Jamiyat | 09:30 / 10.09.2023
26414
2 daqiqa o‘qiladi

Kumushkonda II-VI asrlarga oid qabr topildi

Foto: O‘zA

Toshkent viloyati Parkent tumani «Kumushkon» MFYda yerdan 50 santimetr pastlikda ochilib qolgan o‘tov shaklidagi bo‘shliqdan to‘qqiz dona sopol idishlar topildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi xodimlari tomonidan yuqorida manzili ko‘rsatilgan joy tekshirilganda, balandligi 1,5–1,6 metr, diametri 1,8–1,9 metr, ichki shifti gumbaz shaklida bo‘lgan yerosti qurilmasi qadimiy qabr qo‘rg‘oni bo‘lgani aniqlangan.  

Qabrdan olingan sopol idishlar marhumlarni dafn etish chog‘ida qabrning chetlariga qo‘yib chiqilgan bo‘lgan. Ularning barchasi qo‘lda, ya’ni kulolchilik charxi yordamisiz yasalgan. Idishlarning ustiga qizg‘ish rangdagi suyuq angob (bo‘yoq) surtilgan. Ularni yasashda loyiga mayda qum-toshlar, maydalangan ohaktoshlar aralashtirilgan.  

Bu topilgan idishlarning uch donasi bir baldog‘li ko‘za, bir donasi ikki baldog‘li tuvak, ikki donasi bir baldog‘li qadah (krujka), ikki donasi kosa va bir donasi piyola bo‘lib, aftidan, ularga suyuqlik quyilib, qabrga qo‘yilgan.

«Afsuski, suyuqliklar uzoq yillar davomida parlanib yo‘q bo‘lib ketgan. Faqatgina ko‘zalardan birida sut qaymog‘ining kukun shaklidagi qoldiqlari saqlangan»,  deyiladi xabarda.

O‘rganishlarga asoslanib topilgan qabr va undagi topilmalar II–VI asrlarga tegishliligi taxmin qilinmoqda.  

Mavzuga oid