Jahon | 21:52 / 29.08.2023
34286
3 daqiqa o‘qiladi

Prigojin Peterburgda otasining yoniga dafn etildi. Jarayon yopiq o‘tgan

«Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi, 23 avgust kuni Tverdagi aviahalokat oqibatida halok bo‘lgan Yevgeniy Prigojinni ona shahri Sankt-Peterburgdagi qabristonga ko‘mishdi.

Foto: Getty Images

28 avgust kuni Rossiyadagi Telegram-kanallarda Prigojinning dafn marosimiga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida xabarlar tarqalgandi. Orada «Vagner»ga aloqador kanallar buni rad etib chiqdi. Lekin Moskva vaqti bilan soat 17:20 da Prigojinning axborot xizmatiga tegishli va ikki oy avvalgi isyondan buyon hech narsa yozilmayotgan 1,2 million o‘quvchisi bor Telegram-kanalda bu borada ikki enli e’lon paydo bo‘ldi.

«Yevgeniy Viktorovich bilan vidolashish marosimi yopiq tarzda o‘tkazildi. Istovchilar Poroxovskdagi qabristonga borishi mumkin», deb yozilgan bayonotda.

Bu xabar e’lon qilingan vaqtda qabriston yopilib bo‘lgandi. U har kuni soat 10:00 dan 17:00 gacha ochiq bo‘lishi belgilangan. «Interfaks» Prigojin axborot xizmati orqali u aynan Proxovskdagi qabristonga dafn etilganini aniqlashtirgan.

Dafn marosimida harbiylar ishtirok etmagan, u yerda faqat Prigojinning yaqinlari bo‘lgan. Marosim soat 16:00da tugagan. Tverdagi halokatda halok bo‘lgan boshqa vagnerchilar bu qabristonga ko‘milmagan.

Telegram-kanallarda e’lon qilingan kadrlardan Prigojinning qabri yoniga Iosif Brodskiyning ushbu misralari bitilgan qog‘oz bo‘lganini ko‘rish mumkin:

«Ostonaga qadam qo‘yaman, /tushunmay, ikkilanib [deyman]:/ sen o‘g‘limmisan yo Xudo? Ya’ni, o‘lganmisan yoki hayot?»

Prigojinni otasining qabri yoniga dafn etishgan. Rus nashrlari yozishicha, Prigojin ko‘milganda harbiy odat bo‘yicha o‘q uzilmagan. Odatda Rossiya Qahramonlari o‘lganda dafn marosimida harbiy chest beriladi, bu gal ushbu odat ham kuzatilmagan. Dafn marosimida 20-30 chog‘li odam qatnashgan.

Dafn marosimi haqida xabarlar paydo bo‘lgach, qabriston oldida Rosgvardiya xodimlari paydo bo‘lgan. Kiraverishda esa metall izlovchi uskuna o‘rnatilgan.

Ukraina prezident ofisi vakili Mixaylo Podolyakning aytishicha, Prigojinning dafn marosimini «Putinning qo‘rquvi sabab» maxfiy tarzda o‘tkazishgan. «Vagner» sobiq rahbari Tver oblasti osmonida namoyishkorona o‘ldirilganidan keyin ham rossiyalik diktator ommaviy namoyishlardan vahimaga tushib qo‘rqadi. Xotiralardan, shubhalardan, taqqoslashlaridan qo‘rqadi. U o‘z «qahramonlari»dan ham qo‘rqadi», deydi Podolyak.

Yevgeniy Prigojinning dafn marosimi haqida ma’lumotlar u o‘tib bo‘lguniga qadar sir tutildi. Peterburgdagi Severniy va Serafimov qabristonlarida 29 avgust kuni politsiya va vagnerchilarni payqashgan, ammo bu Prigojinning dafn marosimi ekani haqida aniq ma’lumot bo‘lmagan.

Jurnalistlar Kreml rasmiysi Dmitriy Peskovdan Putin «Vagner» asoschisining dafn marosimiga borishi ehtimoli haqida so‘rashgandi. Peskov qisqa qilib xo‘jayinining bunday rejasi yo‘qligini aytgan.

Mavzuga oid