Zulm saltanatining qonli «nayza»si – NKVD haqida
NKVD – bir paytlar bu nomni eshitgan odamlar qo‘rquvdan dahshatga tushgan. 1930-yillarda tashkil etilgan bu tashkilot Stalin boshqaruvi paytida millionlab insonlarning nohaq jazolanishida bosh-qosh bo‘lgan. Ayniqsa unga Lavrentiy Beriya rahbar bo‘lgan yillarda mislsiz qatag‘onlar o‘tkazilgan.
XX asrda 69 yil yashagan SSSRda ko‘plab qatag‘onlar o‘tkazilgan. Ularning asosiy qismi mustabid hukmdor Iosif Stalin SSSRni boshqargan paytga to‘g‘ri keladi. Ana qatag‘onlarda Stalinning asosiy jazo quroli NKVD edi.
SSSRni 31 yil boshqargan Stalin tarixda eng qonxo‘r hukmdorlardan biri deb ta’riflanadi. Bu bejizga emas. Aynan u hukmronlik qilgan yillarda Yevrosiyoning katta qismida bir necha o‘n million aybsiz insonlar qamalgan va o‘ldirilgan.
O‘sha paytda Stalin qatag‘onlarini amalga oshirish uchun SSSRda ikkita qo‘rqinchli tashkilot tuzilgan. Biri GULag (Glavnoye upravleniye lagerey – Qamoqxonalar bosh boshqarmasi), ikkinchisi NKVD (Narodniy komissariat vnutrennix del – Ichki ishlar xalq komissariati). (GULag 1930 yil 1 oktyabr kuni tuzilgan va 1934 yilda NKVD tuzilgach, uning tarkibiga kiritilgan).
NKVD xodimlari odamlarni hibsga olish va tergov qilish bilan shug‘ullangan bo‘lsa, GULag jazoni ijro etish muassasasi sifatida mahkumlarni mislsiz azobga giriftor qilgan.
NKVD tarixi
Tarix kitoblarida NKVD bundan 86 yil avval, 1934 yil 10 iyul kuni tashkil etilgan deb yozilgan bo‘lsa ham aslida bu tashkilotning tarixi 1917 yilda sodir etilgan oktyabr to‘ntarishiga borib taqaladi.
Rossiyada hokimiyatni qo‘lga olgan bolsheviklar Rossiya imperiyasiga tegishli bo‘lgan barcha tashkilotlarni tarqatib yuboradi va ularni qaytadan tuzadi. Yangi hukumatda Rossiya imperiyasi davrida bo‘lgan bosh vazir lavozimi ham tugatiladi.
Shundan so‘ng Vazirlar mahkamasining nomi Xalq komissariati deb o‘zgartiriladi. Vazirliklar esa komissariatlarga aylantiriladi. Vazirlarning o‘rnini xalq komissarlari egallaydi.
Ana o‘sha paytda NKVD RSFSRda ichki ishlar idorasi sifatida tuzilgan edi. 1923 yilga kelib RSFSR tarkibidagi ko‘plab avtonom hududlar ittifoqdosh respublikaga aylantiriladi.
Shundan so‘ng NKVDning nomi o‘zgaradi va SSSR ichki ishlar xizmati – OGPU (Obednennoye gosudarstvennoye politecheskoye upravleniye – Birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi) deb atala boshlanadi.
1934 yil 10 iyul kuni SSSR markaziy ijroiya qo‘mitasi qarori bilan OGPU qayta NKVD deb nomlanadi. Davlat xavfsizligi bosh boshqarmasi uning tarkibiga kiritiladi.
1946 yil 22 mart kuni NKVD SSSR ichki ishlar vazirligi deb qayta nomlanadi. Biroq xalq uni NKVD deb atashda davom etadi.
NKVD tarkibi
O‘sha paytda NKVD tarkibida ko‘plab boshqarmalar bor edi. Bular:
- Davlat xavfsizligi bosh boshqarmasi;
- Ishchi-dehqon militsiyasi bosh boshqarmasi;
- Chegara va ichki qo‘riqlash bosh boshqarmasi;
- Yong‘indan asrash bosh boshqarmasi;
- Axloq tuzatish lagerlari bosh boshqarmasi (Keyinchalik GUlag Glavnoye upravleniye lagerey – Qamoqxonalar bosh boshqarmasi deb o‘zgartirilgan);
- Fuqarolik holatlarini qayd etish bo‘limi;
- Ma’muriy xo‘jalik boshqarmasi;
- Moliya bo‘limi;
- Kadrlar bo‘limi;
- Maxsus vakolatli bo‘lim
O‘sha paytda NKVDning Moskvada joylashgan bosh qarorgohida qariyb 10 ming kishi ishlagan.
NKVD tarkibidagi tuzilmalar orasida Davlat xavfsizligi bosh boshqarmasi eng muhim tashkilot edi. Uning tarkibida ham bir qator muhim bo‘limlar bo‘lgan.
Jumladan:
- Maxsus bo‘lim (kontrrazvedka);
- Maxfiy siyosiy bo‘lim (siyosiy dushmanlarga qarshi kurash bo‘limi);
- Iqtisodiy bo‘lim (sabotaj va zararkunandalarga qarshi kurash bo‘limi);
- Xorijiy bo‘lim (tashqi razvedka);
- Tezkor bo‘lim (Partiya va hukumat rahnamolarini qo‘riqlash, tintuv o‘tkazish, ularni qamoqqa olish va kuzatuv);
- Maxsus bo‘lim (maxfiylikni ta’minlash va hujjatlarni shifrlash);
- Transport bo‘limi (Transportdan foydalanib qo‘poruvchilik qiluvchilarga qarshi kurash);
- Hisobga olish va statistika bo‘limi (Tezkor ro‘yxatga olish, statistika va arxiv) bo‘lgan.
NKVD rahbarlari
NKVDning yigirma yillik tarixida uch nafar rahbar bo‘lgan. Uning birinchi rahbari Genrix Yagoda edi. Bu odam NKVD xalq komissari sifatida bor-yo‘g‘i ikki yil ishlaydi.
1936 yilda kutilmaganda Yagoda ishdan bo‘shatilib, o‘rniga o‘sha yili 26 sentabrda Nikolay Yejov tayinlanadi. Yagoda SSSR aloqa xalq komissari etib tayinlanadi.
NKVDdan bo‘shatilib boshqa sohada xalq komissari etib tayinlanganida Yagoda Stalinning jazo mashinasidan oson qutuldim deb o‘ylagan bo‘lsa ajabmas. Biroq unday emasdi.
1937 yilda Yagoda qo‘qqisdan qamoqqa olinadi. Uni Maksim Gorkiy va uning o‘g‘lining o‘limi va yana boshqa ko‘plab jinoyatlarda ayblashadi. Qariyb bir yil davom etgan tergovdan so‘ng 1938 yil 15 mart kuni Yagoda otib tashlanadi.
Yagoda qo‘lga olinganda uning qo‘liga kishanni shaxsan Yejovning o‘zi taqqan va o‘shanda bunday taqdir o‘zining boshiga ham tushishi NKVD rahbarining xayolida ham yo‘q edi.
NKVDga Yejov rahbar bo‘lgach SSSR bo‘ylab Yagoda davrida boshlangan qatag‘onlar avjiga chiqadi. Millionlab insonlar davlatga xiyonatda ayblanib, xalq dushmani sifatida jazolanadi. Ularning bir qismi GULag qamoqxona lagerlariga jo‘natilgan bo‘lsa, boshqalari otib tashlanadi.
O‘sha paytda Yejov Stalinga hibsga olishlar va jazolashlar haqida 15 000 ta murojaat, doklad va so‘rovnoma olib kirgan.
Garchi «ulug‘ dohiy»ga sadoqat bilan xizmat qilgan bo‘lsa-da Yejov NKVDda uzoq ishlay olmadi. Uning boshiga ham o‘zi hibsga olgan Yagodaning kuni tushadi.
Salkam ikki yil NKVDni boshqargan Yejovga 1938 yil 8 aprelda boshqa vazifa – SSSR suv transporti komissarligini ham berishadi. Ana shu paytda uning boshi ustida qora bulutlar aylanayotgan edi.
Oradan sakkiz oy o‘tib 1938 yil noyabrda Yejov NKVD rahbarligidan bo‘shatiladi va Suv transporti komissari vazifasini saqlab qoladi.
NKVDda uning o‘rnini Lavrentiy Beriya egallaydi. Oradan besh oy o‘tib 1939 yil 9 aprel kuni Yejov qamoqqa olinadi va sud qilinib 1940 yil 5 fevral kuni otib tashlanadi.
Tarix takrorlanadi va bu safar Yejovning qo‘liga kishanni shaxsan Lavrentiy Beriya taqib, uni xonasidan olib chiqib ketadi.
Lavrentiy Beriya
NKVDning uch rahbari orasida amal kursisida eng uzoq o‘tirgan shaxs – bu Lavrentiy Beriya hisoblanadi. U bu tashkilotga 15 yil rahbarlik qilgan.
Beriya 1938 yil dekabr oyida NKVD rahbari etib tayinlanadi. U Yagoda davrida boshlangan va Yejov davrida avj olgan qatag‘onlarni davom ettiradi.
Stalinning eng yaqin odami bo‘lgan Beriya SSSRdagi barcha kuchishlatar tuzilmalari, qurolli kuchlari, armiya va qurollanish tizimini boshqaradi.
Jumladan, Mudofaa, Ichki ishlar, Milliy gvardiya, tashqi va ichki razvedka, KGB kabi qo‘lida qurol ushlashi mumkin bo‘lgan barcha sohalar uning nazoratida edi.
Beriya istalgan vaqtda istagan odamini davlatda xiyonatda ayblab qamoqqa olishi va otib tashlashi yoki SSSRdagi eng dahshatli qamoqxona lagerlariga yuborishi mumkin edi.
SSSRda insoniyatga qarshi sodir etilgan jinoyatlarning aksariyati Beriya boshchiligida qilingan. Masalan, Smolensk yaqinidagi Katin o‘rmonida qariyb 20 ming polyak harbiy asirlarining qatl etilishi, Kavkazdagi xalqlar va qrimtatarlarning surgun qilinishi aynan Beriyaning tashabbusi bo‘lgan.
U o‘z rahnamosi topshirgan eng murakkab vazifalarni sadoqat va sovuqqonlik bilan bajarardi.
Beriya NKVD rahbari bo‘lganida mamlakat bo‘ylab bu tashkilotning millionlab ayg‘oqchilari va chaqimchilari bo‘lgan.
Ularning «vatan uchun qilgan xizmatlari» evaziga har kuni minglab, o‘n minglab insonlar ustidan chaquv tushgan, begunoh insonlar hibsga olingan.
Beriya SSSRda joriy qilingan barcha orden va medallar, turli mukofotlar bilan «siylangan». Jumladan, u Sotsialistik mehnat qahramoni, 5 marta Lenin ordeni, ikki marta Qizil bayroq ordeni va yana ko‘plab orden va medallar olgan.
Bundan tashqari 1953 yilgacha (Beriya hibsga olinib otib tashlanguncha) SSSRdagi juda ko‘plab obektlarga uning nomi bilan atalgan.
Jumladan, bir nechta tuman, shaharcha, qishloqlarga, oliy ta’lim muassasasi, ko‘plab ko‘cha, zavod va fabrikalarga, kema, stadionga Beriya nomi berilgan.
Beriya Iosif Stalin vafot etguncha NKVD rahbari bo‘lib qoladi. 1953 yil bahorda «Xalqlar dohiysi» vafot etgach uni qamoqqa olishadi.
Bir paytlar Yagoda va Yejovning kuni Beriyaning ham boshiga tushadi. 1953 yilda uning qo‘liga kishanni Ikkinchi jahon urushining afsonaviy qahramonlaridan biri marshal Georgiy Jukov taqqan edi. Ko‘p o‘tmay Beriyani sud qilib otib tashlashadi.
Shu tariqa NKVDga rahbarlik qilgan va Stalinga tegishli qatag‘on mashinasining eng muhim murvatlari sifatida millionlab insonlarning qamalib ketishiga va o‘limiga sababchi bo‘lgan NKVDning uch rahbarining taqdiri ayanchli tugagan.
Shu tariqa NKVDning haddan ortgan zo‘ravonliklari Stalin vafoti bilan tugadi va yangi rahbar Nikita Xrushchyov davriga kelib odamlar biroz yengil nafas ola boshlaydi.
Keyinchalik, NKVD tarqatib yuboriladi va uning tarkibida bo‘lgan Ichki ishlar vazirligi, davlat xavfsizlik xizmati va boshqalar alohida tashkilotga aylantiriladi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
19:55 / 23.12.2024
Unutilgan qahramon. Milliy ozodlik harakati rahbari Madaminbek kim edi?
14:59 / 15.12.2024
KGBni dog‘da qoldirgan ayol – Stalinning qizi nega AQShga qochib ketgandi?
14:37 / 08.12.2024
KGB boshlig‘idan davlat rahbariga aylangan shaxs – qattiqqo‘l Andropov suiqasd qurboni bo‘lganmi?
12:13 / 07.12.2024