O‘zbekiston | 18:03 / 04.07.2023
5697
2 daqiqa o‘qiladi

Robaxon Maxmudova jizzaxlik saylovchilar bilan uchrashdi

Foto: Adolat SDP

“Adolat” SDP nomzodi o‘z dasturida ko‘zda tutilgan tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan loyihalar haqida ma’lumot berdi.

4 iyul kuni “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod Robaxon Maxmudova jizzaxlik saylovchilar bilan uchrashdi.

Uchrashuvda nomzod mamlakatimizda mavjud bo‘lgan 21 million gektardan ziyod yaylov yerlar chorvachilik, ipakchilik, asalarichilik kabi ko‘plab tarmoqlar uchun muhim manba hisoblanishini ta’kidlab, ushbu yaylov yerlaridan unumli foydalanish choralarini ko‘rish maqsadida saylovoldi dasturida yangi tahrirdagi “Yaylovlar to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish taklifi ilgari surilayotganligini ma’lum qildi.

Prezidentlikka nomzod ushbu yo‘l orqali ko‘plab iqtisodiy loyihalarga keng yo‘l ochilishini ta’kidladi.

“Saylovoldi dasturida sanoat va tadbirkorlik sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, tadbirkorlarni kreditlashda foiz stavkalari tijorat stavkasida, ya’ni imtiyozli bo‘lmasa, ularni maqsadsiz ishlatilgan deb, javobgarlikka tortish amaliyotiga barham berish taklifi kiritilgan.

Shuningdek, tadbirkorlik sub’yektlariga qo‘shimcha xarajatlar yuklaydigan barcha qoidalarni faqat qonunlar orqali qabul qilinishiga erishish, mamlakatning sanoat salohiyatini oshirish va hududlarni izchil rivojlantirishda kichik sanoat zonalari, iqtisodiy va sanoat klasterlarining muhimligini inobatga olib, ushbu sohaning tashkiliy-huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash va bu borada, ayniqsa, “Kichik sanoat zonalari to‘g‘risida” qonun qabul qilishga doir maqsadlar belgilangan”, - dedi Robaxon Maxmudova.

Mavzuga oid