Iqtisodiyot | 18:36 / 12.10.2023
27512
12 daqiqa o‘qiladi

IPO: U nega kerak va qanday qilinadi?

Kapital bozorida korxonaning ulushini sotish, ya’ni IPO'ni amalga oshirish qanday naf keltiradi?

Ma’lum darajada foydaga erishib, kengayishni rejalashtiradigan yosh korxonalar faoliyatida qo‘shimcha kapitalga zarurat tug‘iladi. Shunda, ta’sischi o‘z biznesini baholab, ma’lum ulushini kapital bozorida sotishni ma’qul ko‘rishi mumkin. Ushbu bosqich qimmatli qog‘ozlarning birlamchi taklifi deyiladi va odatda “birlamchi ommaviy taklif” – IPO (initial public offering) deb ataladi.

Faraz qilaylik, ma’lum xususiy korxona MChJ (mas’uliyati cheklangan jamiyat) shaklida ish faoliyatini boshlaydi va bozorda o‘z mahsuloti yoki xizmati bo‘yicha ma’lum ulushga ega bo‘ladi. 5-6 yildan so‘ng faoliyatini yanada kengaytirish uchun keng qamrovli rejalarni ishlab chiqadi. Bu rejada keltirilgan loyihalarni moliyalashtirish uchun esa qo‘shimcha mablag‘larga ehtiyoj paydo bo‘ladi.

Qo‘shimcha kapital jalb etish usullaridan biri – MChJ o‘z yuridik maqomini aksionerlik jamiyatiga o‘zgartirib, aksiyalarini chiqarishi. Yangi aksiyalar kapital (fond) bozorida sotiladi va korxonaga qo‘shimcha mablag‘lar jalb etiladi. Dastlabki bosqichda bu jarayon yangi aksiyalarni chiqarib, ularni sotish orqali kapital jalb etish – IPO jarayonidir.

Dunyo bo‘yicha rekord IPO 2019 yilda Saudiya Arabistonining podshohlikka tegishli neft-gaz kompaniyasi – Saudi Aramco tomonidan amalga oshirilgan – bu jarayonda kompaniyaga 25,6 mlrd AQSh dollari jalb etilgan. Avvalgi rekord IPO 2014 yilda 21,8 mlrd AQSh dollari jalb etishga erishgan Alibaba (Xitoy) kompaniyasiga tegishli edi.

Odatda, IPO orqali yosh korxonalar qo‘shimcha kapital jalb etadilar va korxonani xususiy korxonadan aksiyadorlik kompaniyasiga – ommaviy kompaniyaga aylantiradilar. Bunda biznes xususiy kapital ishtirokida emas, balki ommaviy kapital ishtirokidagi kompaniyaga aylanadi. Keyingi bosqichlarda aksiyadorlik kompaniyalari yana aksiyalar chiqarishi mumkin va bu bosqich ikkilamchi joylashtirish (second offering) deyiladi. Bunday jarayonlar biznes asoschisining ulushini kamaytirib boraveradi.

Amaliyotdan misol keltiriladigan bo‘lsak, IPO qilingandan keyin Ford kompaniyasida Ford oilasining ulushi 2 foizgacha (ammo ovoz berish jarayonida ovoz ulushi 40 foizga ega), Sumsung kompaniyasida Li oilasining ulushi 16 foizgacha, Hyundai kompaniyasida Chang oilasining ulushi 8 foizgacha kamaygan.

AQShda yirik kompaniyalar orasida kapital bozoriga chiqish sabablari bo‘yicha so‘rovnoma va tadqiqot o‘tkazilgan. Qo‘yidagi grafikda tadqiqot natijalari asosida kompaniyalarning kapital bozoriga chiqishdagi asosiy sabablari keltirilgan.

Manba: J. C. Brau and S. E. Fawcett, 2006, “Evidence on What CFOs Think about the IPO Process: Practice, Theory and Managerial Implications,” Journal of Applied Corporate Finance

So‘rovnoma natijalari shuni ko‘rsatadiki, bizneslar o‘z sohasidagi boshqa kichikroq bizneslarni sotib olish uchun kapital bozoriga chiqishi mumkin. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – raqobat muhitida raqobatbardorlikni saqlab qolish va o‘sish potensiali juda yuqori bo‘lgan startaplardan kelgusida manfaatdor bo‘lish. Masalan, Intel kompaniyasi 50 ta mamlakatda 1 300 ta kichik korxonaga investitsiya qilgan. Meta esa Whatsapp va Instagram kompaniyalarini sotib olgan.

IPO natijasida korxona aksiyasining narxi shakllanadi. Keyingi davrlarda korxona faoliyatining natijasi asosiy omil sifatida bevosita korxonaning aksiya narxiga ta’sir etadi (ta’kidlash lozimki, aksiya narxiga tashqi omillar ham ta’sir etishi mumkin). Shu tufayli, aksiya narxi faoliyatning o‘lchov mezoni sifatida ham inobatga olinadi. Aksiya narxi aniqlangandan so‘ng, korxona top rahbarlar bilan shartnoma qilishda aksiya opsionlaridan ham foydalanishi mumkin. Masalan, bazaviy oylik bilan birgalikda ma’lum miqdordagi aksiyalar soni bilan haq to‘lovi belgilanishi mumkin.

Bundan tashqari, korxona to‘g‘risidagi ma’lumotlar doimiy oshkor etilishi sababli, korxona o‘zining moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya qilishi (turlashtirishi) va qarz olish tannarxini kamaytirishi mumkin.

Kapital bozoriga chiqishning yana bir muhim jihati shuki, biznes egasi uzoq muddatli biznes faoliyatining mahsuliga erishishi mumkin. Ya’ni biznes asoschisi (yoki asoschilari) jami investitsiya qilingan summadan bir necha barobar miqdorida baholangan korxonaning bir qismini kapital bozorida sotishi mumkin. Bunda biznes egasi boshqaruvda (direktorlar kengashida yoki ijro etuvchi organda) ishtirok etishi mumkin va, ayni paytda, o‘z investitsiyasining diversifikatsiyasini amalga oshirishi mumkin.

Kapital bozoriga chiqishning afzalliklari qatorida ayrim tovonlari ham mavjud. Quyidagi jadvalda IPOning manfaatlari va tovonlari keltirilgan.

IPO manfaatlari

IPO tovoni (xarajatlari)

— qo‘shimcha kapital jalb etish (o‘sayotgan kompaniyalar uchun zarur kapitalni jalb etish);

— chiqish strategiyasi (biznesdagi ulushni qisman yoki to‘liq sotish);

— ommaviylik va ishonchlilik (o‘sishning davomiyligini ta’minlash usullaridan biri sifatida IPOga qadar audit tekshiruvlari va kompaniya mahsulotlariga nisbatan ham ishonch ortishi);

— kapital tannarxining pasayishi;

— aksiya to‘lov vositasi bo‘ladi (kompaniya listing qilingandan so‘ng, top rahbariyat va xodimlar uchun aksiyaga asoslangan opsion rejalarini taklif etish hamda boshqa bizneslarni sotib olishda aksiyalardan foydalanish imkoniyati bo‘ladi);

— diversifikatsiya qilish imkoniyati.

— qo‘shimcha nazorat va oshkor etish talablari;

— bozor bosimi (investorlar va tahlilchilar kompaniya reja ko‘rsatkichlari bajarilishini kuzatib boradilar);

— nazoratni qisman yo‘qotish;

— missiya xarajatlari (salmoqli xarajatlar – anderrayter uchun xarajatlar, kapital tushumidan 5-7%; yuristlar va auditorlar uchun xarajatlar).

Biznes egasi shuni e’tiborga olishi kerakki, kapital bozoriga chiqishning asosiy tovoni – biznesni to‘liq nazorat qila olmaslik. Chunki aksiyadorlik jamiyatlarida korporativ boshqaruv qadriyatlari shakllanadi va korxona ushbu qadriyatlar asosida boshqariladi (aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi, direktorlar kengashi, ijro etuvchi organ va boshqalar).

IPO to‘g‘risida gapirilganda, ushbu jarayonni amalga oshirish bosqichlari bo‘yicha qisqa ma’lumot berib o‘tish zarurdir. IPO'ning asosiy bosqichlari qo‘yidagilardan iboratdir:

  1. Korxona asosiy anderrayterni tanlaydi. Anderrayter – qimmatli qog‘ozlar bozoridagi professional ishtirokchi bo‘lgan moliya tashkiloti bo‘lib, korxonalarga aksiyalarni chiqarishda maslahatlar beradi va aksiyalarni bozorda joylashtirish xizmatlarini ko‘rsatadi. Anderrayterga to‘lanadigan xizmat haqi miqdori emissiya summasidan 5-7 foizini tashkil etishi mumkin.
  2. Aksiyalar tegishli nazorat tashkilotidan ruyxatdan o‘tkaziladi va prospekt e’lon qilinadi.
  3. Potensial investorlarni emissiyaga jalb etish uchun roud-shou tashkil etiladi. Asosiy anderrayter buyurtmalar ro‘yxatini shakllantiradi (book-building).
  4. Nazoratchi (tegishli davlat organi) korxonani ro‘yxatdan o‘tkazgandan so‘ng, kompaniya va anderrayter narxni kelishadilar.
  5. Anderrayter aksiyalarni taqsimlaydi.
  6. Savdo boshlanadi.
  7. Asosiy anderrayter aksiyalar uchun likvid bozorni ta’minlaydi, shuningdek, tahlil bilan ta’minlaydi.

Hozirgi paytda O‘zbekistonda ko‘p hollarda faqatgina davlat korxonalarini xususiylashtirish jarayonini kuzatmoqdamiz.

Xususiy korxonalar-chi? Ular ma’lum talablarni bajarishi lozim. Eng asosiysi – korporativ boshqaruv tizimini joriy etish. Korporativ boshqaruv tizimi – biznes asoschilari ishtirok etmaganda ham bir maromda faoliyat ko‘rsatishni ta’minlaydigan mexanizm.

Kapital bozoriga chiqishda biznes vakillari bir jihatni e’tibordan chetda qoldirmasliklari lozim – investorlar ishonchi. IPOning dastlabki bosqichlarida muomalaga chiqariladigan aksiyalarning to‘liq sotilishi investorlarning ishonchi darajasiga bog‘liqdir va investorlar ishonchini qozonish ma’lum muddatni talab etishi mumkin. Bunda, ma’lumotlarning shaffof tarzda oshkor etilishi juda muhimdir.

Kapital bozori biznes egalariga investitsiyalarni diversifikatsiya qilish imkonini taqdim etishi tufayli, jamiyatda o‘zaro yordam mexanizmi, ya’ni sug‘urta mexanizmi vazifasini ham bajarishi mumkin. Boshqacha qilib aytganda, kapital bozorida kapital o‘zaro bizneslarda aylanadi, ya’ni kapital unumsiz va tovar va xizmatlariga nisbatan ehtiyoj so‘nib bo‘lgan bizneslardan dolzarb bizneslarga ko‘chib yuradi. Bu esa ayrim bizneslarning yopilishini va, ayni paytda, yangi bizneslarning tashkil etilishini anglatadi. Bunday jarayonda o‘z kapitalini diversifikatsiya qilgan biznes egalari, asosiy biznes faoliyati tugatilganda ham, ma’lum darajada boshqa daromad manbalariga ega bo‘ladi.

Shu o‘rinda, xalqaro kapital bozorlarida ommalashayotgan “halol aksiyalar”, “Islom moliyasiga mos aksiyalar” maqomi asosida oldi-sotdi qilinadigan aksiyalarni qayd etish lozim. Masalan, AQSh kapital bozorida mashhur Dou Jons indeksi islomiy indekslarni shakllantirgan va ushbu indeks halol aksiyalarni qamrab oladi. Aksiyalar “halol aksiyalar” talablarini qanoatlantirsa, kapital bozorida ushbu aksiyalar IPOsi muvaffaqiyatli amalga oshishi ehtimoli oshadi.

“Halol aksiyalar” talablarini qanoatlantirish murakkab emas. Tekshiruv (skrining) metodologiyasi ikki bosqichdan iborat:

I. Biznes faoliyat turi shariatda taqiqlangan (masalan, tamaki mahsulotlari va alkogol ichimliklari) faoliyat bo‘lmasligi lozim.

II. Korxona moliyasi ayrim moliyaviy mezonlarni qanoatlantirishi lozim:

  1. Foizli qarzlari kompaniya bozor kapitalizatsiyasining 30 foizidan oshmasligi kerak.
  2. Foizli aktivlari (joylashtirilgan depozitlar) ta’sis kapitali bozor kapitalizatsiyasining 30 foizidan oshmasligi kerak.
  3. Daromad tarkibida shariatda taqiqlangan faoliyatdan tushum jami tushumning 5 foizidan oshmasligi kerak.

Ushbu talablarni bajargan kompaniya aksiyalari kapital bozorida “halol aksiya” maqomiga ega bo‘lishi mumkin.

O‘zbekistonda kapital bozorini rivojlantirish – dolzarb vazifalardan biridir. Chunki bundan barcha tomonlar: biznes vakillari, investorlar (jismoniy va yuridik shaxslar) va hukumat manfaatdor bo‘ladi. Biznes vakillari qo‘shimcha kapital jalb etish bilan birga yuqorida qayd etilgan manfaatlarga ega bo‘ladi. Investorlar esa daromadni oshirishning muqobil investitsion instrumentlarga ega bo‘ladilar va diversifikatsiya qilish imkoniyatlariga ega bo‘ladilar.

Ushbu jarayonda investorlardan biznes olamiga kapital ko‘chishini, ya’ni jamiyatdagi bo‘sh pul mablag‘larini nafaqat moliyaviy vositachilar (masalan, tijorat banklari) orqali, balki bevosita rasmiy iqtisodiyotga kirib kelishini kuzatishimiz mumkin. Bu, o‘z navabatida, norasmiy pul aylanmalari kamayishi va bezneslarning kengayishi natijasida soliq bazalarining oshishini anglatadi. Hukumat esa soliq tushumining oshishi natijasida o‘z dasturlarini moliyalashtirishning qo‘shimcha manbalariga ega bo‘ladi.

Bekzod Shamshiev,
Malayziyaning INCEIF universiteti
doktorantura bosqichi tadqiqotchisi

Mavzuga oid