Jahon | 09:31 / 15.08.2023
6635
2 daqiqa o‘qiladi

Nigerning yangi bosh vaziri EKOVAS sanksiyalarini tanqid qildi

Ali Lamine Zeyne Nigerga qarshi EKOVAS sanksiyalarini «adolatsiz chaqiriq» deb atadi. U Niger xalqi o‘z suverenitetini himoya qilish yo‘lini tanlaganini ta’kidladi. 

Foto: talkglitz.com

Nigerning yangi bosh vaziri Ali Lamine Zeyne G‘arbiy Afrika davlatlari iqtisodiy hamjamiyatini (EKOVAS) harbiy to‘ntarishdan keyin o‘z mamlakatiga qarshi sanksiyalar joriy etganini tanqid qildi, biroq Niger bu muammoni yengib chiqishiga ishonch bildirdi. «Bizga qarshi joriy etilgan sanksiyalar adolatsiz chaqiriq bo‘lsa-da, biz uni yengib o‘tishimizga ishonaman. Biz uni yengib o‘tamiz», dedi u 14 avgust, dushanba kuni DW mediakompaniyasiga bergan eksklyuziv intervyusida. 

Zeyne Nigerdagi harbiy to‘ntarishni qo‘llab-quvvatladi. «Xalqimiz suverenitetni himoya qilishga va bunga rozi bo‘lmagan har qanday hukumatni ag‘darib tashlashga qaror qildi. Odamlar yangi hokimiyatga ishonishi kerak, chunki biz o‘z harakatlarimizni ularga to‘liq halollik bilan xizmat qilishga qaratganmiz», dedi u. 

Nigerning yangi bosh vaziri qo‘shni Nigeriya delegatsiyasining Nigerga tashrifi va EKOVAS bilan muzokaralar haqida optimizm bildirdi. «Bu bizga ishonch bag‘ishlaydi, chunki Nigeriya delegatsiyasi Nigeriya jamiyatida ma’lum bir pozitsiya uchun ajralmas bo‘lakdir», deb tushuntirdi u. 

EKOVAS bilan hamkorlik 

Zeyne Niger, Nigeriya va EKOVAS o‘rtasidagi chuqur tarixiy umumiylikni qayd etib, ushbu umumiylikni saqlab qolishdan manfaatdorligini, shuningdek, EKOVASda birinchi navbatda iqtisodiy masalalarga e’tibor qaratilishi kerakligini ta’kidladi. 

«Birdamlikning asosiy prinsipi - jamiyatning barcha a’zolariga farovonlik uchun sharoit yaratishga imkon berish va har bir mamlakat hamjamiyatdagi bu hamjihatlikdan foyda olishini ta’minlash. Ammo, agar biz siyosiy va harbiy tamoyillar oldingi planga chiqayotganini ko‘rsak, u holda bu juda achinarli bo‘ladi», - dedi Ali Lamine Zeyne. 

Mavzuga oid