Jahon | 08:12 / 14.08.2023
5376
3 daqiqa o‘qiladi

EKOVAS parlamenti Nigerga vositachilarni yuborish niyatida

G‘arbiy Afrika iqtisodiy hamjamiyati parlamenti a’zolarining aksariyati Niger ishlariga ehtimoliy harbiy aralashuvga qarshi. 

Foto: REUTERS/Mahamadou Hamidou

G‘arbiy Afrika davlatlari iqtisodiy hamjamiyati (EKOVAS) parlamenti Nigerga to‘ntarish uyushtirganlar bilan muzokaralar olib borish uchun vositachilar guruhini yuborish niyatida. Tegishli qaror parlament deputatlari tomonidan 12 avgust, shanba kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari virtual yig‘ilishda qabul qilindi, deb xabar beradi Voice of Nigeria.

Parlament EKOVASga raislik qiluvchi Nigeriya prezidenti Bola Tinubu bilan Nigerga borishga ruxsat olish uchun uchrashishni rejalashtirgan qo‘mita tuzdi, deya xabar bermoqda Reuters hamjamiyat vakiliga tayanib. 

EKOVAS mamlakatlari bostirib kirishga tayyor 

10 avgust kuni Nigeriya poytaxti Abujada bo‘lib o‘tgan maxsus EKOVAS sammitidan so‘ng hamjamiyatga a’zo davlatlar Nigerdagi vaziyatga diplomatik yechim topishga chaqirdi. Shu bilan birga, ular mamlakatda konstitutsiyaviy tuzumni tiklash maqsadida ehtimoliy harbiy aralashuv uchun javob kuchlari kiritilishini e’lon qildi. Harbiy operatsiya vaqti va uning tafsilotlari hozircha aniq emas. 

Nigerda hokimiyatni qo‘lga olgan harbiy xunta hozirgacha EKOVAS rasmiy delegatsiyalarini qabul qilishdan bosh tortib kelyapti. AFP agentligining 12 avgust kuni xabar berishicha, hamjamiyat tarkibiga kiruvchi Nigeriyadan musulmon diniy yetakchilardan iborat delegatsiya mamlakat poytaxti Niameyga yetib kelgan. 

Nigerdagi harbiy to‘ntarish 

Iyul oxirida Nigerda harbiy to‘ntarish uyushtirganlar hokimiyatni egallab oldi. To‘ntarishdan keyin G‘arbiy Afrikadagi ushbu davlatning a’zoligini to‘xtatgan EKOVAS tashkiloti va bir qator g‘arb davlatlari isyonchilarni hokimiyatni demokratik yo‘l bilan saylangan prezident Muhammad Bazumga qaytarishga chaqirdi. Shu bilan birga, EKOVAS a’zosi bo‘lgan davlatlar, yuqoridagi talab rad etilgan taqdirda, xuntaga harbiy aralashuv bilan tahdid qildi. 

Voice of Nigeria xabariga ko‘ra, EKOVAS parlamentidagi muhokamalar chog‘ida deputatlarning aksariyati Niger ishlariga ehtimoliy harbiy aralashuvga qarshi chiqdi. Boshqalar esa harbiy to‘ntarishlarga qarshi turishga chaqirdi. 

Mavzuga oid