SQBni xususiylashtirish uchun noodatiy sxema tanlandi. Bu samaralimi?
O‘zbekistondagi eng yirik banklardan birining qarzlari aksiyalarga almashtiriladigan bo‘ldi, natijada kreditorlar (xalqaro moliya tashkilotlari) bank aksiyadorlariga aylanadi. SQB shu yo‘sinda 2024 yil oxiriga qadar xususiylashtiriladi, lekin undan keyin ham davlat eng katta aksiyador bo‘lib qolaverishi mumkin.
Prezident qaroriga muvofiq, eng yirik davlat banklaridan biri bo‘lgan O‘zsanoatqurilishbankning xususiylashtirilishi 2024 yil oxiriga qadar uzaytirildi.
Bankni xususiylashtirish uchun noodatiy sxema tanlangan. Iqtisodiyot va moliya vazirligi (1 oy muddatda) O‘zsanoatqurilishbankka ajratilgan umumiy qiymati 1 trln 280 mlrd so‘m kredit liniyalarini subordinar qarz sifatida rasmiylashtirib berishi kerak. Ya’ni bank qarz beruvchilarga 1 trln 280 mln so‘m qarzlarini to‘lamaydi, balki ularni aksiyalariga almashtiradi. Bankka 1,28 trln so‘m qarz bergan Xalqaro moliya korporatsiyasi, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (va boshqa bo‘lajak qarz beruvchilar) SQBning aksiyadorlariga aylanadi.
Strategik islohotlar agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Abdulla Abduqodirovning Kun.uz'ga aytishicha, Sanoatqurilishbankning subordinatorlik qarzlari uning moliyaviy barqarorligini ta’minlash uchun ma’lum muddatlar davomida olingan va ular hisobiga Covid-19 va undan keyingi davrlarda davlatning sanoat infrastrukturasini rivojlantirish sohasidagi bir qancha loyihalari moliyalashtirilgan.
“Bu masalaning 2 ta muhim qismiga to‘xtalsak: birinchidan, subordinar qarz o‘zi nima? Bunday qarz bu – moliya institutlari o‘rtasida biridan ikkinchisiga vaqtincha (ko‘p hollarda 5-10 yilga) beriladigan moliyaviy mablag‘lar yoki yuqori likvidli aktivlar bo‘lib, qarzni oluvchi tomonidan (uning bankrotlik holati aniqlanganda) bu qarzni qaytarish boshqa kreditorlar talablari qoniqtirilgandan keyingina amalga oshirilishini ko‘zda tutuvchi qarz turidir. Jahon amaliyotida bu amaliyot juda keng tarqalgan. Bunday instrument ko‘proq davlat tomonidan moliyaviy institutlarning faoliyati barqarorligini ta’minlash uchun qo‘llanadi. Demak, O‘zbekiston Moliya vazirligi tomonidan ham ma’lum bir muddatlar davomida “O‘zsanoatqurilishbank” AJning moliyaviy barqarorlik ko‘rsatkichlarini ko‘tarish uchun qarzlar berib borilgan”, – deydi u.
Uning qo‘shimcha qilishicha, banklarga berilgan subordinar qarzni qaytarish yoki boshqa shartlarini o‘zgartirish faqatgina Markaziy bankning ruxsati bilan amalga oshiriladi.
Abduqodirov hozirgi holatda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining investor sifatidagi taklifiga binoan hukumat bankning qarzlarini subordinatsiyalashgan qarzlar turkumiga kiritishga rozilik berganini ta’kidladi. Ya’ni qarzdan voz kechilmagan, ularni qaytarish sharti va sharoitlari o‘zgartirilgan.
“Davlat shunchaki bu qarzni kapitallashtirib, o‘z ulushi qiymatini oshirsa ham bo‘lardi. Lekin bu holda investorlar uchun bankning jozibadorligi kamaygan bo‘lar edi. Bu ham bankning moliyaviy barqarorligini ta’minlab, davlatning bu bankka nisbatan xayrihohlik darajasi o‘zgarmasligini ko‘rsatuvchi bir qadam. Bunday qadam strategik investorlar uchun juda muhim va kelajakda xususiy investorlarni bank kapitaliga jalb qilishga keng sharoit yaratib beradi”, – deya tushuntirdi u hukumatning pozitsiyasini.
Iqtisodchi Otabek Bakirovga ko‘ra, bankning ustav kapitali 4,6 trln so‘m yoki 400 mln dollar, portfel investorlarning kredit va qarz liniya esa 200 mln dollarni tashkil qiladi. Agar bu kredit va qarz liniyalari aksiyalarga konvertatsiya qilinsa, portfel investorlar birgalikda bankning 50 foiz ulushiga ega chiqishi mumkin. Bu davlat bankning nazorat paketini o‘zida saqlab qolishi mumkinligini anglatadi.
Davlat SQBni to‘liq sotmasligi haqidagi savolga javoban Abdulla Abduqodirovning aytishicha, “qaysi bank davlat qo‘lida qolishi-qolmasligi eng muhim omil emas”.
“Har qanday holatda ham banklarning barchasi bir necha yillar davomida xususiylashtiriladi.
Lekin shu jarayon davomida banklar faoliyatini transformatsiya qilish ishlari bir kunga ham to‘xtamaydi. Bu degani banklarda korporativ boshqaruv jarayoni, turli risklarni aniqlash va boshqarish, mablag‘larni jalb qilish, kreditlarni boshqarish, banklar moliyaviy barqarorligini ta’minlash va boshqa amaliyotlarning samarasini oshirish ishlari davom ettiriladi”, – dedi u.
Bank sohasida tajribaga ega Otabek Bakirov Kun.uz'ga bergan intervyusida aytgandiki, O‘zbekistonda korporativ boshqaruv yaxshi rivojlanmagani uchun bitta bankning egasi bitta mulkdor bo‘lishi ko‘proq samara beradi. Hukumat rejasida esa bankning davlatdan tashqari yana bir nechta aksiyadorlari bo‘lishi kutiladi.
“Aslida xususiylashtirish haqida gap ketganda davlatning qaysidir biznes sub’yekti tarkibidagi boshqaruvidan mulkdor sifatida to‘liq ketishi tushuniladi. Ochiq bozor, fond bozori shakllangan, erkin bozor qoidalari amal qilayotgan boshqa mamlakatlarda qaysidir yirik banklarda davlat ulushi saqlanib qolayotganini qabul qilish mumkin. Chunki u yerda kuchli korporativ qoidalar amal qiladi. Bozor davlatni bozor qoidalari asosida o‘ynashga majbur qiladi. Lekin bizga o‘xshagan bozor qoidalari tomon to‘liq yetib bormagan mamlakatlar uchun davlatning qaysidir xususiylashtirilayotgan biznesda ulushini saqlab qolishi xususiylashtirishga savollar qoldiradi”, – deydi u.
Ma’lumot o‘rnida, prezident qaroriga muvofiq, bir qator davlat banklarini xususiylashtirish muddatlari ham uzaytirildi, xususan:
- Asakabankning xususiylashtirilishi 2025 yilning oxiriga qadar;
- Qishloqqurilishbankning IPO’si esa 2024 yilning 1 martiga qadar;
- Xalq banki, Mikrokreditbank:, Aloqabank, Agrobank, O‘zmilliybanklarning IPO muddatlari 2023 yilning 1 iyulidan 2025 yilning 1 yanvariga qadar uzaytirildi.
Avvalroq, Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov banklarning xususiylashtirilishi kechiktirilishi investorlarning qiziqishiga bog‘liqligini aytgandi. Geosiyosiy vaziyat tufayli investorlar Markaziy Osiyo davlatlarida risk darajasi ortgan deb hisoblaydi. Bundan tashqari, qarz bozorida yuqori narxlar shakllanayotgani ham investorlarni Markaziy Osiyoga kirish bo‘yicha qaror qabul qilishni kechiktirishga undayapti.
Madina Ochilova tayyorladi.
Mavzuga oid
22:20 / 25.11.2024
Toshkentda Askiya bozori hududi va binolari 16,8 mln dollar boshlang‘ich narx bilan sotuvga qo‘yildi
16:31 / 25.11.2024
Xiyobonlarni xususiylashtirishni taqiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasi parlamentga kiritildi
15:44 / 21.11.2024
Toshkentdagi International va Lotte mehmonxonalari xususiylashtirildi
11:04 / 19.11.2024