Prigojin va uning yollanma jangchilarini Belarusda nima kutmoqda?
So‘nggi kunlarning voqealari Putin va Lukashenkoning Prigojin «Belarusga yo‘l olishi» to‘g‘risidagi kelishuvi naqadar palapartish bo‘lganini ko‘rsatmoqda. 23–24 iyun kungi isyon tashkilotchisi va uning gumashtalari u yerda nimalar bilan mashg‘ul bo‘lishini hozir hokimiyat ham, tahlilchilar ham bilishmayapti.
Chunki xususiy harbiylashgan kompaniyani tuzgan insonni Belarus bilan hech narsa bog‘lamaydi. Hozircha Aleksandr Lukashenko mamlakat mudofaa vaziriga «Vagner» jangarlarining tajribasini o‘rganishni buyurdi, biroq Belarus hech kim bilan urushga hozirlik ko‘rmayapti, deb yozadi BBC.
Ilk qo‘l siqishishdan 21 yil o‘tib
«Lukashenko vaziyatni tartibga solish bo‘yicha vositachilik qilishi haqida chindan ham ikki prezident shartlashib olishdi. Gap shundaki, Aleksandr Grigorevich azaldan, 20 yillardan buyon Prigojin bilan tanish, bu uning shaxsiy tashabbusi bo‘ldi va keyin u prezident Putin tomonidan ma’qullandi», — deya tushuntirdi RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Belarus prezidentining «Vagner» XHK tomonidan isyon qilishga urinishiga aralashganini.
Aslida, Lukashenko va Prigojinning azaldan «shaxsan tanishligi» biroz mubolag‘a. Rossiya nashrlari ma’lumotiga ko‘ra, Prigojin va Lukashenko 2000-yillar boshida Sankt-Peterburgdagi New Island restoranida tanishgan bo‘lishi mumkin. Restoranni Prigojin ochgan, Putin u yerda bir necha muhim mehmonlar — Jak Shirak, kichik Jorj Bush kabilarni qabul qilgan. Bunday uchrashuvlar mobaynida Prigojin ofitsiantlik qilgan. O‘sha joyda Putin 2002 yilda Lukashenko bilan kechki ovqat tanovul qilgan. Ko‘rsatilgan xizmat Lukashenkoga shunchalik yoqib tushganki, u Prigojinga tashakkur bildirib, qo‘lini siqib qo‘ygan.
«Bu shunchaki oniy fursatda o‘tgan tanishish deyish mumkin, keyinchalik ular o‘rtasida alohida tilga olish mumkin bo‘lgan hech qanday tanishuv ro‘y bermagan», — deydi siyosatshunos Artyom Shraybman.
Biroq, 2020 yilda ularning har ikkisi o‘sha yilning g‘alati siyosiy voqeasi qahramonlariga aylanishdi.
Bir xil kiyimli turistlar
2020 yil iyul oyi oxirlarida «BelTA» davlat axborot agentligi kuchishlatar tizimlarga havola qilib, Belarusda davlatga qarshi fitna ochilganini e’lon qildi: mamlakatga «saylov kampaniyasi davrida barqarorlikni izdan chiqarish uchun» ikki yuz nafarga yaqin jangarilar kelgani xabar qilindi. Ular «rossiyalik turistlar uchun xos bo‘lmagan xatti-harakati va harbiy stildagi bir xil kiyimlari bilan» e’tiborga tushgan.
«Spirtli ichimliklar ichishmagan, ko‘ngilochar maskanlarga borishmagan, birovlarning sinchkov e’tiborini jalb qilmaslik uchun o‘zlarini odamlardan chetda tutishgan», — deya rossiyalik mehmonlarning xulqidagi g‘alatilikni sanab o‘tgandi «BelTA».
Guruhdagi 32 kishi hibsga olingan, jahllangan Lukashenko ularni Rossiya tomonidan «iflos niyatlar»da jo‘natilgan «banditlar» deb atagan va tushuntirish talab qilgan. Avvaliga u bu guruh 2020 yil 9 avgustida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovini izdan chiqarish uchun Belarusga jo‘natilgan deb ishongan.
Tezda «bandit»larning Belarus bilan umuman ishi yo‘qligi, ular «Vagner» XHK a’zolari ekani, Minsk va Istanbul orqali Afrika davlatlaridan biriga ketayotgani ma’lum bo‘ldi. Boz ustiga, ularni Ukraina maxsus xizmati vakillari kuzatib borayotgan bo‘lgan, agar Lukashenko xalaqit bermaganida ular mingan samolyotni Kiyevga majburan qo‘ndirishni rejalashtirib turishgan bo‘lgan. Chunki ularda bu jangarilardan ayrimlari 2014 yilda Ukrainaning Donetsk va Luhansk oblastlarini okkupatsiya qilishda ishtirok etgani haqida ma’lumot bor edi.
O‘shanda Lukashenko va Prigojin tezda bir-biriga hujum qilish niyati bo‘lmaganini aytib, o‘zaro sirtdan maqtov yog‘dirishgan. Prigojin Belarus prezidentiga yaxshiliklar tilagan, Lukashenko bunga javoban XHK rahbarini «Jyenya» deb atagan. Jurnalist Dmitriy Gordonga bergan intervyusida Lukashenko «Jyenya» bilan eng iliq munosabatlarda ekanini so‘zlagan.
«Men uning o‘sha vagnerchilar bilan aloqada ekanidan xursandmasman, axir u o‘zgalarning qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘lyapti, — degandi Lukashenko 2020 yilda Prigojin haqida. — Axir u qarorlarni qabul qilmaydi, qarorlar biroz teparoqda, vazirlarning o‘rinbosarlari darajasida qabul qilinadi».
2021 yil 23 mayida Belarus kuchishlatar tizimlari Ryanair kompaniyasining Afinadan Vilnyus tomon uchayotgan samolyotini Minskda majburlab qo‘ndirishadi. Uchoq sahnidan muxolifatchi jurnalistlar Roman Protasevich va Sofiya Sapega tushirib olinadi.
«Lukashenkoga shon-sharaflar! Hurmat, ta’zim va butun qalbimiz bilan qo‘llab-quvvatlaymiz. Yuziga loy chaplanishiga qo‘yib bermasdan, yaramaslarni to‘xtata olgan buyuk inson. Belarusning barcha qonunlariga tezda yana bitta qo‘shimcha qo‘shib, Protasevichni itdek otib tashlash kerak», — deya sharhlagan bu voqeani Yevgeniy Prigojin (iqtibos unga tegishli «Kepka Prigojina» Telegram-kanalidan olingan).
«Chodir o‘rnating»
Prigojinning o‘ziga keladigan bo‘lsak, u so‘nggi sutkalar ichida ko‘rinish bermagan va o‘zi haqida biror pichoqqa ilingulik ma’lumot so‘zlab bermagan.
27 iyun kuni Aleksandr Lukashenko Prigojin Belarusda ekanini tasdiqladi. Unga tegishli Embraer Legacy 600 uchog‘i, shuningdek kuzatib boruvchi samolyot Minskda qo‘ngan.
Bir nechta telegram-kanallar Prigojinni Minsk chetidagi Green City hotelida ko‘rishganini yozib chiqishdi. Lekin 27 iyun kuni kechqurun har ikki samolyot Minskdan uchib, Moskva tomon yo‘l olgan. Ularning ichida Prigojin bo‘lgan-bo‘lmagani noma’lum.
«Vagner» XHK jangarilari haqida Lukashenko 27 iyun kuni so‘zladi: «Biz ularga tashlandiq harbiy qismlardan birini taklif etdik, Marhamat, devor bor, hamma narsa bor. Chodir o‘rnatinglar. Nima ish bilan shug‘ullanishni aniqlashtirib olgunlaricha nima yordam kerak bo‘lsa beramiz».
Lukashenko yangi joyda «Vagner» jangarilari o‘zlarining hisobidan turishiga ham aniqlik kiritdi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin XHK qatnashchilariga yo RF mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolashni, yo uy-uylariga tarqalishni yo Prigojin bilan Belarusga yo‘l olishni tavsiya qildi. Jangarilar ommaviy ravishda Rossiya-Belarus chegarasini kesib o‘tgani haqida hozircha ma’lumotlar yo‘q.
So‘zidan qaytishlar hali ko‘p bo‘lishi mumkin
«Ular Belarusga keladimi, uzoq vaqtga joylashadimi? Balkim ular yuridik shaxs ochishar. Bu yerda ularning to‘planib, taqsimlanadigan bazasi bo‘lar. Bitim barbod bo‘lishi ham mumkin — bularning birortasiga hozircha aniq javob ololmaymiz», — degan BBC’ga Artyom Shraybman.
Siyosatshunosning so‘zlariga ko‘ra, berilgan so‘zlardan «ortga qaytish»lar soni juda ko‘p, shuning uchun xulosa chiqarishga hali erta.
Lukashenkoning omma oldidagi bayonotlaridan hali uning o‘zi ham xususiy harbiylashgan kompaniyadagi odamlarni nima qilish kerakligini bilmasligini xulosa qilish mumkin. Rossiyadagi kabi, bu yerda ham ularning mavjud bo‘lib turishi qonun bilan tartibga solinmagan, Belarus Jinoyat kodeksiga ko‘ra, yollanma jangarilik 7 yilgacha ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanadi.
«Vagner» XHK jangchilarida Belarusda bo‘lib turish uchun qonuniy asoslar u qadar ko‘p bo‘lmaydi.
Masalan, Belarus mudofaa vaziri Viktor Xrenin bilan 27 iyun kungi uchrashuvda Lukashenko yollanma jangchilar pilotsiz boshqariluvchi qurilmalar yordamida frontning old chizig‘ida jang olib borish bo‘yicha tajribalarini Belarus armiyasiga o‘rgatishi mumkinligi haqida gap ochdi.
«Ular qurollar haqida gapirib berishadi: qay biri ish beradi, qay biri foydasiz. Taktika, qurol-yarog‘, qanday hujum qilish, qanday himoyalanish kerakligini ham o‘rgatishadi. Bu bebaho ma’lumotlar. Mana shularni biz vagnerchilardan olishimiz kerak», — degan Lukashenko.
Lukashenko XHK Rossiya tomonidan Belarusga yetkazib berilayotgan taktik yadroviy qurolni qo‘riqlamasligini ta’kidladi. Yollanma jangarilar Belarus qurolli kuchlari safiga qo‘shilishi mumkinligini ham inkor etmadi (mamlakatda majburiy chaqiruv va shartnoma asosida harbiy xizmat qilinadi).
«Mudofaa vaziri Xrenin «menga bunday bo‘linma armiyada xalaqit qilmas edi», dedi. Men roziman. Ular bilan gaplashinglar», — degan Lukashenko.
«Lukashenko rejimida Prigojinning Afrikadagi shubhali, biroq juda serdaromad biznes loyihalarida ishtirok etish imkoniyati paydo bo‘lmoqda. G‘arbning yangi sanksiyalari ehtimoli oshadi. Belarusning urushga qo‘shilib ketish va mamlakatga zarbalar berilishi xavfi faqat oshib boradi», — deb yozadi siyosiy sharhlovchi Aleksandr Fridman.
Fridmanning qayd etishicha, «vagnerchilar «isyon nomusi»ni Belarusdan turib Kiyevga hujum qilish bilan yuvishi to‘g‘risidagi taxminlar faqat taajjub keltirib chiqarmoqda». Uning fikricha, bunday harakatdan so‘ng Minsk urushning to‘laqonli ishtirokchisiga aylanadi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy chorshanba kuni «Vagner» XHK otryadlari Belarusdan turib Ukrainaga tahdid qila olmasligiga shama qildi.
«Men ular Belarus hududidan turib kimgadir qanchalik tahdid qila olishini ayta olmayman, chunki kontingent u qadar katta bo‘lmaydi», — deya Zelenskiydan iqtibos keltirmoqda «Ukrainskaya pravda» nashri.
Zelenskiyning aytishicha, unga yetkazilgan axborotlarga ko‘ra, «vagnerchilar»ning katta qismi janglarda yo‘q qilingan, boz ustiga, Ukraina armiyasi shimoliy chegaralarda vaziyatni nazorat qilmoqda.
Polsha prezidenti Anjyey Duda bo‘layotgan voqealarni «o‘ta negativ signal» deb atagan. Mamlakat bosh vaziri Mateush Moravetskiy esa Polsha-Belarus chegarasi qo‘shimcha ravishda mustahkamlanishini va’da qildi.
Amerikaning Urushni o‘rganish instituti tahlilchilari fikricha, agar Kreml bosim qila boshlasa, Belarus Prigojinning jangarilari uchun ishonchli boshpana bo‘la olmaydi. Tahlilchilar taxminicha, Rossiya muntazam armiyasiga qo‘shilishni istamagan «vagnerchilar»ni Rossiya hukumati vaqt o‘tishi bilan hattoki davlatga xiyonatda aylab ta’qib qila boshlaydi.
Mavzuga oid
15:04 / 24.12.2024
Davlat departamenti AQSh fuqarolarini Belarusni zudlik bilan tark etishga chaqirdi
18:53 / 10.12.2024
Lukashenko: Belarusda o‘nlab yadroviy kallaklar bor
17:21 / 09.12.2024
Lukashenko yana 32 nafar siyosiy mahbusni afv etdi
02:18 / 07.12.2024