Jahon | 10:31 / 29.06.2023
43467
4 daqiqa o‘qiladi

WSJ: Prigojin Shoygu va Gerasimovni qo‘lga olmoqchi bo‘lgan

Jahondagi nufuzli nashrlar g‘arb razvedkasiga tayanib, Rossiyadagi davlat to‘ntarishiga urinish haqida nimalar yozmoqda?

RF mudofaa vazirligi / Reuters / Scanpix / LETA

«Vagner» XHK asoschisi Yevgeniy Prigojin isyon vaqtida RF mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimovni qo‘lga olishni rejalashtirgandi, deb xabar bermoqda The Wall Street Journal gazetasi g‘arb mamlakatlaridagi razvedka xizmatlariga tayanib. Bu ma’lumotga ko‘ra, yuqori martabali harbiylar Rostov-Donga kelib ularni hibsga olmoqchi bo‘lgan, ammo Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) tayyorlangan reja haqida isyon belgilangan kundan ikki kun oldin xabar topgan — natijada Prigojin «moslashish»ga majbur bo‘lgan.

WSJ manbasiga ko‘ra, G‘arb maxsus xizmatlari telefon aloqalarini kuzatish orqali olingan xabarlar va sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini tahlil qilgan haqida isyon tayyorlanayotganidan voqif bo‘lishgan. Isyonga tayyorlanish chog‘ida ko‘plab o‘q-dorilar, yonilg‘i va texnika, jumladan tanklar, zirhli mashinalar va havo hujumidan mudofaa tizimlarini to‘plash rejalashtirilgan. G‘arblik mulozimlar fikricha, Prigojin dastlabki rejasi orqali muvaffaqiyatga erishish uchun yaxshi imkoniyatga ega bo‘lgan, ammo ma’lumot sizib chiqishi tufayli u isyonni muddatidan oldin boshlashiga to‘g‘ri kelgan. XHK jangchilari osonlik bilan yirik harbiy markaz bo‘lgan Rostovni egallashgan, shu tufayli g‘arb razvedkasidagilar RF muntazam qo‘shinlaridagi ayrim qo‘mondonlar ham fitnada ishtirok etgan deb o‘ylamoqda.

WSJ manbasi tasdiqlashicha, Prigojin isyon tayyorlanayotgani to‘g‘risida armiyaning yuqori martabali zobitlariga, jumladan, RF havo-kosmiy kuchlari qo‘mondoni general Sergey Surovikinga aytgan, ammo general bu ma’lumotni FXXga yetkazgani aniq emas. The New York Times manbasi ham AQSh maxsus xizmatlari Surovikin isyon tayyorlanayotgani to‘g‘risida oldindan xabardor bo‘lgani, boshqa generallar esa Prigojinning harakatlarini qo‘llagan bo‘lishi mumkin degan fikrda ekanini yozgan.

NYT manbalari «Vagner» XHK hamon tirik ekanini Surovikin uning ittifoqchisi bo‘lgani bilan izohlaydi. Ularning fikricha, agar Surovikinning isyon tayyorlanganiga aloqadorligi bo‘yicha ishonchli dalil paydo bo‘lsa, u lavozimdan chetlatilishi mumkin. Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov OAVning Surovikin to‘g‘risidagi xabarlarini «spekulyatsiya» va «g‘iybat» deb baholadi.

AQSh razvedkasi Prigojinning rejasi to‘g‘risidagi ma’lumotni iyun oyi o‘rtalarida qo‘lga kiritgan, ammo AQShda u bu ishni qachon amalga oshirmoqchi ekani to‘g‘risida aniq ma’lumot bo‘lmagan, deydi The Washington Post manbasi. 21 iyun kuni Amerika razvedkasi yuqori martabali harbiylar va Oq uy vakillariga tayyorlanayotgan isyon to‘g‘risida xabar bergan, deb yozadi The New York Times gazetasi.

CNN telekanaliga ko‘ra, Amerika razvedkasi isyon haqida, jumladan yollanma jangchilar qayerda to‘planib, hujum qilmoqchi ekani haqida ma’lumot yig‘gan, ammo maxsus xizmatlar isyon qachon boshlanishini aniqlay olmagan. Oq uy maxfiy ma’lumotlarni faqat Buyuk Britaniya bilan bo‘lishgan, AQShning o‘zida esa bundan faqat eng yuqori martabali siyosatchilar voqif bo‘lgan, deya tasdiqlaydi CNN. Telekanal manbasi xabar qilishicha, isyon boshlanganidan keyin g‘arblik ittifoqchilar Ukraina rasmiylari bilan bog‘langan va ularni «qayiqni chayqaltirmaslik» va Rossiya hududidagi obektlarga zarba bermaslikka chaqirgan.

Mavzuga oid