O‘zbekiston | 23:00 / 13.09.2023
12051
2 daqiqa o‘qiladi

“Lukoyl” kompaniyasi “SRP” doirasida O‘zbekistonga to‘lagan mablag‘ ochiqlandi

“Lukoil Uzbekistan” kompaniyasi 2023 yilning 1-yarmida mahsulot taqsimoti bitimi doirasida davlatga 103,1 mln dollar to‘lagan. O‘zbekistonda gaz qazib oluvchi korxonaning bunday bitim doirasidagi to‘lovi ilk marta ochiqlanmoqda.

Foto: Izvestiya

O‘zbekistondagi bir qator gaz konlariga egalik qiluvchi “Lukoil Uzbekistan Supply and Trading Ltd” kompaniyasi mahsulot taqsimoti bitimi doirasida 2023 yilning 6 oyi davomida davlatga 103,1 mln dollar to‘lagan.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi e’lon qilgan 2023 yil 1-yarmi bo‘yicha davlat budjeti ijrosi hisobotida keltirilishicha, bu mablag‘ milliy valutaga konvertatsiya qilinib, davlat budjeti daromadlariga (1 trln 213,8 mln so‘m) o‘tkazilgan.

Bu – O‘zbekistondagi gaz konlariga egalik qiluvchi korxonalar tomonidan mahsulot taqsimoti bitimlari (SRP) doirasida davlatga to‘langan mablag‘larning ilk marta ochiqlanishi bo‘ldi. Vazirlik hisobotida “Lukoyl”dan boshqa kompaniyalar bilan tuzilgan bitimlar bo‘yicha daromadlar ochiqlanmagan.

2023 yil fevralida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov bergan ma’lumotga ko‘ra, Rossiyaning “Lukoyl” kompaniyasi bilan tuzilgan qo‘shma korxona O‘zbekistonda 13 ta kondan tabiiy gaz, kondensat va oltingugurt qazib oladi. Mahsulot taqsimoti bitimiga asosan, korxona faoliyatidan olingan foydaning 50 foiziga “Lukoyl”, 50 foiziga davlat egalik qilishi belgilangan.

Shuningdek, qo‘shma korxonada investor sifatida “O‘zbekneftgaz” 10 foiz ulushga ega ekani hisobiga, yakuniy foydaning 55 foizi O‘zbekiston tomoniga, 45 foizi Rossiya tomoniga tegishli bo‘lishi aytilgan.

Yil boshida, shuningdek, O‘zbekistonda 295 ta neft va gaz koni ochilgani, shulardan 60 foizi qo‘shma korxonalar va xorijiy kompaniyalar ixtiyorida ekani ma’lum bo‘lgandi.

Mavzuga oid