Jahon | 22:27 / 13.10.2023
57667
6 daqiqa o‘qiladi

Mojaro tarixi. Isroil davlati qanday tashkil topdi?

G‘azo bo‘lgasidan Isroilga qilingan hujum va bunga javoban Isroilning millionlab aholi yashaydigan hududni to‘xtovsiz bombardimon qilayotgani fonida bu mojaroning tarixiga kengroq to‘xtalish zarurati yuzaga keldi.

Isroil – yosh davlat. Dunyoda yosh davlatlari ko‘p. Lekin, bu yangi davlatlar – yangi mustaqil bo‘lgan davlatlar hisoblanadi. Isroil esa, nafaqat yangi davlat, balki bu yerlarga keyingi bir asrda ko‘chib kelgan va kelayotgan millatning siyosiy birlashuvi hamdir. Taxminan ikki ming yillarcha oldin, hozirgi mojaro bo‘layotgan yerlarda haqiqatda yahudiylar yashagan. Lekin, ta’kidlash kerakki, qadimgi yahudiylar davlatlarining yo‘q bo‘lishiga islom va musulmonlarning aloqasi yo‘q.

19-asrning o‘rtalariga kelib, Yevropada qudratli imperiyalar dunyoni boshqarayotgan davrda, yevropalik bir qancha yahudiy mutafakkirlari sionizm harakatini tashkil qilishadi. Sionizm – dunyoviy yahudiy millatchi harakat bo‘lib, Falastinda yahudiylar davlatini tashkil qilish – uning bosh maqsadi va orzusi edi.

Birinchi jahon urushiga qadar, Falastin hududi Usmonli Turk imperiyasi nazorati ostida edi. Usmonlilar Birinchi jahon urushida yengilgach, 1920-23 yillarda Falastin ustidan nazorat Britaniya imperiyasiga o‘tadi. Aynan o‘sha davrdan boshlab, Falastin yerlarida yahudiylar davlatini tashkil qilish g‘oyasi va loyihasi amalga osha boshlaydi.

1917 yilning oktyabr oyida, britaniyalik qudratli siyosatchi Artur Belfor Falastinda yahudiylar uchun davlat tashkil qilish borasida Britaniya hukumatining deklaratsiyasini qabul qilishga erishadi. Lord Belfor asli yahudiy bo‘lib, u o‘z millatdoshlari uchun, qolaversa, Britaniya imperiyasi manfaatlari uchun, Falastin hududlarida yangi yahudiy davlatini tashkil qilish borasida jiddiy urinishlar qiladi.

Aynan o‘sha davrdan boshlab, Falastinga Yevropadan, Rossiyadan, Afrika va boshqa mintaqalardan etnik yahudiylarni ko‘chirib kelish siyosati boshlanadi. Boshida, sodda falastinliklar ko‘chib kelayotgan yahudiylarning asl maqsadini tushunmaydi, ularga hech qanday jiddiy qarshilik qilmaydi. Lekin vaqt o‘tib, yahudiylarning soni va salmog‘i oshishi bilan, falastinliklar o‘z hududlarida siyosiy va iqtisodiy tashabbusni yo‘qotib boshlaydi.

1945 yilda, ikkinchi jahon urushidan keyingi yangi dunyo tartibotini o‘rnatish maqsadida tuzilgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, o‘zining birinchi vazifasi sifatida Isroil davlatini tuzishga qaror qiladi. 1947 yilda, o‘sha davrdagi to‘liq Falastin yerlarida ikkita davlat tuzish qarori qabul qilinadi. Falastin yerlarining taxminan 55 foizi yahudiylarga – Isroilga, qolgan 45 foizga yaqin yerlar Falastinga qoldiriladi.

Natijada 1948 yildayoq Isroil davlati tuzilgani e’lon qilinadi. Lekin, mana oradan 75 yil o‘tyaptiki, haliga qadar Falastin davlati to‘la shakllantirilgani yo‘q. Qolaversa, Falastinga ajratilgan yerlar ham Isroil tomonidan har xil usullar orqali bosib olindi, qo‘shib olindi. Falastin davlati hududi bo‘lishi belgilangan joylarga yahudiylar ko‘chib kelib, qishloqlar va aholi punktlari qurib olishdi.

1964 yilda Arab davlatlari ligasi Falastin ozodlik harakatini tashkil qildi. Bu tashkilotga uzoq vaqt – o‘limiga qadar Yosir Arofat boshchilik qildi. 1967 yilda arab davlatlarining barchasi Isroilni tan olmaslik bo‘yicha qaror qabul qildi. Aynan o‘sha 1967 yilda BMT tomonidan ikki davlatning chegaralari borasida bir qancha rezolyutsiyalar qabul qilingan edi. Lekin bu chegaralarni haliga qadar aynan Isroil inkor qilib keladi.

Isroilga moyil bo‘lgan OAV G‘azo bo‘lgasidagi HAMASni, Livan janubidagi “Hizbulloh”ni va boshqa guruhlarni “terrorchi” deb nomlaydi. O‘zi “terror” nima? Terror – bu qo‘rquv manbayi. Bu jihatdan, Isroil har doim falastinliklarni, musulmon dunyosini qo‘rquvda ushlab turishni o‘zining kundalik siyosati sifatida ko‘radi. Isroil har doim falastinliklarning qarshiliklariga har doim o‘nlab baravar qattiqroq, ayovsizroq javob beradi. Ya’ni qo‘rqitish – Isroilning odatiy texnologiyasi ekani hammaga ma’lum.

Qolaversa, xo‘p, HAMAS yoki “Hizbulloh” kabi guruhlar terror usullaridan foydalanar ekan, nega unda Isroil qolgan tinch guruhlar bilan kelishib, bosib olingan Falastin yerlarini qaytarmaydi? Isroil hozirga qadar biron bir tinchlikparvar guruhga oz bo‘lsa-da yerni qaytardimi? Yo‘q, Isroilning asl maqsadi – falastinliklarni terrorda ayblash va bosib olingan yerlarni qaytarmaslik hisoblanadi.

Aslida, Isroilning bu siyosati kollektiv g‘arb uchun, avvalo, AQSh uchun ham juda qimmatga tushaveradi. Ikki milliardlik musulmon dunyosida Isroil va uning homiysi AQShga nisbatan salbiy pozitsiya kuchayaveradi. 21-asrda AQSh va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi tirashuv kuchayib boraverar ekan, musulmon dunyosi bu tirashuvda kollektiv g‘arbga, AQShga ko‘proq ishonmaslikka moyil bo‘ladi. Bu esa kelajakda dunyo hokimiyatining taqdirini aniqlashda muhim rol o‘ynaydi.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Mavzuga oid