Jahon | 19:53 / 16.08.2023
10444
2 daqiqa o‘qiladi

Irland bankida xaos: nosozlik sabab mijozlar bankomatlarni «talashga tushdi»

Irlandiyadagi eng yirik bank bo‘lmish Bank of Irlandʼda yuz bergan nosozlik jiddiy muammolar keltirib chiqardi. Bankomatlar hisobida belgilaganidan kam puli bo‘lgan yoki umuman puli bo‘lmagan kartalarga naqd pul bera boshlagan.

Foto: Twitter

15 avgust kuni bank onlayn ilovasi va saytida muammo kuzatilayotgani haqida xabar beradi. Unda aytilishicha, xorijdagi mijozlar pul yubora olmayotgani sabab yoppasiga onlayn e’tiroz bildira boshlagan. Oqibatda sayt faoliyatida nosozliklar kuzatilgan. Kechga borib mijozlar Bank of Irlandʼga tegishli bankomatlardan kartada yetarli pul bo‘lmagan yoki karta hisobi butunlay 0 bo‘lgan holatda ham naqd pul yechib olish mumkin bo‘lib qolganini payqagan.

Minglab irlandlar bankomatlardan pul yechishga ulgurgan. Dublin, Limerik va Dankolkdagi bankomatlarda navbat aks etgan rasmlar tarqaldi. Politsiya bankning bir nechta ofisini nazoratga olishga majbur bo‘lgan.

Bank yuqoridagi nosozlikdan foydalanib bankomatdan hisobida pul yetarli emasligini bilgan holda ongli tarzda pul yechib olgan mijozlarni bu pullar keyinchalik kartadan qaytarib qolinishi, mablag‘ yetarli bo‘lmagan holatda karta qarzga kirishidan ogohlantirdi. Bank nosozlikdan foydalanib qolgan mijozlarga ular yechib olgan pullar boshqa mijozlarning pullari bo‘lganini eslatdi.

16 avgust kuni bank muammolarni bartaraf etib, odatiy rejimda ishlay boshladi va mijozlaridan nosozlik uchun uzr so‘radi.

Mavzuga oid