Jahon | 15:44 / 23.09.2023
67497
6 daqiqa o‘qiladi

Ukrainani kim ko‘proq qo‘llayapti?

AQSh Ukrainaga hammadan ko‘p yordam berayotgandek ko‘rinishi mumkin, lekin masalaga boshqa tomondan – davlatlarning mavjud imkoniyatidan kelib chiqib qaralsa, Amerika hatto top-15 talikka ham kirmasligi ma’lum bo‘ladi. Xo‘sh, ukrainlar ozodligi uchun eng ko‘p fidoyilik ko‘rsatayotgan xalqlar qaysilar?

Foto: Oleg Petrasyuk/EPA

AQSh prezidenti Jo Bayden BMT Bosh Assambleyasidagi nutqi chog‘ida Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

«Urush uchun faqat Rossiya javobgar. Faqat Rossiya uni darhol tugatishga qodir va faqat Rossiya tinchlik yo‘lida to‘g‘onoq bo‘lib turibdi. Chunki Rossiya tinchlik uchun so‘rayotgan narx bu — Ukrainaning taslim bo‘lishi, Ukraina hududlari va bolalari. Rossiya dunyo charchab qolishiga va Ukrainaga shafqatsizlarcha munosabatda bo‘lishiga yo‘l qo‘yilishiga ishonadi. Lekin men bir savol beraman: agar biz tajovuzkorni tinchlantirish uchun BMT Nizomining asosiy tamoyillaridan voz kechsak, har qanday davlat o‘zini himoyalangandek his qiladimi? Agar biz Ukrainaning parchalanishiga yo‘l qo‘ysak, birorta davlatning mustaqilligi ta’minlanadimi? Javob: yo‘q. Biz kelajakdagi ehtimoliy tajovuzkorlarni tiyib turish uchun hozirdanoq bu tajovuzga qarshi turishimiz kerak», dedi Bayden.

Bir yarim yildan ko‘proq vaqt davomida AQSh Kongressi Ukrainaga 110 milliard dollardan ko‘proq yordam paketini tasdiqlagan. Bunga quyidagilar kiradi:

  • 49,6 milliard dollar harbiy yordam;
  • 28,5 milliard dollar iqtisodiy yordam;
  • 13,2 milliard dollar humanitar yordam;
  • 18,4 mlrd dollar – AQSh mudofaa sanoati salohiyatini oshirish uchun.

Joriy yilning 9 avgust holatiga ko‘ra, Oq uy tomonidan ajratilgan mablag‘ning 91 foizi sarflab bo‘lingan. Ayni paytda Bayden ma’muriyati Kongressdan qo‘shimcha 24 milliard dollar, jumladan, harbiy yordam uchun 14 milliard dollar pul ajratishni so‘ramoqda. Biroq amerikaliklar, ayniqsa konservatorlar orasida keyingi xarajatlarni qo‘llab-quvvatlash darajasi pasaygan.

BBC statistik raqamlar orqali AQSh emas, balki Norvegiya Ukrainani eng ko‘p darajada qo‘llab-quvvatlayotgan davlat ekanini tahlil qildi.

Kim Ukrainani qanday qo‘llab-quvvatlayapti?

Ukrainaga ko‘rsatilgan yordam bo‘yicha oxirgi statistik raqamlar iyul oyining oxirida e’lon qilingan. O‘sha paytda alohida davlatlar kesimida olinganda, Qo‘shma Shtatlar eng ko‘p mablag‘ ajratganini ko‘rish mumkin – 80 mlrd dollar.

Rend korporatsiyasining mudofaa tizimi bo‘yicha xalqaro tadqiqotchisi Alissa Demusning so‘zlariga ko‘ra, AQShning qo‘shimcha yordamisiz Ukrainaning yozda boshlangan qarshi hujumi bir necha hafta ichida to‘xtab qolishi mumkin.

“Qish kelishi bilan Ukraina harbiy amaliyotlarini qisqartiradi. Ammo, AQShning yangi yordam paketi urush maydonidan tashqaridagi urushga ta’sir qiladi. Bu boshqa davlatlarning qo‘llab-quvvatlovi uchun ham muhim”, deydi u.

Respublikachilar xarajatlarni sekinlashtirish yoki to‘xtatishni talab qilmoqda

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Vashingtonga tashrifi davomida Pentagon vakillari, Senat va Vakillar palatasi a’zolari bilan ham uchrashgandi.

Senatorlar va kongressmenlar bilan uchrashuvlar u qadar do‘stona ruhda o‘tmadi, chunki Vakillar palatasida ko‘pchilikni tashkil etuvchi Respublikachilar partiyasining barcha a’zolari ham AQSh bundan keyin ham Ukrainaga uning Rossiya bilan urushida yordam ko‘rsatishda davom etishi kerak, deb hisoblamaydi. Amerika parlamentining quyi palatasi spikeri, respublikachi Kevin Makkarti jurnalistlarning Kiyevga yordam masalasi kongressmenlar ko‘rib chiqishi uchun aynan qachon kiritilishi to‘g‘risidagi savoliga to‘g‘ridan to‘g‘ri javob berishni istamadi.

"Ukrainada biz uchun milliy xavfsizlik manfaati yo‘q. Shunday bo‘lgan taqdirda ham, bizda pul yo‘q", dedi Kentukki shtati senatori Rend Pol.

Missuri shtati senatori Josh Xouli ham ommaviy axborot vositalariga pul ajratishdan manfaat yo‘qligini bildirdi.

“Bu bizning pulimiz emas. Bu Amerika xalqining puli”, dedi u.

Kongressda respublikachilar soni ortib bormoqda. Ular mablag‘ boshqa ustuvor maqsadlar uchun, xususan, chegara xavfsizligi, tabiiy ofatlarni bartaraf etish va jinoyatchilikka qarshi kurash kabi ichki muammolarga sarflanishi kerak deb hisoblashadi.

AQShning Ukrainaga yordami 2022 yilda mamlakat mudofaa xarajatlari uchun ajratilgan 751 milliard dollar yoki pensiyalari uchun to‘langan 1,2 trln dollar bilan taqqoslanganda, ancha kam hisoblandi va o‘tgan yilda AQSh umumiy xarajatlarining atigi 1,8 foizini tashkil etgan.

Boshqa tomondan, iyul oyi oxirigacha Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilgan qariyb 80 milliard dollar ko‘plab federal idoralarning yillik budjetidan kattaroqdir.

Tashqi aloqalar bo‘yicha kengash tomonidan tuzilgan ma’lumotlarga ko‘ra, AQShning Ukrainaga yordami mamlakat yalpi ichki mahsulotining 0,33 foizini tashkil etgan. Bu AQShning 1970 yilda Isroilga (0,18 foiz), 1964 yilda Lotin Amerikasiga (0,15 foiz), 1962 yilda Pokiston (0,08 foiz) ko‘rsatgan yordamidan ancha ko‘p.

Maqolaning kirish qismidagi savolga javob

Ukrainaga ko‘rsatilgan yordamning davlatlar yalpi ichki mahsulotidagi ulushi quyidagicha:

Kiyel instituti tomonidan to‘plangan ma’lumotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, YaIMga nisbatan olinganda Ukrainaga eng ko‘p miqdorda yordam ko‘rsatayotgan mamlakatlar quyidagilar – Norvegiya (1,71 foiz), Litva (1,36 foiz), Estoniya (1,28 foiz), Latviya (1,13 foiz).

Ukraina urushi ushbu mamlakatlarning hududiy yaxlitligi va suvereniteti uchun nihoyatda ahamiyatli bo‘lgani sababli ham, ular boshqalarga nisbatan ko‘proq mablag‘ ajratayotgan bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid