Jamiyat | 15:40 / 01.09.2023
34632
8 daqiqa o‘qiladi

«Yevgeniy Onegin» – boy berilgan muhabbat, tahqirlangan hislar haqida asar

Hech sizda shunday hol sodir bo‘ladimi: bilimingiz, aqlingiz hamma narsaga yetadi. Hech narsadan kamingiz yo‘q. Ammo atrofga befarq va loqaydsiz. Biror narsa qilishingiz kerakligini bilasiz, lekin qilolmaysiz, bajarishni istamaysiz. Bunday odam ichki ziddiyatlarga to‘la, murakkab odam hisoblanadi. Pushkinning «Yevgeniy Onegin» asari bosh qahramoni ham xuddi shunday inson. 

Syujyet:

Yevgeniy Onegin sankt-peterburglik zodagonlardan bo‘lib, uning hayoti bazmlar, konsertlar, partiyalar iborat edi xolos. Boyvachcha amakisining o‘limidan so‘ng unga katta boylik va yer mulki meros bo‘lib qoladi. Yevgeniy boshqa mamlakatga ko‘chib o‘tgach, u yerda qo‘shnisi, yosh shoir Vladimir Lenskiy bilan do‘stlashadi. Lenskiy Oneginni o‘zining turmush o‘rtog‘i, xushchaqchaq, ammo hayot mazmuni haqida o‘ylamaydigan Olga Larinaning oilasi bilan kechki ovqatga olib boradi. Bu uchrashuvda u Olganing opasi Tatyanani ko‘rib qoladi. 

Tabiatan sokin, odamovi va Olganing teskarisi bo‘lgan Tatyana Oneginni yoqtirib qoladi. Ko‘p o‘tmay, u sevgisini e’tirof etib, Oneginga xat yozadi. Uning kutganidan farqli o‘laroq, Onegin javob yozmaydi. Ular shaxsan uchrashganda, yigit xushmuomalalik bilan, lekin mensimay va tanbeh tarzida uning bu tashabbusini rad etadi. Bu mashhur nutq ko‘pincha Oneginning va’zi deb ataladi: u maktubning ta’sirli ekanini tan oladi, lekin tezda turmush qurishdan zerikishini, oilaviy hayotni xohlamasligini, faqat Tatyanaga do‘stlikni taklif qila olishini bildiradi.

Keyinchalik Lenskiy Oneginni Tatyananing tug‘ilgan kunini nishonlashga taklif qiladi. Onegin o‘zi va Tatyanani g‘iybat qiladigan mehmonlardan, uni kelishga ko‘ndirgan Lenskiydan g‘azablanadi. U Olga bilan raqsga tushish orqali do‘stidan o‘ch olishga qaror qiladi. Jiddiy va tajribasiz Lenskiyga bu qattiq ta’sir qiladi. U Oneginni duelga chaqiradi. Onegin kiborlar orasida dueldan bosh tortish or-nomus masalasi ekanini his qilib, istamay qabul qiladi. Duel paytida Onegin beixtiyor Lenskiyni o‘ldiradi. Shundan so‘ng u o‘z uyini tashlab, pushaymonlik tuyg‘usini o‘chirish uchun chet elga sayohatga ketadi. Onegindan ayrilib yuragi ezilgan Tatyana esa Moskvada xolasi bilan yashashga ketadi.

Oradan bir necha yil o‘tib, Sankt-Peterburgda katta bazm bo‘ladi. Onegin ham bazmda qatnashish va eski rus jamiyati rahbarlari bilan muloqot qilish uchun keladi. U hammaning e’tiborini o‘ziga tortadigan, jamiyat girdobida markaziy o‘rinni egallagan eng go‘zal ayolni ko‘radi. Onegin u ayol bir vaqtlar sevgisini rad qilgan o‘sha Tatyana ekanini tushunadi. Endi u keksa shahzodaga (general) turmushga chiqqan edi. Tatyanani qayta ko‘rganida, u turmushga chiqqan bo‘lishiga qaramay, uning mehrini qozonishga intiladi. Uning urinishlari rad etiladi. Onegin ayolga bir nechta xat yozadi, lekin hech qanday javob olmaydi. Oxir-oqibat, yigit Tatyanani ko‘rishga muvaffaq bo‘ladi va unga birga qochib ketishni taklif qiladi. Tatyana uni hali ham sevishini tan olsa-da, oilasining buzilishiga yo‘l qo‘ymaydi, eriga sodiq qolishga qaror qilganini aytadi.

Tahlil:

Onegin o‘z zamondoshlariga qaraganda ilg‘or fikrlaydi, ma’nan boy. Biroq shu boylikni ishlatgisi kelmaydi. Jamiyatdagi soxtalikni his qilib turadi. Jirkanadi. Munofiqlik, aldovlarni idrok etadi. O‘zini bunday muhitga begona his qiladi. Bunday hayotdan kechib ham ketolmaydi. Shu sababdan ham atrofga beparvo qaraydigan, karaxt holatda hayot kechiradigan bo‘lib qoladi. Nima qilsa ham Onegin shu muhitning bolasi-da! Ming jamiyat urf-odatlaridan, sarqitlaridan nafratlansa-da, kurasholmaydi. Kurashsa ham g‘alaba qozonolmasligi aniq! Chunki o‘zining hayoti tartibsiz. Tahlil qilinmaydi. 

Tatyana Larina asardagi yorqin obraz. Uning qalbi musaffo, orzulari billurdek tiniq. Ko‘ngliga zig‘ircha g‘ubor qo‘nib ulgurmagan. Uning o‘z dunyosi bor. Bu dunyoda mehr va muhabbatga to‘la qalb yashiringan. Tatyana Oneginda dardli, bezovta odamni ko‘ra bildi. Sevib qoldi. 

Asarning kulminatsiyasi hisoblangan Tatyananing maktubi qismida bechora qiz ne-ne ikkilanish, iztiroblar ichida Oneginga xat yo‘llaydi. Ammo yigit qizning beg‘ubor muhabbatini rad etdi. Chunki Onegin yengil-yelpi his-tuyg‘ularning sarguzashtlariga o‘rgangan, sevgi uning ermagiga aylanib ulgurgan, u uchun muhabbat deb atalmish bebaho tuyg‘u o‘z qiymatini yo‘qotgandi. O‘tkinchi his-tuyg‘ulardan bezgan yuragi Tatyananing sof, pokiza hislariga tayyor emasdi (balki, bunday samimiyatga o‘zini munosib ko‘rmagandir). 

Oneginning rad etayotgandagi har bir so‘zi Tatyananing yuragiga nashtardek sanchiladi. Ammo yigit beparvo. Qiz sho‘rlik nima qilsin! Shunday qilib qiz iztirobda, yigit esa o‘zining eski dilxushliklari bilan ovora holatda yashashda davom etishaveradi. 

Asar oxirida Oneginning yuragida, umuman, hayotida o‘zgarish sodir bo‘ladi. U Tatyanani kiborlar olamida, aslzodalar jamiyatida ko‘rib, sevishini anglab qoladi. Oneginning qalbi tubiga cho‘kib ketgan samimiylik, soflik tuyg‘ulari yuzaga chiqa boshlaydi. Afsuski, endi Tatyana o‘zganing ayoli bo‘lgandi. Bu narsa bir tarafdan Oneginga alam qilsa, boshqa tomondan Tatyanaga bo‘lgan muhabbati unga xursandchilik, mamnunlik baxsh etardi. Bir paytlar qizni azoblagan javobsiz tuyg‘ular endi ikki barobar bo‘lib Oneginning bag‘riga xanjar urardi. Tatyana tabiatiga sodiq holatda hamon Oneginni sevardi. Ammo qiz uchun muhabbatdan ko‘ra sadoqat go‘zalroq ko‘rinardi. Oilaga sadoqat yo‘lida boshqa muhabbatning rad qilinishi ham go‘zaldir. Aynan mana shu asarda muhabbatning rad qilinishi chiroyli hodisa qilib ko‘rsatilgan. Qiz turmush o‘rtog‘iga xiyonat qilmadi. Oilani his-tuyg‘ularidan ustun deb bildi. Bir ayol uchun bundan ortiq oliyjanoblik bormi? 

Adabiy tanqidchi Vissarion Belinskiy «Yevgeniy Onegin»ni «rus tarixining ensiklopediyasi» deb ataydi. Boisi Pushkin asarda jamiyatning hamma muammolarini birma-bir qalamga olib o‘tgan. Asarda kundalik ikir-chikir muammolarga to‘la dvoryanlarning mazmunsiz hayoti aks ettirilgan. Oneginning fojiasi shundaki, u o‘zi yashagan muhit chirkinliklariga o‘zini bepisand tutish orqali isyon qilgandek bo‘ldi-yu, biroq bu bilan hech narsaga erisholmasligini, aksincha, vaziyatni battar chigallashtirishini tushunib yetmadi…

Ba’zan aslida bizga aziz bo‘lgan narsa yoki kishilarning qadrini yo‘qotganimizda bilamiz. Hayotimizning mazmunli va farovon o‘tayotganini notinchlik boshimizga tushganida anglaymiz. Bu inson tabiatida doimo yashaydigan holat. Ammo baribir imkon qadar biz uchun in’om etilgan ne’matlarni borida qadrlashga harakat qilishimiz lozim.

Gulasal Qodirova,
kitobxon

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.

Mavzuga oid