O‘zbekiston | 20:25 / 04.09.2023
6583
2 daqiqa o‘qiladi

«Ibratli oila» ko‘krak nishonini berish tartibi belgilandi 

Ko‘krak nishoni bilan oila institutini mustahkamlash, oilaviy qadriyatlarni saqlash va rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan namunali oilalar taqdirlanadi. 

Foto: Kun.uz

«Ibratli oila» ko‘krak nishonini berish tartibini belgilovchi hukumat qarori qabul qilindi. 

Unga ko‘ra, ko‘krak nishoni bilan farovon va barqaror oilalarning hayotiy tajribalarini ommalashtirish, oila institutini mustahkamlash, oilaviy qadriyatlarni saqlash va rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan namunali oilalar taqdirlanadi. 

Qarorga muvofiq:

- Har yili 1 martgacha Xotin-qizlar faollari, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyalari tomonidan ko‘krak nishoni bilan taqdirlashga oid takliflar shakllantiriladi;  

- Takliflar tuman (shahar) kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limlariga taqdim etiladi; 

- Har yili 15 martgacha nomzod oilalar har tomonlama o‘rganilib, 15 aprelgacha eng munosiblari bo‘yicha yakuniy xulosa qabul qilinadi.  

Nomzod oilalar tanlanayotganda, jumladan, quyidagilarga alohida e’tibor qaratiladi: 

- oilada va jamoat joylarida kutubxonalar tashkil etgan;

- oila a’zolari ilmli, ziyoli bo‘lgan, shuningdek, ilmiy darajaga ega bo‘lgan;

- ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni farzandlikka, vasiylikka, homiylikka olgan;

- oilaviy sport bilan shug‘ullanib, respublika va xalqaro darajadagi yutuqlarga erishgan;

- oilaviy tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yib, iqtisodiyotni rivojlantirishga hissa qo‘shayotgan oilalar.

Ko‘krak nishoni bilan mukofotlangan oilalar 15 may – Xalqaro oila kuni bayrami arafasida tantanali taqdirlanadi.  

Taqdirlangan ibratli oilalarga BHM 4 baravari (hozir 1 mln 320 ming so‘m) miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti beriladi. 

Ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan oilalar yashaydigan xonadonlar va uy-joylarning kirish qismiga «Ibratli oila» belgisi o‘rnatiladi.

Bir oila ko‘krak nishoni bilan bir marta taqdirlanadi. 

Mavzuga oid