Jahon | 11:05 / 12.07.2023
13638
7 daqiqa o‘qiladi

Plastik epidemiyasi – insoniyat organizmini ham zabt etgan plastiklar haqida

Dastlab, hayotni osonlashtirish, tabiiy resurslar o‘rnini bosish uchun ixtiro qilingan plastik buyumlar shu darajada ommalashib ketdiki, hatto nafas olayotgan havomiz ham plastiklar bilan to‘lgan. Bir marta ishlatib otib yuboradigan yelim idishlar esa 400 yilgacha parchalanmay, atrofni va hatto odamlarni ham zaharlab yotaveradi.

Inson hayotini osonlashtirish uchun ishlab chiqarila boshlagan plastiklar bugun hatto ichadigan suvimizga ham qo‘shilib tanamizga kiryapti. Kundalik hayotimizdagi hech bir jarayonni plastiklarsiz tasavvur qila olmay qolganmiz. Bir martalik yelim xaltalar, suv idishlari va hokazo...

Bunday plastiklardan faol foydalanishi natijasida inson o‘zi bilmagan holatda mikroplastiklarni doimiy iste’mol qiladi. Tadqiqotlarga ko‘ra, inson haftasiga 5 gramm miqdorda mikroplastik iste’mol qiladi. Tushunishingiz uchun bu biz doimiy ishlatadigan plastik karta hajmiga teng.

Bizga cheksiz qulayliklarni taqdim qiladigan plastik idishlar, bir martalik turli yelim vositalar va plastik paketlarning zarari shunchalik kattami? Nega hadeb ulardan voz kechish haqida gapirilyapti?

Plastiklar tarixi

Plastik tarkibi polimer moddasidan iborat. Insoniyat ancha oldindan sintetik polimer olishni o‘rganishga harakat qilib kelgan. Ilk sintetik polimer 1869 yilda Jon Uesli Xyatt tomonidan Nyu-York firmasining fil suyagi o‘rnini bosadigan narsa uchun va’da qilingan 10 ming dollarlik taklifidan ilhomlanib yaratilgan. Sun’iy topilgan modda yordamida tabiiy fil suyagining o‘rnini bosadigan shaklni yasash o‘sha davr uchun katta kashfiyot bo‘lgan. Sababi insoniyat tabiatdan keragicha tosh, yog‘och, suyak kabi tabiiy narsalarni olib iste’mol qilib kelayotgan, biroq o‘zi ham nimadir yangilik yaratib ularning o‘rnini bosuvchilarni topa olishi kerak edi.

1907 yilda esa Leo Bekeland tomonidan to‘liq sintetik plastmassa "Bakelit" yaratildi. Bu tarkibi tabiatda uchraydigan hech qanday tabiiy vositalar qo‘shilmagan birinchi sintetik plastmassa edi.

Leo Bekeland

Ikkinchi jahon urushi boshlangach, plastmassalarga ehtiyoj haddan ortiq oshadi. Sababi tabiiy vositalarni saqlagan holatda ehtiyojlar uchun kerakli vositalar ishlab chiqarilishi kerak edi. Shu davrda plastmassalarning moslashuvchanligi yaqqol ko‘rinadi. Urushda ishlatiladigan matolar, qurollarga ham sintetik plastmassa ishlatiladi. Va urush yillarida plastik ishlab chiqarilishi 300 foizga oshadi.

Plastik xavfining paydo bo‘lishi

Plastiklarga “oshiqlik” juda uzoq davom etmaydi. Odamlar uning xavfini ham ko‘ra boshlashadi. Ilk marta okeanda plastik chiqindilar1960 yilda topiladi. Shundan so‘ng odamlarning ekomuammolar haqida xabardorligi oshgani sari plastik ifloslanishining ham ekologiya uchun zararli ekani haqida bilib boraverishadi.

1980 yillardan boshlab plastiklarni qayta ishlash haqida gapirila boshlandi. Lekin afsuski, hozir ham ishlab chiqarilayotgan plastiklarning 91 foizi qayta ishlanmaydi. Plastik ishlab chiqarishda uning tarkibiga chidamli bo‘lishi uchun qo‘shiladigan moddalar sabab plastiklar tashlab yuborilganidan so‘ng 400 yilgacha yo‘q bo‘lib ketmasligi mumkin.

Bugungi kunda ishlab chiqarilayotgan plastiklarning 40 foizini bir martalik ishlatish vositalari tashkil qiladi. Ular atigi bir necha daqiqadan bir necha soatgacha yoki undan sal ko‘proq xizmat qiladi, lekin chirimasdan atrof-muhitda bir necha yuz yillab saqlanishi mumkin.

Ishonishimiz qiyin, lekin hozirgacha ishlab chiqarilgan plastiklarning 79 foizi hali ham chirimasdan poligonlarda yotibdi. Har yili 14 mln tonna plastik okeanlarga tushadi. Plastik ifloslanishi, ayniqsa, chiqindini qayta ishlash yaxshi rivojlanmagan Osiyo va Afrika davlatlarida ko‘proq uchraydi.

Plastiklardan zarar ko‘rayotganlar

Plastiklar butun Yer sayyorasining barcha burchaklariga yetib borgan. Ular Everest cho‘qqisi-yu Mariana botqog‘ida, Antarktidada ham allaqachon mavjudligi qayd etilgan. Plastiklarning bu darajada keng tarqalishi va ularning parchalanmay uzoq muddat saqlanib qolishi ekologiyaga xavfni oshiradi.

Aynan plastiklar sabab har yili millionlab tirik organizmlar: qushlardan tortib baliqlargacha halok bo‘ladi. Plastik xavfi sabab 700 ga yaqin hayvonot turi yo‘q bo‘lib ketish arafasida turibdi.

Baliqlarning doimiy plastik iste’mol qilishga majburligi ularning ko‘payishiga ham salbiy ta’sir qiladi. Sababi plastik ularning reproduktiv tizimiga zarar ko‘rsatadi va oqibatda kamroq tuxum ishlab chiqariladi.

Insonlar ham plastik yeydi

Biz bir yilda 8 ta yarim litrli plastik idishni iste’mol qilyapmiz, ammo uning yemirilish davri taxminan 450 yilga teng. Bundan tashqari, plastik diyetaning boshqa juda ko‘p yoqimsiz oqibatlari ham bor.

Vena tibbiyot universiteti tadqiqot guruhi oshqozon-ichak yo‘li orqali o‘tadigan mikroplastik zarralar ichak mikrobiomi tarkibida o‘zgarishlarga olib kelishini aniqlashgan. Bu esa o‘z navbatida metabolik kasalliklar va ular bilan bog‘liq semirish, diabet va surunkali jigar kasalliklarini yuzaga keltirishi mumkin.

Yechim bormi?

Plastiklarning imkon boricha daryo va dengiz, okeanlarga tushishiga yo‘l qo‘ymaslik, plastiklarni qayta ishlash tizimini yaxshilash, kuchaytirish, bir martalik plastiklarning umri qisqaligini hisobga olib ularni ishlatishni kamaytirish kabilar ifloslanish qisqarishiga yordam berishi mumkin.

Odamlarning o‘zlari ham turli usullarda plastik mahsulotlarni boykot qilishi va mustaqil ekologiyani oz bo‘lsa-da asrashlari mumkin:

  • Bir martalik plastiklarni ishlatishdan voz keching.

Masalan, ovqatlanish joylarida qog‘oz stakan, qog‘oz salfetkalar ishlatmang, o‘rniga dastro‘mol olib olishingiz va uni ishlatishingiz mumkin.

  • Ko‘chadan suv sotib olmang.

Har yili 20 mlrd dona plastik idishlar chiqindiga tashlanadi. Siz esa shisha idish olib yurish orqali qadoqlangan suv kamroq sotib olib, kamroq chiqindi ishlab chiqarilishiga yordam bera olasiz.

  • Ovqat buyurtma qilish o‘rniga ham uyda taom tayyorlang, shunda buyurtma ovqat keladigan bir martalik idishlar tejaladi.
  • Ikkinchi qo‘ldan mahsulot sotib olishga o‘rganing;
  • Plastiklarni qayta ishlash markazlariga topshiring. 

Mavzuga oid