Nuqtayi nazar | 20:25 / 04.10.2023
164160
4 daqiqa o‘qiladi

Temiryo‘l monopoliyasi islohga muhtoj yoxud Fransiya tajribasidan kichik misol

O‘zbekistonda temiryo‘l chiptalari narxidagi sezilarli o‘zgarish sohada monopoliyaga qarshi tartibga solishni kuchaytirish va raqobat mexanizmlarini kiritishga zarurat borligini eslatmoqda. Aholi o‘sishi bilan oshib borayotgan talabdan taklif sezilarli ortda qolyapti.

Foto: AP

“Temiryo‘llarda qanday qilib raqobat qilish mumkin, axir temiryo‘l qurish oson emas-ku?” degan savol bo‘lishi tabiiy.

Temiryo‘l sohasi hukumat nazoratidagi monopolistik boshqaruvda bo‘lishi ko‘plab davlatlarda kuzatiladi. Misol uchun, Rossiyadagi RJD – tabiiy monopolist. Yoki Fransiyadagi SNCF ham, yaqin yillargacha tabiiy monopolist edi. Lekin, izlagan imkon topadi. Fransiyada barcha temir yo‘llarini nazorat qiluvchi SNCF monopoliyasini, boshida, ushbu tashkilot doirasidagi raqobat orqali pasaytirishga harakat qilishdi. Ya’ni SNCF'ga tegishli Ouigo kompaniyasi tashkil qilindi va bu kompaniya yangi narxlar va xizmatlar siyosatini ishlab chiqdi.

Misol uchun, SNCF orqali Parijdan Anjye shahriga (masofa taxminan 300 km) taxminan 70 yevroga sotilayotgan chiptani Ouigo kompaniyasi orqali 20-25 yevroga ham olsa bo‘lardi. Faqat, arzon chiptalarni internetdan olish kerak, chunki Ouigo chiptaxonalar ochsa, xarajatlar ko‘payib, chipta yana qimmat bo‘lib ketadi.

Bunda, poyezdlar qatnovini shunday tartibga solishganki, temiryo‘llardan bir kunda kamida 3-4 marta boshqa kompaniyalarning ham poyezdlari o‘tishiga imkon berilardi. Jadvallar kelishiladi.

2021 yildan boshlab esa Fransiya hududiga boshqa, xorijiy temiryo‘l xizmati kompaniyalari ham kirib kela boshladi. Jumladan, Trenitalia Parijni Italiyaning Milani bilan bog‘laydi.

Oddiy qilib aytganda, tabiiy monopoliya sohalariga ham raqobatni olib kirish istagi bo‘lsa, texnik va texnologik yechimlarni topsa bo‘ladi.

O‘zbekiston aholisi juda tez o‘syapti. Avtomobil yo‘llarining o‘tkazuvchanlik va tezlik qobiliyati hali juda past. Magistral yo‘llar ko‘plab aholi punktlari orqali o‘tadi, bunday joylarda tezlik 70 km/soat, aholi punktlaridan boshqa joylarda esa 100 km/soatdan oshmasligi kerak. “Betonka”dagi bir tomonga yo‘laklar soni ham asosan 2 tadan oshmaydi. Xorazmdan Toshkentga yoki Andijonga bormoqchi bo‘lgan odamlarning jismoniy va ruhiy holatini tasavvur qilavering.

Masalaning xavfsizlik tomoni ham bor. Iqtisodiyotning qon tomirlari – bu transport-logistika yo‘llari hisoblanadi. Misol uchun, nimadir bo‘lib Qoraqalpog‘istondan Andijongacha muqobili yo‘q bo‘lgan temiryo‘l va avtomagistral tizim ishdan chiqsa, nima bo‘ladi? Ukraina-Rossiya to‘qnashuvi va mintaqa atrofidagi geosiyosiy turbulentlik davrida, bu savol u qadar o‘rinsiz emas. Umuman, kelajakka eng yaxshi tayyorgarlik – har qanday muammolarga nazariy va amaliy tayyor turish hisoblanadi.

O‘zbekiston o‘zining iqtisodiy rivoji, qolaversa, xavfsizligi uchun ham, o‘zining ichida muqobil va katta o‘tkazuvchanligi bor transport-logistika tizimini yaratishi kerak. Jumladan, temiryo‘l tizimidagi tabiiy monopoliyani o‘zgartirish vaqti kelgan.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Mavzuga oid