O‘zbekiston | 20:21 / 10.07.2023
28432
11 daqiqa o‘qiladi

Qurg‘oqchilik muammosi: O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi xavf ostidami?

“Agar dunyoda qurg‘oqchilik tempi shunday ketadigan bo‘lsa, bizning O‘zbekistonda ham yaqin kelajakda dehqonchilik qilish og‘irlashadi”, – deydi biolog olim Baxtiyor Rasulov. U Kun.uz bilan suhbatda mamlakatga qurg‘oqchilik muammosi xavf solayotgani, suv resurslarining keskin yetishmovchiligi jiddiy masalalarni keltirib chiqarishini, qishloq xo‘jaligida an’anaviy usullardan voz kechib, yangi ilmiy metodlarga o‘tish kerakligini ta’kidladi.

Global iqlim o‘zgarishi, xususan, havo haroratining keskin ko‘tarilishi fonida dunyoda yirik ekologik muammolar yuzaga kelmoqda. Ba’zi hududlarda suv sathining ko‘tarilishi, toshqinlar, qurg‘oqchilik kabi ofatlar kuzatilyapti. Bu esa ekovaziyatning izdan chiqayotganiga bir signaldir. Dunyoga xavf solayotgan muammolar Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekistonni ham chetlab o‘tayotgani yo‘q. Joylarda suv resurslarining yetishmovchiligi sohalarga, ayniqsa, qishloq xo‘jaligiga ta’sir qilishni boshlagan.

Xo‘sh, bunday vaziyatda sohaning kelgusi ko‘rinishini qanday tasavvur qilishimiz kerak? Oldinda bizni yana qanday jiddiy masalalar kutib turibdi? Mutaxassislar bunga yechim bera oladimi? Kun.uz O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti katta ilmiy xodimi, biolog olim Baxtiyor Rasulov bilan shu haqda suhbat tashkil qildi. 

“Glyatsiologiya degan fan bor, u muzliklarni tadqiq etadi. Fan bergan xulosalarga ko‘ra, biz abadiy deb bilgan muzliklar intensiv erishi, dunyo okeanlar sathi ko‘tarilishi, haroratning ko‘tarilishini keyingi 10-20 yil davomida ko‘rishimiz mumkin. Bu esa o‘z navbatida dunyoda suv resurslarining tanqisligiga sabab bo‘layotganini bugungi kunda ham kuzatyapmiz. Buni faqat O‘zbekiston uchun xos bo‘lgan fojia deb bilmaslik kerak, dunyodagi o‘zgarishlarning bir qismi sifatida bizning mamlakatda ham sezilmoqda. 

Suv resurslarining asta-asta cheklanib borayotgani, ayniqsa, qishloq xo‘jaligida sezilmoqda. Masalan, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda bu juda muhim bir vosita hisoblanadi. Yildan yilga suv resurslariga bog‘liq holda tuproqlarning sho‘rlanishi, ekilayotgan ekinlarning hosildorligi kamayib borishi, dehqonchilik uchun xarajatlarning ortib borayotgani, qishloq xo‘jaligi ekinlarida virus, bakteriya, zamburug‘ tabiatli kasalliklarning avj olayotgani katta salbiy oqibatlarning mantiqiy davomi sifatida ko‘rish mumkin. 

Hozirda O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligida ikkita katta ekin turi: bug‘doy va g‘o‘za (paxta) ekiladi. Quyoshli kunlarda vegetatsiya (ko‘payish) uchun qulay bo‘lgan sharoitlarda dehqonchilik qilarkanmiz, istaymizmi yoki yo‘q, albatta, suv resurslariga ehtiyoj sezamiz. Bundan tashqari, hosildorlikni oshirishda, aholining oziq-ovqatga bo‘lgan talabini qondirishda yana o‘sha suv juda ahamiyatli. 

Suv nafaqat o‘simlikning o‘sishi, rivojlanishida, shuningdek, berilayotgan mineral o‘g‘itlar, biologik vositalar, kasalliklarga qarshi kurashishda qo‘llanadigan preparatlarning o‘zlashishida ham muhim sanalgan asosiy resursdir. Suvning miqdori va ekinni sug‘orish davomiyligi juda ko‘p narsani belgilab beradi. Shu nuqtayi nazardan dunyoda iqlim sharoitidagi o‘zgarishlar O‘zbekiston sharoitida yangi-yangi yechilishi lozim bo‘lgan masalalarni qo‘ymoqda. Degradatsiyaga uchrayotgan tuproqlar, turli kasalliklar, sporalar ko‘payib borayotgan tuproqlar (ayniqsa, zamburug‘ tabiatli kasalliklar sporalari tuproqda saqlanadi) g‘o‘za, boshqa ekinlarga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda. Shunday ekan, qishloq xo‘jaligini ilmiy asosda tashkil qilibgina bunday salbiy oqibatlarni yumshatishimiz, oqibatlarni yengib o‘tishimiz mumkin bo‘ladi”. 

Qurg‘oqchilik vaqtida qishloq xo‘jaligining qay ahvolga kelishini yaxshiroq tasavvur qilish uchun bug‘doy va paxta yetishtirishni misol qilish mumkin. Mutaxassisning aytishicha, asosan, kuzda – oktabr oylarida ekiladigan bug‘doyning o‘sib, rivojlanib, hosilga kirishigacha suv yetishmovchiligi kuzatilmaydi. Ammo O‘zbekistonning strategik ekinlaridan biri bo‘lgan paxtani yetishtirishda suv tanqisligi o‘ta yuqori nuqtaga yetadi. 

“Biz har yili dalalarda kuzatuvlar, monitoringlar olib boramiz. G‘o‘za navlari o‘sishi, rivojlanishi, kasallikka chalinishi, hosildorligi bo‘yicha masalalar jiddiyroq bo‘lib qolmoqda. Bu yil sharoit g‘o‘za, paxta uchun noqulay bo‘ldi. Boshida harorat past bo‘ldi, agrotexnik tadbirlar surilib ketgani uchun O‘zbekiston bo‘ylab bu boradagi holat ko‘ngildagidek emas. Mana shu sharoitda ilm-fan yutuqlaridan foydalanishga chuqur ehtiyoj sezamiz. 

O‘zbekiston paxta ekuvchi eng shimoliy davlat hisoblanadi. Paxta issiqsevar va suv resursini ko‘p talab etadigan ekin turi hisoblanadi. Demakki, g‘o‘za uchun havo harorati talab darajasida bo‘lmasa, biz yangi navlarni ko‘rib chiqishimiz kerak bo‘ladi. Hozirda yangi navlar yaratishda bizga hosildor navlardan bo‘lishi talabi qo‘yiladi. Lekin, fikrimcha, serhosil navlarni taklif etish ham hozirgi sharoitda yechim bo‘la olmaydi. Sababi bu hosildor navlarning atrof-muhit, yer, tuproq sharoitlariga moslashishi, salbiy oqibatlarni yengib chiqishida o‘zining irciyatida bir qator xususiyatlarga ega bo‘lishi kerak. 

Masalan, yangi nav nisbatan past haroratda o‘zidagi hujayra va to‘qimalarning ikkilamchi metabolik sintezni amalga oshira olishi, buni qila olmasa, dehqonchilikda o‘simlikni oziqlantirishda mana shu vositalarni berish hisobiga o‘simlikning rivojlanishini kuchaytirib, ma’lum bosqichda tempni ushlab hosildorlikni oshirish, saqlab turish mumkin”.

Suhbat davomida Baxtiyor Rasulov qurg‘oqchilik sabab tuproq buzilishi, xususan, dehqonchilik qilish sharoitini qiyinlashtiradigan sho‘rlanish haqida gapirib o‘tdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘rta hisobda 3,2 mln gektar sug‘oriladigan yerlar mavjud, shu yerlarning aksariyat qismi, taxminan, 85 foizlardan ko‘prog‘ida tuproqning sho‘rlanishi kuchaymoqda. Bunday vaziyatning yuzaga kelishi o‘simlik, ekinlar uchun juda stressli holat hisoblanadi. Ularning o‘sishi, rivojlanishi qiyinlashadi. Oqibatda esa hosilning unumi kamayadi. 

“Ikkinchi odatda e’tibordan chetda qoladigan muhim masala – tuproqda erimaydigan kalsiy tuzlaridan iborat bo‘lgan moddalardir. Bu moddalar tuproqni zich, qattiq holatga olib keladi. Mana shu sharoitda ham o‘simlikning rivojlanishi qiyin kechadi. Natijada tuproqlarda havo yurishi, suvning harakatlanishi cheklanadi. O‘simlik nafas oladi, suv orqali tuproqqa berilgan mineral o‘g‘itlarni o‘zlashtiradi. 

Biz to‘la-to‘kis o‘simlikni bargdan oziqlantirish, umuman noan’anaviy usulga o‘tganimiz yo‘q. Noan’anaviy usulda o‘simlikning ildizidan emas, bargidan ozuqa beriladi. Ildiz faqat tayanch va nasos vazifasini bajaradi, 2 ta asosiy vazifasi bor, ya’ni o‘simlikni tutib turish va ozuqani yuqoriga tortib berishdir. Ozuqani tortib bargiga yetkazib beradi, bargda esa o‘sha moddalar o‘zlashadi. Yangi usullar – agrar biotexnologiyalar orqali o‘simlikni bargdan oziqlantirsa bo‘ladi. 

Cuv tanqisligi kuzatilyapti, endi qurg‘oqchilik sharoitlarida an’anaviy dehqonchilik bilan shug‘ullanib bo‘lmaydi. Bu masalani yechishda yordam bermaydi. Aytaylik, mayning boshida, havo harorati optimal, qulay bo‘lgan vaqtda chigit ekildi. Ekin ekilgach iyunning boshida sug‘oriladi, o‘rtacha aytganda 30-40 kun g‘o‘za o‘simligi suv ichmay turadi. Bu esa o‘simlik oziqlanmadi degani. Biz mana shu jihatga e’tibor bermaymiz. Buning oqibatida esa ekinlarda kasalliklar yuzaga keladi, dehqonlar qaytadan chigit ekishga majbur bo‘ladi. Qayta ekishi – iqtisodiy zarar, ikkinchidan, uning hosildorligini tushirib yuboradi”. 

Qurg‘oqchilik zanjirga aylangan holda juda ko‘p muammolarni keltirib chiqaradi. Bu ofat sabab mamlakat suv tanqisligi, tuproq degradatsiyasi oxir-oqibat esa hosil va oziq-ovqat yetishmovchiligi bilan yuzlashadi. Bunday sharoitda chiqib ketishning yagona yo‘li ilmiy yechimlardir. 

“Bizda qishloq xo‘jaligida murakkab tarzda tushunish stereotipi bor. O‘zi dehqonchilik murakkab, mashaqqatli soha emas. Biz haddan tashqari murakkablashtirib yuborganmiz. Birinchi navbatda o‘simlik hamda tuproqning tabiiy holatiga xalal bermaslik kerak, tinch qo‘yish kerak. Tuproqda biologik jarayonlar kechadi. Va uning o‘simlik bilan birga yashaydigan mikroorganizmlari bo‘ladi, boshqa davlat tuproqlari bilan solishtirganda O‘zbekistonnikida shunday mikroorganizmlar kamroq. 

Chunki bizda stress omili kuchli. Masalan, organik elementlarning yetishmasligi, namlikning yuqori bo‘lmasligi kabi bir qator omillar sabab tuproqdagi o‘simlikning o‘sishi, rivojlanishi va hosildorligini belgilab beruvchi, o‘simliklarni kasalliklardan himoya qilishda ishtirok etuvchi bakteriyalarga, tuproq mikroorganizmlariga uncha e’tibor bermaymiz.

Vaholanki, aslida qishloq xo‘jaligi tuproq, tuproqdagi mikrobiologik hayot shakllaridan, ya’ni bakteriya, zamburug‘, o‘g‘itdan hamda o‘simlikdan iborat bo‘lib ketishi kerak. Ammo biz o‘rtadagi muhim elementni sug‘urib olganmiz. Tuproqning unumdorligini oshirishda eng birinchi bo‘lib mikroorganizmlar rol o‘ynaydi. 

Global iqlim o‘zgarishi, qurg‘oqchilik sharoitlarida ham mikroorganizmlar eng muhim o‘yinchilardan hisoblanadi. Jahon qishloq xo‘jaligi tajribasida bu jihat alohida omil sifatida e’tiborga olinadi. Qishloq xo‘jaligi mikrobiologiyasi va agrokimyosida tuproq, mikroorganizm, o‘simlik bitta butun sistema deb olinadi. Xorij universitetlarida shu narsalar bitta qilib o‘qitiladi. Bu narsa majburiy, buni hisobga olish mumkin edi”.

Intervyuning to‘liq yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin. 

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi, 
Tasvirchi Mirvohid Mirrahimov,
Montaj ustasi Nuriddin Nursaidov.

Mavzuga oid