O‘zbekiston | 15:30 / 07.08.2023
18309
2 daqiqa o‘qiladi

Dilshod Sultonov iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosarligidan ketdi

Jamshid Qo‘chqorov iqtisodiyot va moliya vazirligiga qaytishi ortidan vazirlik rahbariyatida o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.

Foto: Kun.uz

Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosarlari Dilshod Sultonov va Erkin Rustamov lavozimidan ozod etildi. O‘zA xabariga ko‘ra, ular boshqa ishga o‘tmoqda.

Dilshod Sultonov 2018 yil sentabridan buyon (o‘sha vaqtda moliya vazirligi) vazir o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.

Erkin Rustamov esa 2022 yil sentabrida (o‘sha vaqtda iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi) vazirlikka birinchi o‘rinbosar sifatida kelgandi.

Bu o‘zgarishlar 2 avgust kuni prezident raisligida tanqidiy ruhda kechgan yig‘ilishdan keyin ro‘y bermoqda. O‘sha yig‘ilishda Dilshod Sultonov iqtisodiyot va moliya vazirining soliqqa mas’ul o‘rinbosari sifatida hayfsan olgandi.

3 avgust kuni esa soliq qo‘mitasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridan chiqarilib, vazirlik rahbari Sherzod Qudbiyev qo‘mita raisligiga, bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov esa vazirlikka qaytarilgandi.

Davletovuz manbasiga ko‘ra, Sultonov va Rustamov Toshkent viloyatidagi tumanlarga hokim etib yuborilmoqda.

Mavzuga oid