini suv yuzasida qidirish ishlari uchun ikkita C-130 Hercules samolyotini yuborgan, ularga Kanadaning suvosti sonarlari bilan jihozlangan C-130 va P8 samolyotlari qo‘shilgan.
Hududga gidroakustik buylar (suvosti kemalari signallarini ushlovchi suzgichlar) joylashtirildi.
Jon Moger, agar batiskaf suv ostidan topilsa, uni qutqarish uchun qo‘shimcha mutaxassislar talab qilinishini aytdi.
AQSh mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari Mayk Malroy BBC uchun intervyusida aytishicha, «Titan»ni faqatgina AQSh dengiz flotining masofadan boshqariladigan maxsus suvosti kemalarigina suv yuzasiga ko‘tarishi mumkin.
Kema bortida kimlar bor edi?
Bortda bo‘lgan besh kishidan to‘rt nafarining shaxsi ma’lum: bular britaniyalik 58 yoshli biznesmen va tadqiqotchi Hemish Harding, pokistonlik 48 yoshli biznesmen Shahzoda Dovud va uning 19 yoshli o‘g‘li Sulaymon, shuningdek fransiyalik 77 yoshli tadqiqotchi Pol-Anri Narjole.
Harding Dubayda joylashgan, biznes-jyetlar savdosi va operatsiyalari bilan shug‘ullanuvchi Action Aviation kompaniyasi rahbari.
18 iyun kuni uning firmasi tvitterda «Titan» sho‘ng‘ishni muvaffaqiyatli boshlagani haqida xabar berdi.
Seshanba kuni Dovudning oilasi u va uning o‘g‘li Sulaymon Atlantika okeanida halokatga uchragan «Titanik» kemasini ko‘rish uchun sayohatga otlangani, ayni paytda ularning suvosti kemasi bilan aloqa uzilgani va ma’lumotlar cheklangani haqida bayonot berdi.
«Biz hamkasblarimiz va do‘stlarimiz tomonidan ko‘rsatilgan g‘amxo‘rlik uchun juda minnatdormiz va barchadan ularning xavfsizligi uchun ibodat qilishni so‘raymiz. Shu bilan birga, oilaga maxfiylikni saqlab qolishga imkon berishni ham so‘rab qolamiz», deyiladi oila bayonotida.
Dovud Pokistondagi eng boy oilalardan birining a’zosi va yerosti sivilizatsiyalarini izlash bo‘yicha SETI institutining ishonchli vakili.
Hardingning Facebook’dagi postiga ko‘ra, sho‘ng‘ish boshlanishidan oldin fransuz tadqiqotchisi Pol-Anri Narjole ham batiskaf bortida bo‘lgan. OAV ma’lumotiga ko‘ra, jamoada suvosti sayohatini tashkil qilgan OceanGate bosh direktori Stokton Rush ham bor edi.
«Titan» u yerda nima qilayotgandi?
Sho‘ng‘ish uchun suvosti kemalari ishlab chiquvchi OceanGate kompaniyasi saytida 2021 va 2022 yillarda «Titanik» qoldiqlariga uyushtirilgan muvaffaqiyatli ekspeditsiyalardan so‘ng kompaniya har yili shu kabi sayohatlarni tashkil qilishni rejalashtirayotgani aytilgan.
12 sho‘ng‘ishdan iborat ekspeditsiyalardan biri 2023 yilning yoziga mo‘ljallangan edi.
Kompaniyaning tvitter sahifasida dastlabki bir necha tur qanday o‘tgani haqida postlar bor.
Kompaniya xususiy mijozlardan cho‘kib ketgan afsonaviy laynerni ko‘rish va sakkiz kunlik ekspeditsiyada qatnashish uchun 250 ming dollar oladi.
OceanGate bunday sayohatni «kundalik hayotdan tashqariga chiqish va o‘zing uchun haqiqatan ham g‘ayrioddiy bo‘lgan qandaydir narsani kashf qilish imkoniyati» deb ataydi.
Xabarga ko‘ra, «Titanik»ka bir marta borish va suv yuzasiga qaytib chiqish uchun taxminan sakkiz soat vaqt ketadi.
«Titanik» Kanada shimoli-sharqidagi Nyufaundlend orolidan 600 km uzoqlikda, Atlantika okeanining 3800 metrlik tubida joylashgan.
Nima ro‘y bergan bo‘lishi mumkin?
Chuqur dengiz transporti bo‘yicha ekspert, Londondagi Universitet kolleji professori Alister Greyg BBC nashri bilan suhbatda voqealar rivojining bir necha variantlarini sanab o‘tgan.
Ulardan biriga ko‘ra, «Titan»da avariya yuz bergan va kema ballastni (kemaning to‘g‘ri suzishi va barqarorligini ta’minlovchi maxsus yuk) tashlab, suv yuzasiga ko‘tarilgan.
«Agar ta’minot quvvati yoki aloqa uzilishi sodir bo‘lgan bo‘lsa (bu yuz berishi mumkin) suvosti kemasi suv yuzasida uni topishlarini kutib suzib yuradi», deydi u.
Uning aytishicha, yana bir ssenariyga ko‘ra, suvosti kemasining korpusi shikastlangan va suv bilan to‘la boshlagan. «Bu holda prognoz unchalik yoqimli emas», degan Greyg.
Professor Greygning so‘zlariga ko‘ra, agar kema dengiz tubiga tushgan bo‘lsa va o‘z kuchi bilan suv yuzasiga ko‘tarila olmasa, unda variantlar juda kam qoladi.
«Garchi suvosti kemasi hali butun bo‘lsa ham, agar u 200 metrdan ortiq chuqurlikda bo‘lsa, bunday chuqurlikka tusha oladigan kemalar juda kam va g‘avvoslar bunday tubga umuman tusha olmaydi. Harbiy-dengiz kuchlarining suvosti kemalarini qutqarishga mo‘ljallangan apparatlari, shubhasiz, «Titanik»ka yaqin chuqurlikka tusha olmaydi», deydi professor.
2022 yili «Titanik» hujjatli filmini suratga olgan BBC Travel Show direktori Saymon Platsning so‘zlariga ko‘ra, OceanGate kompaniyasining bosh direktori va asoschisi Stokton Rush yo‘lovchilar dengiz sayohati davomida «Titanik» qoldiqlarini ko‘ra olishiga hech qanday kafolat bermaydi va bu juda xavfli ish ekani haqida ogohlantiradi.
Platsning aytishicha, suvosti kemasi ba’zan ishlamay qolishi mumkin bo‘lgan innovatsion texnologiyalar yordamida boshqariladi.
«Menda ba’zida ishlar noto‘g‘ri ketishi mumkin degan taassurot paydo bo‘ldi. Ammo men suvosti kemasida bo‘lganimda, falokat yuz berishi mumkinligiga hech qanday belgilar yo‘q edi», deydi Plats.
Avstraliyaning suvosti kemalarini qutqarish loyihasi sobiq direktori Frenk Ouenning BBC nashriga aytishicha, batiskafdagi odamlarning vazifasi xotirjamlikni saqlash va kislorodni ortiqcha sarflamaslikdir.
«Agar ular vahimaga tushsa yoki juda ko‘p harakat qilsa, kislorod zaxirasi tugashi tezlashadi», deya eslatdi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ikkinchi muammo «Titan»ni qidirishdir. Uni suv yuzasida aniqlash nisbatan oson, biroq suv ostida ancha qiyin.
«Titan» haqida nimalar ma’lum?
«Titan» besh o‘rinli suvosti kemasi bo‘lib, 4000 metrgacha chuqurlikka tushish va uch uzel, taxminan 5,5 km/soat tezlikda harakatlanish uchun mo‘ljallangan.
G‘avvoslarni cho‘kib ketgan «Titanik»ka yetkazishdan tashqari, qurilma suv osti relyyefini o‘rganish va tekshirish, tadqiqot o‘tkazish va filmlarni suratga olishda ma’lumotlarni yig‘ish uchun ishlatiladi. Shuningdek, ular uchun uskunalar va dasturiy ta’minotning yangi namunalarini sinovdan o‘tkazadi.
OceanGate kompaniyasi vakillari so‘zlariga ko‘ra, «Titan» eng zamonaviy yoritish va suv osti navigatsiya tizimlari, shuningdek, ichki va tashqi 4K video va suratga olish uskunalari bilan jihozlangan.
OceanGate saytida aytilishicha, besh kishilik suvosti kemasi real vaqt rejimida ishlovchi korpus monitoringi tizimi bilan jihozlangan.
Suv osti sayohati paytida maxsus datchiklar korpusdagi bosim o‘zgarishini kuzatib boradi va uning yaxlitligini baholaydi.
«Ushbu bort monitoring tizimi pilotga sho‘ng‘ishni to‘xtatish va yer yuzasiga xavfsiz qaytish uchun yetarli zaxira bilan erta ogohlantirish beradi», deyiladi kompaniya xabarida.
CBS nashri 2022 yili o‘z muxbiri Devid Pogni OceanGate batiskafida cho‘kib ketgan «Titanik»ni ko‘rishga jo‘natgan edi.
Pogning so‘zlariga ko‘ra, sho‘ng‘ishdan oldin u yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oluvchi hujjatga imzo chekkan. Hujjatda, xususan, «Titan» davlat sertifikatiga ega bo‘lmagan eksperimental kema bo‘lib, unda sho‘ng‘ish jarohat yoki o‘limga olib kelishi mumkinligi aytilgan.
Keyin OceanGate bosh direktori Stokton Rush Pog uchun kema bo‘ylab ekskursiya uyushtirgan. Bu ekskursiya davomida kemada faqat bitta tugma borligi va boshqaruv videoo‘yin kontrolleri tomonidan amalga oshirilishi ayon bo‘lgan.
Mavzuga oid
19:53 / 26.11.2024
NASA Saturn yo‘ldoshiga o‘z missiyasini uchiradi
18:24 / 11.10.2023
«Titan» batiskafining qoldiqlari topildi
14:57 / 11.07.2023
«Titan»ning sirli halokati: batiskaf korpusi muddati o‘tgan mahsulotdan yasalgan bo‘lishi mumkin
23:57 / 06.07.2023