«Markaziy Osiyo – AQSh» sammiti qaysidir davlatga qarshi qaratilmagan - Sallivan
Bayden Markaziy Osiyo yetakchilari bilan nimani muhokama qilmoqchi? U prezidentlarni Vashingtonga nega taklif qilgan?
AQSh prezidenti Jo Bayden yangi hafta boshida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari bilan uchrashuv rejalashtirgan. Bu haqda AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan brifing vaqtida ma’lum qildi.
Jo Bayden BMT Bosh Assambleyasining Nyu-Yorkdagi 78-sessiyasida nutq so‘zlaganidan so‘ng Markaziy Osiyoning beshta davlati — O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston rahbarlari bilan ilk bor uchrashuv o‘tkazadi.
«Aslida, „C5+1“ [dialog formati] 2015 yilda boshlangan. Keyingi yillarda u yanada mustahkamlandi. Va endi biz birinchi marta yetakchilar darajasidagi uchrashuvni ko‘ramiz», — deya ta’kidladi u.
Bayden maslahatchisining qo‘shimcha qilishicha, uchrashuvda mintaqaviy xavfsizlikdan tortib savdo va aloqalar, iqlim o‘zgarishi va boshqaruvni yaxshilash va qonun ustuvorligini mustahkamlash bo‘yicha olib borilayotgan islohotlargacha bo‘lgan «bir qator masalalar» muhokama qilinadi. Hozircha uchrashuv vaqti ma’lum qilinmagan.
Jurnalistlardan birining sammitni Xitoyga signal sifatida ko‘rish kerakmi va undan qanday natijalar kutilmoqda, degan savoliga Jyeyk Sallivan shunday javob qaytargan: «Quloq soling, bu sammit qaysidir bir davlatga qarshi qaratilmagan. Bu biz ishlashni istagan ushbu mamlakatlar bilan bo‘ladigan pozitiv kun tartibi haqida».
«Biz muhim sohalarda birgalikda ishlash niyatimiz ko‘rsatiladigan qo‘shma bayonot natijasini kutamiz va Qo‘shma Shtatlar buni samarali amalga oshirish uchun ma’lum resurslarni taqdim etadi», — deya qayd etgan maslahatchi.
Uchrashuvda Rossiya g‘arb sanksiyalarini Markaziy Osiyo mamlakatlari orqali aylanib o‘tishiga qarshi kurashish masalasi muhokama qilinishiga ham aniqlik kiritilmagan. Avvalroq AQSh Davlat departamentining sanksiyalar bo‘yicha koordinatori Jim O’Brayyen Qozog‘istonni RFga g‘arb tomonidan qo‘yilgan cheklovlarni aylanib o‘tishda yordam berayotgan besh mamlakatdan biri sifatida sanagandi (uning ro‘yxatidan Turkiya, BAA, Gurjiston va Armaniston ham o‘rin olgan).
CNN telekanalining aniqlik kiritishicha, AQSh prezidenti Markaziy Osiyoning beshta davlati rahbarlari bilan uchrashuv arafasida BMT Bosh Assambleyasida nutq so‘zlaydi va u yerda «dunyodagi dolzarb muammolarni hal qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilab beradi».
«Markaziy Osiyo – AQSh» sammiti (5+1) 19-20 sentabr kunlariga rejalashtirilgan.
Mavzuga oid
22:47 / 25.12.2024
Putin yana “tarixiy hududlar” haqida gapirdi. U qayerlarni aytyapti?
20:16 / 24.12.2024
WP: Bayden Putinga «xayrlashuv zarbasi» - Rossiya energetikasiga qarshi sanksiyalar tayyorlamoqda
17:40 / 24.12.2024
Bayden 2025 yil uchun rekord darajadagi AQSh mudofaa budjetini tasdiqladi
18:12 / 23.12.2024