Jamiyat | 18:21 / 26.07.2023
48045
8 daqiqa o‘qiladi

Intervyu: Millat ziyolilari uyqudami? 

Kun.uz'da navbatdagi intervyu o‘zbek ziyolilari, ular va hukumat o‘rtasidagi munosabat, shuningdek, bu doira kishilarining davom etayotgan sukuti, voqea-hodisalarga befarqdek ko‘rinayotgani haqida bo‘ldi.

Siyosatshunos Hamid Sodiq, etnopsixolog Ziyoda Rasulova va faylasuf Xurshid Yo‘ldoshev shu masaladagi o‘z qarashlari bilan o‘rtoqlashdi.

— Ziyoli odamlar o‘zi kim? Ularni birlashtiruvchi umumiy mezonlar qanday?

Ziyoda Rasulova:

— Bu masala yuz yil ilgari jadidchilar tomonidan ham ko‘tarilgan. Mustafo Cho‘qay ziyoli odam haqida fikr yuritarkan, shunday deydi: «Biz har qanday o‘qigan odamni ziyoli deb atashimiz mumkinmi? Yo‘q, bu savol osondek bo‘lsa-da, javobi qiyin. Zero, ziyolilik tahsil olganlik bilan o‘lchanmaydi. Ziyoli insonlarni esa g‘oya birlashtiradi...»

Davrdan kelib chiqib ziyoli qatlamning tushunchalari, g‘oyalari har xil bo‘lgan. Ziyolilarni birlashtiruvchi narsa — g‘oya mavjudligi. Biz oliy ma’lumotli odamlarni salohiyatli deyishimiz mumkin, lekin faqat ma’lumotiga qarab ziyoli deyolmaymiz. Ziyoli qatlam diplom bilan o‘lchanmaydi. Ziyolilar jamiyatning, xalqning lokomotivi.

Ziyoli insonni salohiyatli insondan ajratuvchi narsa — ichki erkinlik. Erkinlikni yo‘qotish ziyoli uchun o‘lim bilan barobar. U qoliplarga solinsa, cheklansa, azoblanadi. Noto‘g‘ri tizimlar bo‘lsa, xalq qiynalsa, birinchi bo‘lib isyon qiladiganlar ziyolilar bo‘ladi. Qurol ko‘tarib chiqmaydi ular, yozuvchi bo‘lsa yozadi, notiq bo‘lsa, gapiradi, ya’ni o‘z imkoniyati doirasida isyon qiladi.

Xurshid Yo‘ldoshev:

— Ziyoli odam. Bunga aniq bir ta’rif berolmayman. Lekin ziyoli insonga ta’rif keltirayotganda baho sub’yektik ham bo‘lmasligi kerak. Birinchidan, intellektual shaxs bo‘lishi, ijtimoiy g‘oyaga ega bo‘lishi va ijtimoiy faol bo‘lishi kerak. Boshqa hamma xislatlar bo‘lsa-yu, ijtimoiy faol bo‘lmasa, u odamni ziyoli deb bo‘lmaydi.

Yana bir jihat bor. Deylik, bir ziyoli deyilayotgan odam millatchi bo‘lsa, imperialist bo‘lsa, uni rostdan ziyoli deb bo‘ladimi? Masalan, ba’zi nemis faylasuflari millatchi bo‘lgan. 60-yillarda Amerikada kommunistlarga juda yomon ko‘z bilan qarashgan. Shuning uchun ham bu tomondan qandaydir mezonlar qo‘yish mushkul bo‘lib qoladi.

Hamid Sodiq:

— Bu mavzu ancha katta. Siyosatshunos sifatida olimlarni tizimlashtirilgan, murakkab informatsiyali kishilar deb bilaman. Ya’ni ular davlat tomonidan yog‘dirilgan informatsiyani to‘g‘ridan to‘g‘ri qabul qilmaydi, sintezlab o‘zi istaganini oladi. Ziyoli inson o‘zini o‘zi formatlaydi, idora qiladi. Ammo hali bu mezon ziyoli deyish uchun to‘liq yetarli emas. Ziyoli odam o‘zi olgan informatsiyalari bilan o‘z tafakkurida yangi informatsiyalar yaratadi. Fikr kimyogari bo‘ladi. O‘z-o‘zidan bunday odamlar atrofidagilarni ham informatsiyalaydi. Shuning uchun institutsionallashgan inson sifatida davlatga yoqmaydi ziyolilar. Olimning fikri yangi bo‘lgani uchun ziddiyatli bo‘lib ko‘rinadi davlatga. Haqiqiy olimlarning hammasi ziddiyatli.

Ziyoli odam jamiyatga yangi fikr beradi, o‘zini informatsiyalashlariga yo‘l qo‘ymaydi. Mana shu jihatdan olib qaralsa, ziyoli odam kartinasi to‘liqroq bo‘ladi.

— Normal jamiyat, normal davlat boshqaruvida ziyolining o‘rni qanday bo‘lishi kerak? Bu borada bugun dunyodagi demokratik davlatlarda vaziyat qanda-yu, O‘zbekiston boshqaruvida qanday?

Shuningdek, davlat va jamiyat boshqaruvida ziyoli qatlam tavsiyalari, fikrlariga tayanmaslikning oqibati qanday bo‘lishi mumkin?

Hamid Sodiq:

— Ziyolilar davlatni ham, jamiyatni ham zo‘riqtiradi. Chunki ular yangi g‘oya beradi. Yangi g‘oya esa komfort hududdan chiqaradi. Demokratik davlatlarda ziyolilarga nisbatan munosabat yaxshi. Ya’ni bunday davlatlarda alternativ nuqta qidiriladi va buni olimlar beradi. Bir joydan ikkinchi joyga siljish uchun alternativ nuqta zarur. Olimlar hali jamiyat bormagan nuqtalarga boradi va jamiyatni shu joyga chaqiradi. Kommunistcha qarashda ziyolilarga o‘rin yo‘q edi. Tarixan bizning tafakkurga ham singib qolgan.

Siyosiy tizimda sirkulyatsiya bo‘lmas ekan, olimlarga qarshi kurashiladi. Deylik, Shimoliy Koreya, ba’zi Afrika davlatlari va atrofimizdagi avtoritar davlatlarda shunday. Yangi fikr o‘zi bilan yangi insonlarni olib keladi, yangi insonlar esa omma ko‘z o‘ngida siyosiylashadi. Bu esa tabiiy ravishda sirkulyatsiyani olib keladi. Shuning uchun doim olimlar bilan kurashilgan avtoritar davlatlarda.

Ziyoda Rasulova:

— Hayyekning «Qullikka yo‘l» asarida hokimiyat tepasiga ziyoli bo‘lmagan odamlar qanday kelib qolishiga sabablar keltirilgan: ziyolilar birlashishi qiyin bo‘lgan qatlam va har birining o‘z haqiqatlari bor. Ziyoli qatlam o‘zidan ma’rifatsizroq odamlarga bo‘ysunishni istamaydi. Har bitta buyruqni shubha ichiga oladi va bunday odamlar siyosiy o‘yinlarga chidab turolmaydi.

Xurshid Yo‘ldoshev:

— G‘arbda ziyolilar har xil faol ijtimoiy-siyosiy harakatlarning a’zosi hisoblanadi. Harakat faollari namoyishlar qiladi va ularning intellektual a’zolari ham bor, bu — ziyolilar. Ular doim chiqishlar qiladi, intervyular beradi. Bularning bari so‘z erkinligi ta’minlanganidan. Biror soha bo‘yicha ekspert muammoni aytadigan bo‘lsa, ziyolilar butun jamiyat oldiga kun tartibi sifatida qo‘yoladi o‘sha muammoni.

Bizdagi boshqaruvda ziyolilar fikri unchalik muhim emas, menimcha. Bu ham fuqarolik jamiyati bilan parallel rivojlanadigan narsa. Odatda ziyoli o‘z fikrini aytadi va boshqa faollar uni qo‘llaydi — G‘arbda shunday. Ziyolining bir o‘zi qolmaydi va yolg‘iz hech narsa qilolmaydi ham.

Ziyolilarning davlat boshqaruvida o‘rni yo‘qligi bir fikrlilikka, muammolarni ko‘rolmaslikka olib keladi. Jamiyat va davlat o‘rtasida uzilish bo‘ladi. Bu ikkisini bog‘lovchi ziyolilar hisoblanadi.

Ziyoda Ramulova:

— Ta’lim oqsar ekan, ziyoli qatlam u yoqda tursin, salohiyatli qatlam, kadrlar ham yo‘q bo‘lib qoladi. Imkon topgan yaxshi kadrlar chet elga chiqib ketishga harakat qiladi. Qolganlari esa o‘z doirasiga siqilishni boshlaydi, birov eshitmaydi ham ularni.

·       Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin. 

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Asror Almurodov.

Mavzuga oid