O‘zbekiston | 18:30 / 23.09.2023
13503
3 daqiqa o‘qiladi

Namanganda 450 nafar bola kasallangan, ularning 143 nafari tuzalgan - SSV

Bolalardan olingan tahlillar mutaxassislar tomonidan o‘rganilmoqda. Hozircha bolalarning zaharlanishi dori yoki ovqatdan ekani tasdiqlanmagan.

Foto: Reuters

Namanganda oxirgi ikki kun mobaynida bolalarning kasallanish holati bilan bog‘liq 450 ta murojaat kelib tushgan. Ularning eng ko‘pi — 306 tasi Chust tumaniga to‘g‘ri kelmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirining (SSV) o‘rinbosari Elmira Bositxonova ma’lum qildi.

Respublika ishchi guruhi rahbari so‘zlariga ko‘ra, bolalarning zaharlanishi dori yoki ovqatdan ekani tasdiqlanmagan. Ulardan 143 nafari tuzalgan, qolganlari esa muntazam nazorat ostida, ahvoli og‘irlar yo‘q.

«Xavotirlarimiz asosan dori yoki ovqatdan zaharlanish bilan bog‘liq edi. Hozircha bu gumonlar tasdiqlangani yo‘q. Chunki doridan zaharlanish darrov ayon bo‘ladi, taomdan zaharlanish esa tezkor tahlillarda ko‘rinadi. Asosiy taxminimiz o‘tkir respirator virusli infeksiyalar bilan bog‘liq. Chunki shifoxonalarga murojaat etganlar orasida taxminan 20 nafari yod preparatini umuman qabul qilmagan. Qolaversa, olingan 46 ta PZR-testdan ikkitasida kovid alomatlari aniqlandi», dedi Elmira Bositxonova.

Vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, bolalarda yod yetishmovchiligining oldini olish bo‘yicha loyihaga bir yil davomida tayyorgarlik ko‘rilgan, tanlangan preparat xalqaro sertifikatga ega. Respublika bo‘yicha 3 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan jami 6,5 million bolaga ushbu dori berilgan.

«Dori qabul qilgan bir oiladagi ikki farzandning biri sog‘lom holatda, ikkinchisida kasallik alomatlari ko‘rinmoqda. Undan tashqari, preparat barcha hududlarga bir xil tarqatilgan, Toshkentga alohida, Namanganga alohida yuborilmagan. Hozir shifoxonaga yotqizilgan bolalardan olingan tahlillar mutaxassislar tomonidan o‘rganilmoqda, tahlil natijalarini olganimizdan so‘ng, yana uch-to‘rt kundan keyin aniq bir to‘xtamga kelishimiz mumkin bo‘ladi», dedi Respublika ishchi guruhi rahbari.

Avvalroq, Sog‘liqni saqlash vazirligi Namanganda o‘nlab bolalarning salomatligi yomonlashishiga sabab qilib ko‘rsatilayotgan «Kaliy yodid 1 mg (0,001) tabletka №100 (Antistrumin)» dori vositasi iste’molini laboratoriya xulosalari chiqqunga qadar zudlik bilan vaqtincha to‘xtatib turish haqida topshiriq bergan edi.

Vazir o‘rinbosari Elmira Bositxonova imzosi bilan chiqarilgan xatda sog‘lig‘idan shikoyat qilib shifoxonaga yotqizilgan 71 nafar bolaning ahvoli yomonlashishiga kaliy yodid dori vositasi sabab ekani yozilgan. Shu sababli vazirlik barcha hududlardagi boshqarmalarga hukumat qarori bilan tayinlangan kaliy yodid preparati iste’molini zudlik bilan vaqtincha to‘xtatishni topshiriq bergan edi.

Mavzuga oid