Ukraina nega Moskvaga tinmay dron hujumi uyushtirmoqda?
Ukraina qurolli kuchlari qarshi hujumi avjiga chiqqan mahalda Moskvaga uchirilayotgan dronlar Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlarini frontdagi pozitsiyalarni himoyalashdan chalg‘itishi ko‘zda tutilgan. Bu orqali ukrainlar Rossiyaning o‘tgan yilgi taktikasini takrorlamoqda.
Moskva-sitiga uch kun ichidagi ikkinchi dron hujumi — Rossiyaga dron zarbalari seriyasidagi so‘nggi hujum emasligi aniq.
Bu amaliyotlarning barchasi bitta vazifani bajarishga qaratilgan: Ukraina qurolli kuchlari havo kuchlari qo‘mondonligi Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlarini frontdagi pozitsiyalardan chalg‘itishga harakat qilmoqda. Ukraina bu strategiyani Rossiyadan «ko‘chirgan» deyish ham mumkin: rossiyalik harbiylar ukrainlarning ichki hududlariga kamikadze dronlar bilan hujum qilishni kuzdayoq boshlagandi. Ekspertlar o‘shandayoq dronlar (ular asosan elektr nimstansiyalariga hujum qilgandi) Ukraina elektr energiya ta’minotini uzoq vaqtga buzish uchun emas, balki ukrainlarning havo hujumidan himoya tizimlarini ichki hududlardagi obektlarni qo‘riqlash uchun jalb etish va tanqis bo‘lgan o‘q-dorilarni uchuvchisiz uchish apparatlariga qarshi qo‘llash uchun sarflashga uchirilayotganini aytishgandi.
Ukraina dronlari esa Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlarini o‘q-dorilardan mahrum qilishi dargumon, lekin bu orqali Ukraina QKning qarshi hujumi vaqtida frontdagi himoya qismlarini o‘ziga jalb qila oladi.
Moskvaga qanday dronlar uchib kelmoqda?
1 avgustga o‘tar kechasi kichik miqdordagi portlovchi modda o‘rnatilgan dron Moskva-Sitidagi binoning 21-qavatiga kelib urildi. Shahar ma’muriyati va mudofaa vazirligi bu dron oldingilari kabi havo hujumidan mudofaa vositalari tomonidan urib tushirilgani va shundan keyin Moskva-Sitiga qulaganini bildirdi. 30 iyulga o‘tar kechasi uchib kelgan dron ham Sitidagi xuddi shu «hukumat» binosiga qulagandi. Ikki holatda ham jabrlanganlar bo‘lmagan.
Bungacha shunday xususiyatlarga ega kamikadze dronlar Komsomolskiy prospekti va Novaya Moskvadagi binolardan biriga hujum qilgandi. May oyi oxirida Moskva shahri va uning chekkalariga kamida beshta dron hujum qilgandi.
O‘sha kuni Moskva tashqarisida olingan videoda katta ehtimol bilan «Bober» droni aks etgan, bunday dronlar Ukraina mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasiga ham (dron hujumlari aynan shu idora tomonidan uyushtirilmoqda deb hisoblanadi) yetkazib beriladi. Bu apparat Ukrainaning o‘zida ishlab chiqarilmoqda, ammo bu ish bilan aynan qaysi kompaniya shug‘ullanayotgani — noma’lum). Bunday dronlar bir necha kun oldin Krasnodar o‘lkasidagi neftni qayta ishlash zavodiga uyushtirilgan hujumda ham qo‘llangandi. Oy boshida, 3 may kuni esa Kremlga ukrainlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan boshqa dronlar — UKRJET UJ-22 Airborne hujum qilgandi. Shuningdek, Ukraina qurolli kuchlari Rossiyaning chegaradagi oblastlariga zarbalar uchun xitoyliklarning Mugin-5 dronlarini qo‘llamoqda (ishlab chiqaruvchi kompaniya bu dronlarni harbiy maqsadlarda ishlatishni taqiqlaganiga qaramay).
Bu apparatlarning barchasining xususiyatlari o‘xshash — bir necha yuz kilometr masofaga ucha oladi, benzinli dvigatelda ishlaydi, tezligi soatiga 100–140 kilometrni tashkil etadi. Katta ehtimol bilan bu dronlar uchirilganidan keyin operator bilan aloqa o‘rnatmaydi; uchuvchisiz uchar qurilmalar ikki tizim bilan boshqariladi: biri GPS orqali yo‘naltiriladi, boshqasi inersiya bo‘yicha harakatlanadi. Masalan, RF qurolli kuchlari o‘tgan yildan buyon Ukraina bo‘ylab zarbalar berish uchun foydalanayotgan Eronning Shahed rusumli dronlari ham ikkinchi toifaga mansub. Inersial tizim parvoz boshlanganidan keyin dronning havo kengligidagi holatini hisoblab boradi, katta masofaga parvoz qilishda xatolar ko‘payishi muqarrar va shuning uchun bu tizim vaqti-vaqti bilan sun’iy yo‘ldosh orqali koordinatalari tizimidan foydalangan holda tuzatishlar kiritib borishni talab etadi.
Shu bilan birga, Rossiya GPS signaliga samarali to‘sqinlik qiladigan yoki «almashtirib» qo‘yadigan ko‘p sonli tizimlarga ega. Xususan, Pentagonning aprel oyida sizdirilgan maxfiy hujjatlarida Amerikaning sun’iy yo‘ldosh tuzatish bloklari bilan «aqlli» o‘q-doriga aylantirilgan ukrain bombalari rossiyaliklarning radioelektron kurash tizimlari tufayli hamisha ham nishonga to‘g‘ri bormasligi fakti batafsil muhokama qilingan. Endilikda ukrain dronlari hujumi vaqtida GPS bilan muammoga uchrayotgan moskvaliklar ham radioelektron kurash tizimlari qanday ishlashidan voqif bo‘lishmoqda.
Shahed dronlaridan farqli o‘laroq (RF qurolli kuchlari uni «Geran-2» deb ataydi), Ukraina shu vaqtgacha qo‘llagan dronlarning barchasi kichik hajmda va katta ehtimol bilan mavjud o‘q-dori zaryadlaridan qo‘lbola usulda yasalgan. Turar joylarga urilgan dronlarning qoldiqlarini o‘rgangan ekspertlar fikricha, dron zaryadining portlovchi moddalari ular belgilangan ma’lum nuqtaga yetib kelganida avtomatik ravishda ishga tushishi mumkin (buning uchun GPS signalidan foydalanish imkoniyati bo‘lishi kerak).
Rossiya hukumati deyarli barcha dronlar muvaffaqiyatli urib tushirilayotganini aytmoqda. Bu chindan ham shunchalik osonmi?
Bunday uchuvchisiz uchish apparatlari — chindan ham ma’lum obektlarni himoya qiluvchi havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun ham, radioelektron kurash vositalari uchun ham nisbatan oddiy nishondir. Ularning asosiy kamchiligi — radar yaxshi payqashidir. Bundan tashqari, apparat motoridan chiqadigan shovqin (bu ichki yonuv dvigatelidir, chunki uzoq masofaga elektr orqali parvoz qilish og‘ir batareyalarni talab qiladi, bu esa dron o‘lchamlarini sezilarli darajada oshiradi) uzoqdan ham eshitilib turadi.
Shu tufayli, masalan, Ukraina g‘arb tomonidan yetkazib berilgan yaqin radiusda harakatlanuvchi havo hujumidan mudofaa tizimlari orqali bir necha oy ichida «Geran-2»ga qarshi kurash samaradorligini sezilarli darajada oshirdi. Dronlar yo‘q qilinayotgani haqidagi rasmiy bayonotlardan tashqari havo hujumidan mudofaa kuchlari urib tushirgan uchuvchisiz uchar apparatlar aks etgan o‘nlab videolar mavjud.
Ammo dronlar yoppasiga hujum qilganida dronlarga qarshi kurashish uchun ixtisoslashgan havo hujumidan mudofaa tizimlari hamda radioelektron kurash komplekslarining ham zaif tomonlari ko‘rinib qolishi mumkin. Ularning asosiysi — qarshi hujumlarning kichik diapazoni va past unumdorlik (ya’ni ular faqat kam sonli nishonlarni kuzatishi va zarba berishi mumkin). Dronlarni uchirayotgan tomon esa havo hujumidan mudofaa kuchlari yoki radioelektron kurash vositalari qamrab olgan hududda teshiklarni topishi va shu orqali uning droni nishonga hech bo‘lmaganda yaqin bora olishi mumkin. Va bunday holatda hech qanday himoya haqiqatan ham dronlarning yoppasiga hujumini (dronlar soni o‘nlab bo‘lganida) qaytara olmaydi. Havo hujumidan mudofaa tizimini hujumga o‘tgan ko‘p sonli apparatlar bilan «to‘yintirish» — bunday mudofaani yengib o‘tishning standart taktikasidir.
Bundan tashqari, Rossiya va Ukrainaning bepoyon hududlarini havo hujumidan mudofaa va radioelektron kurash vositalari bilan to‘liq himoyalash imkonsiz. Urushayotgan ikki tomonda ham barcha dronlarni uzoqdan aniqlash imkoniyati yo‘q: radarlar pastlab uchayotgan nishonlarni aniqlay oladigan masofa juda kichik. Shuning uchun, Ukrainaning dronlar bilan kurashdagi muvaffaqiyatlariga qaramay, rossiyaliklarning uzoq radiusda harakatlanadigan kamikadze dronlari vaqti-vaqti bilan samarali reydlar o‘tkazib turibdi. Ukrainlar ham bir vaqtning o‘zida ko‘p sonli dronlar yuborsa, Rossiyadagi nishonlar bo‘ylab zarba berishda natijalar yaxshilanishi mumkin.
Ammo Ukraina QK tomonidan foydalanilayotgan dronlarning zaryad kuchi (bu dronlar ko‘tara oladigan foydali umumiy yuk), aftidan, ularning Rossiyaga muntazam ravishda jiddiy zarar yetkazishiga imkon bermaydi. Xususan, «Geran-2» 30–50 kilogramm og‘irlikdagi zaryadni olib ucha oladi, Moskvaga hujum qilgan ukrain dronlari esa 12,5 kilogramm og‘irlikdagi KZ-5 muhandislik o‘q-dorilari asosida tayyorlangan portlovchi qurilmalar bilan jihozlangan.
Agar bu dronlar u qadar kuchli bo‘lmasa, Ukraina QK nega ulardan foydalanmoqda?
Ukraina tomonining asosiy maqsadi — imkon qadar ko‘proq havo hujumidan mudofaa vositalarini frontdan Rossiya ichkarisiga «jalb qilish».
Rossiya qo‘mondonligi xuddi shunday tizimli zarbalar taktikasini qo‘llagan holda amalda Ukrainaning havo hujumidan mudofaa kuchlarini zararsizlantirgandi — Amerikaning sizdirilgan hujjatlari mualliflariga ko‘ra, 2023 yil bahoriga kelib, Ukraina QK ixtiyoridagi sovetlar davriga mansub zenit tizimlarida shunchaki raketalar tugab qolgan. NATO mamlakatlari hozirda bu tizimlarni to‘liq g‘arbnikiga almashtirishga harakat qilmoqda. Ammo rossiyaliklarning yangi zarbalari xavfi tufayli yetkazib berilgan texnikalarning katta qismini frontga emas, Kiyev va boshqa yirik shaharlar himoyasi uchun yuborishga to‘g‘ri kelmoqda. Shu bilan birga, RF QK Kiyev bo‘ylab zarbalar berishda davom etmoqda — hamda shaharni mudofaa qilayotgan tizimlarni nishonga olmoqda.
Rossiya tomonining maqsadi — Rossiya aviatsiyasi jang maydoniga qaytishini ta’minlash uchun ukrainlarning frontda va ichkari hududlardagi qo‘shinlarini himoya qiluvchi havo hujumidan mudofaa kuchlarining tinkasini quritishdir. Hozirda rus aviatsiyasi tutashuv chizig‘idan bir necha o‘n kilometr masofadan turib boshqariladigan raketalar bilan yoki bir necha kilometr masofada past balandlikdan turib boshqarilmaydigan raketalar bilan zarba bera olmoqda, xolos.
Ukraina QK ham shunday yo‘l tutib, frontda Rossiyaning havo hujumidan mudofaa zichligini kamaytirishga harakat qilishi mumkin, chunki RF hukumati Moskva va boshqa yirik shaharlarni himoyasiz qoldira olmaydi. RF poytaxtida va uning atroflarida kichik radiusda harakatlanuvchi ilk havo hujumidan mudofaa tizimlari yanvar oyida paydo bo‘lgandi — bu katta ehtimol bilan ukrainlarning Rossiya ichkarisiga yo‘llangan ilk zarbalariga reaksiya bo‘lgandi (dekabr oyida sovetlarning «Strij» uchuvchisiz uchar qurilmasi bazasida yaratilgan dronlar Saratov va Ryazan oblastlaridagi aerodromlar hududida portlagandi).
Moskva shahri mudofaasi (katta ehtimol bilan boshqa shaharlar va harbiy obektlar mudofaasiga ham) uchun navbatchilikka «Pansir-S1» zenit raketa komplekslari joylashtirildi — bular frontda ham qo‘shinlarni raketa va dronlar zarbalaridan himoya qilishi kerak bo‘lgan tizimlardir.
Mavzuga oid
21:42
WP: Ukraina hukumati urush 2025 yilda tugashiga ishonmoqda
22:14 / 21.12.2024
Ukrainada askarlar yetishmayotgani sabab havo hujumidan mudofaa harbiylarini yuborish buyurildi
20:38 / 21.12.2024
Kursk oblastining Rilsk shahri o‘qqa tutildi
18:44 / 21.12.2024