Sport | 14:52 / 20.10.2023
25218
23 daqiqa o‘qiladi

«Iblis devori»ning qulashi. «Manchester Yunayted»ning bugungi kuniga nazar

O‘tgan mavsumdagi o‘yinlaridan keyin bu mavsumda chempionlik uchun kurashishi kutilgan jamoa bilan nimalar bo‘lmoqda?

Foto: ALEX LIVESEY/GETTY IMAGES

«Manchester Yunayted» nafaqat mavsum boshida ishonchni oqlamadi, balki bir qator ko‘rsatkichlar bo‘yicha uzoq yillik antirekordlarni qayd etib tashladi. Go‘yoki o‘ziga mos bo‘lgan murabbiyni topgan, o‘tgan mavsumni ancha yaxshi o‘tkazib, yozda yana bir qator e’tiborli xaridlarni amalga oshirgan klub uchun mutlaqo kutilmagan holat. Ammo tabiiyki, «har bir baxtsiz oila o‘z sabablariga ko‘ra baxtsiz bo‘lganidek», «Yunayted»ning bugungi ahvoliga ham juda ko‘p izohlar topsa bo‘ladi. Muhimi, ushbu muammolarni o‘z xarakteriga ko‘ra baholab, ajratib olishdan iborat.

Keling, avval, «Manchester Yunayted»dagi muammolarni uch toifaga ajratib olaylik. Albatta, bu toifalar ayrim nuqtalarda kesishib, bir-birining oqibatlarini og‘irlashtirsa-da, bu tariqa baholash bugungi holat chuqurligi va muddati haqida aniqroq tasavvurga ega bo‘linadi, keyingi voqealardagi kutilmaganlik faktori birmuncha kamaytiriladi.

Qisqa muddatli muammo. Jarohatlar va ayrim futbolchilarning sport formasi

Tan olish kerak, atigi ikki oylik muddatda «MYu»dagi jarohatlar anomal darajada ko‘p. Tasavvur qiling, bir paytning o‘zida jamoaning ikki nafar chap qanot himoyachisi, so‘ng, bu pozitsiyani vaqtinchalik yopish uchun olib kelingan uchinchi futbolchi ham jarohat olgan. Bu qanotda o‘ynash amaliyotiga ega bo‘lgan o‘ng qanot himoyachisi (Dalot) tomonidan masalani yechish ham imkonsiz, chunki uning qanotida o‘rnini yopishi mumkin bo‘lgan futbolchi Aaron Uan-Bissaka ham jarohatlangan.

Yozda transfer qilingan Hoylund va Amrabat jarohat bilan keldi, yozda yig‘inlarda qatnashib, yangi jamoaga kirishib ketishi lozim bo‘lgan Maunt eng muhim pallada bir oyga safdan chiqdi. Shuningdek, sanalganlardan tashqari, asosiy himoyachilar – Martines va Shou uzoq muddatga lazaretga ketishdi, Maktominey va Varan ham bir qator uchrashuvlarni o‘tkazib yuborishga ulgurdi, Kobi Maynu va Amad mavsum boshlanmasdan jarohat oldi.

Endi bunga futbol tashqarisidagi muammolari tufayli Antoni hamda murabbiy bilan kelishmovchilik tufayli Sancho tarkibdan chetda qolganini ham qo‘shamiz.

Bundan tashqari, o‘tgan mavsumdagi muvaffaqiyatlarda asosiy rolni bajargan ikki futbolchi – Kazemiro va Reshford yomon sport formasida ekani ham ta’sir qilmoqda. Natijada ten Hag 10 uchrashuvda o‘n xil boshlang‘ich tarkib tushirishga majbur bo‘ldi, qolaversa, biror chiziqda (himoya, yarimhimoya, hujum) ham ikki o‘yinda bir xil nomlar maydonga tushirish imkoniyatiga ega bo‘lmadi. Jamoa APLda jarohatlar soni bo‘yicha uchinchi o‘rinda, maydonga tushirilgan futbolchilar soni (25) bo‘yicha esa birinchi o‘rinda qayd etilgan.

Bunday sharoitlarda barqaror o‘yinni ham, yaxshiroq natijani ham kutish biroz qiyin bo‘ladi. Maydonda individual harakatlar bilan vaziyatni qutqarib turish va shartlarga ters tarzda natijalarni erishish uchun yana bir yo‘l – yetakchi futbolchilarning harakati bo‘lishi kerak, ammo yuqorida aytilganidek, bu borada ham muammolar yaqqol ko‘zga tashlanib turibdi.

Bu kabi muammolar ertami-kechmi o‘z yechimini topadi, har qanday jarohatning ham o‘z muddati bor, to‘g‘rimi? Regilon navbatdagi turdan qaytishi kutilmoqda, Martines yana ikki oy, uning o‘rnini markazda bosishi mumkin bo‘lgan Shou esa bir oydan keyin tiklanadi. Ya’ni agar jarohatlanishlar mana shu sur’atda davom etmasa, dekabrgacha «MYu» tarkibi epaqaga kelib qoladi va istiqbolda faqat yo‘qotilgan ochkolar, ayniqsa, Chempionlar Ligasi guruhidagi murakkab holatga sababchi bo‘lib qoladi, xolos.

Yana bir qo‘shimcha – klub sotilishi bilan bog‘liq muzokaralar cho‘zilayotgani ham, ayniqsa, yozgi transferlar uchun katta noqulaylik yaratganini ta’kidlash kerak. Klub aynan kimga sotilishi noma’lum ekani bir qator savollarni keltirib chiqaradi: Shayx Jassim bilan radikal va tezkor harakat boshlanadimi yoki Ser Retkliff bilan uzoq davom etadigan jarayonmi? Bu transferlar nishonlarini belgilashda ham muhim, masalan, Jassim «Old Trafford»ga Mbappeni olib kelishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan. U holda ungacha qilinishi mumkin bo‘lgan rejalar qanday bo‘ladi, tarkib aynan qanday o‘zgarishlar uchun tayyor bo‘lishi lozim, bu mavhumlik murabbiylar shtabiga ancha xalaqit bergani shubhasiz. Bu xuddi uch yil Sulsher bilan ma’lum yo‘nalishda transfer siyosati olib borib, oyna yopilishiga uch kun qolganda Ronalduni olib kelish va endi bu tarafga qarab yuramiz, deyishga o‘xshab qoladi.

 O‘rta muddatli muammolar. Ten Hagning kelishi, uslubdagi ziddiyatlar va adaptatsiya

 Menimcha, agar avgustdan buyon hech kim jarohat olmagan va doim ten Hag ixtiyorida asosiy futbolchilar bor, deb tasavvur qilganimizda ham, natijalar, hech bo‘lmasa, ko‘rsatilgan o‘yin bugungidan keskin farq qilmas edi. Chunki yozgi transferlar va yig‘inlardan murabbiy nihoyat o‘z o‘yinini qurish ishlarini boshlab yuborgani namoyon bo‘lgan edi. Ayniqsa, Onana yordamida butunlay yangicha bild-ap ko‘p mutaxassislar e’tirofiga sabab bo‘ldi va murabbiy mavjud o‘yinni yaxshilash emas, butunlay yangi kartinani yaratish bilan band ekani sezildi. Bu esa ma’lum vaqt va jarayonlarni talab qiladi.

Aslida Erik ten Hag uchun og‘ir davr o‘tgan mavsumda kutilgandi. Niderlandiyalik murabbiy futbol falsafasi va uslubi bo‘yicha shu tarkibni yig‘gan avvalgi murabbiylardan farq qiladi. Tabiiyki, birgina transfer oynasi bilan har qanday mutaxassis ham o‘z jamoasini qurishi imkonsiz. Shuningdek, bir yil oldinga muvaffaqiyatsiz mavsum oqibati o‘laroq tarkibdagi ishonchsizlikni yo‘qotish, tartib o‘rnatish, futbolchilarni jipslashtirish, Ronaldu bilan munosabatlar, xullas, o‘tgan yilgi shartlarda «Yunayted»ning 3-o‘rinni olishi bir tomondan mo‘jiza, ikkinchi tomondan o‘z darajasidan past ishtirok etgan «Liverpul» va «Chelsi»ning sovg‘asi edi.

Ammo bir narsani tan olish kerak. Ten Hag taktika va uslub bilan bog‘liq ziddiyatlar, muammolarni o‘tgan mavsumda yechmadi, balkim keyinga qoldirdi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, ten Hagning o‘tgan yilgi jamoasi uning avvalgi jamoalariga o‘xshamas, umuman o‘ziga xos chizgilar, o‘yin kartinasi ko‘zga tashlanmasdi. Ten Hag o‘z imzosini faqat ba’zi o‘yinlarda va kichik nuqtalarda ishlatdi, asosan Reshford, Fernandesh, Kazemiro kabi futbolchilarning mahorati va ustunliklariga tayangan holda tayyorgarlikni ma’qul ko‘rdi. Mavsum boshida boy berilgan ochkolar o‘rnini to‘ldirish, YeChL o‘rinlari uchun kurashishda natija albatta muhim edi. Shu tufayli Erik ten Hag o‘yinlarga pragmatik yondashdi, o‘z o‘yinini qurish, uslubda keskin o‘zgarishlar qilishni kechiktirdi. Asosan Sulsherning qo‘lyozmalariga binoan vertikal va qarshi hujumlarga asoslangan futbol tanlandi. Albatta, so‘nggi yillardagi uslubda to‘p surish jamoa yetakchilarining natijaga ta’sir qilish imkoniyatini oshiradi, qisqa istiqbolda g‘alabalar olib keladi. Bir tomondan ko‘pchilik uchun kutilmaganda, ten Hag o‘zining moslashuvchanligi, dogmatik emasligini ham namoyish qilib, imtihondan o‘tgan bo‘lsa-da, baribir, har qanday niderlandiyalik murabbiy qatori, o‘z falsafasini bir kun o‘rnatishi tabiiy. Axir, ten Hag aynan shuning uchun olib kelingan.

Demak, bu jarayon yana bir qancha vaqt, yana bir nechta transfer oynasi, bir qator muvaffaqiyatli va muvaffaqiyatsiz o‘yinlarni talab qiladi. Barcha futbolchilar jarohatlardan tiklangan, hatto natijalar yaxshilangan taqdirda ham, hali bu tarkib to‘liq ten Hagniki emas. Eng muhim pallalarda pand yeyish, eng yaxshi davrlarda kontekstga teskari natijalar (o‘tgan yil «Enfild »da bo‘lgani kabi) uchrab turishda davom etadi. Arteta qo‘l ostida «Arsenal»ning o‘sishi ikki yildan beri kuzatilayotgan bo‘lsa-da, tan olish kerak, bu mavsumga kelibgina, chinakam da’vogarga aylandi. Sabab? Masalan, «Manchester Siti»ga qarshi maydonga tushgan tarkibdagi barcha futbolchilar, yuz foiz to‘lig‘icha Arteta tomonidan olib kelingan. «Liverpul»ning rivojlanish yo‘li ham shunga o‘xshash bo‘lgandi.

Qisqacha aytganda, «MYu»ning o‘tish mavsumi aslida ushbu mavsumda kuzatiladi. Agar eng muhimi, top-klublarga xos bo‘lgan asosiy sifat – har qanday raqibga qarshi o‘z uslubida o‘ynay olish darajasiga chiqishni istasa, jamoa bu davrdan o‘tishga majbur. Qisqa muddatdagi natijalarni o‘ylab murabbiylarni tanlash va katta transferlarga qo‘l urish keyinroq yanayam og‘riqliroq bo‘lib bo‘y ko‘rsatishini avvalgi murabbiylar bilan kechgan mavsumlar ko‘rsatib berdi. Jamoa muxlislariga har qanday beqarorliklarga tayyor turib, kutilganidan ko‘proq g‘alaba yoki natijalarni shunchaki bonus sifatida qabul qilishni maslahat bergan bo‘lardim.

Foto: MARTIN RICKETT/GETTY IMAGES

Uchinchi toifa. O‘n yillik muammolar

Aslida bu muammolarga o‘n yildan ko‘proq yosh berish ham mumkin, ammo ser Aleks Fergyuson shaxsiyati va natijalari bu kamchiliklarni yopib kelgan. Paradoks shundan iboratki, aslida aynan Aleks Fergyuson sababli bunday muammolar paydo bo‘lgan ham. Lekin bu holatda Fergyusonning aybi yo‘q, aslida boshqaruv keyingi o‘n yillikda vaziyatni to‘g‘ri baholashi va kerakli tadbirlarni amalga oshirishi lozim edi.

Aytaylik, klubda sport bo‘limi mavjud bo‘lishi kerakligi, aynan sport yo‘nalishidagi qarorlarni ushbu soha mutaxassislariga topshirish lozimligi klub rahbarlari tomonidan inkor qilib kelindi. Sababi 2013 yilgacha bu vazifa bilan ham Fergyuson shug‘ullanib kelgan. Klubdagi asosiy qarorlar, transfer masalalari Fergyusonning bevosita ishtiroki, aniqrog‘i, u tomonidan qabul qilingan. Klub ichida bunday tizimga normal qaralgan, natijada Fergyusondan keyin klubga olib kelingan Lui van Gaalda ham, Mourinio, Sulsher, hatto ten Hagda ham mana shunday keng imkoniyatlar taqdim etilib, ular nafaqat murabbiy, balkim menejyer sifatida faoliyat yuritgan. Aslida har qanday boshqaruvda lozim bo‘lgan tiyib turish prinsipi ishlamasligi kamchilik emas, go‘yoki an’ana sifatida taqdim etilgan.

Ammo juda muhim farq bor – Fergyuson davrida boshqacha ishlashning iloji yo‘q edi, agar alohida sport direktori olib kelinib, unga katta vazifalar berilgan taqdirda ham, u Fergyuson shaxsiyatidan o‘tib keta olmasdi. Uzoq yil muvaffaqiyatli ishlashning salbiy oqibati shuki, boshqacha yo‘lning iloji qolmaydi, murabbiy tabiiy ravishda klubdagi asosiy va yagona shaxs bo‘lib qoladi.

Ammo bunga normal tizim sifatida qarab, keyingi murabbiylarga ham xuddi shu imkoniyatlarni taqdim etish katta xato edi. Yangi murabbiylarni qo‘llab-quvvatlash, shunchaki uni eng birinchi va yagona qaror qabul qiluvchi qilib emas, aksincha, ma’lum yo‘nalishlarda uning vazifalarini bo‘lishish, mas’uliyatlarni to‘g‘ri taqsimlash juda ahamiyatlidir.

Lui van Gaal o‘z uslubiga mos, ammo o‘rtamiyona futbolchilarni yig‘a boshladi, Mourinio o‘z agenti Mendeshning mijozlarini to‘pladi, Sulsherda bunday tajriba yo‘qligi tufayli hatto klubning marketing siyosati qurboni bo‘ldi – Krishtianu transferiga qarshi chiqa olmadi. Aslida sport bo‘limi ishlamagani, transfer nishonlari bo‘yicha aniq yo‘nalishli siyosat yo‘qligi barcha murabbiylarga pand berdi. Tabiiyki, murabbiy talabi bo‘yicha xususiyatlarga ega bo‘lgan futbolchilarni qidirib topadigan va klublar bilan transfer borasida muzokaralar olib boradigan qanot oqsagach, ya’ni bu ishlar ham murabbiylar yelkasida qolib ketgach, muammo chiqadi. Van Gaal tarkib yig‘ish uchun o‘ziga tanish nomzodlarni qidiradi, Mourinio agenti orqali ishni osonlashtirish uchun o‘sha doirada harakatlanadi, Sulsher yuvosh bo‘lgani uchun barchasiga xo‘p, deydi. Natija ma’lum. 

Masalan, Erik ten Hagning faqat ilgari Niderlandiyada o‘ynagan futbolchilarga e’tibor qaratayotgani juda ko‘p tanqid qilinadi, to‘g‘rimi? Aslida bu murabbiyni go‘yoki hammasini o‘z qo‘liga olgan shohdek ko‘rsatsa-da, aslida teskarisi. Unga yordam berishmayapti.

Normal klubda qanday bo‘ladi? Murabbiy aytaylik, o‘ng qanotda to‘p suradigan chapaqay vinger kerak ekanini aytadi. Sport bo‘limi ma’lum muddat ishlab, murabbiyga turli hududlardan, turli narx va shartlardagi bir qator nomzodlarni havola qiladi. Budjet, transfer oson yoki qiyinligi, futbolchining qo‘shimcha ustunlik va kamchiliklari, xarakteri va hokazo omillar ham inobatga olinib, birgalikda variantlar qisqartirib boriladi. Muzokaralar chog‘ida esa yana bir necha qolgan variantdan bittasi olib qolinadi.

Nega Antoni uchun 100 million to‘landi? Chunki ten Hag istagan pozitsiya uchun boshqa, ma’lum bosqichgacha ishlangan variantlar sport bo‘limida umuman yo‘q edi. Tabiiyki, aksariyat hollarda narigi taraf ham buni bilib turadi va istalgan narxni qo‘yishi mumkin. Yetarlicha variantlarsiz doim «MYu» muzokaralarda yon beruvchi taraf bo‘lib qolaveradi. Bu yerda variant deganda shunchaki, bozordagi o‘ng qanot vingerlari nomlari emas, ma’lum darajagacha tahlil qilingan, ishlangan va o‘rganib chiqilgan real nomzodlar haqida aytilmoqda.

To‘g‘ri, boshqacha yo‘l ham bor. Masalan, olinishi kerak bo‘lgan har qanday pozitsiya uchun eng zo‘r, ko‘zga ko‘ringan yulduz futbolchilar katta pulga olib beriladi. Hujumchi kerakmi, Mbappe, qabilida. Ortiqcha tahlil ham shart emas, bunday futbolchilar jamoani kuchaytirishi aniq. Xuddi Varan yoki Kazemiro transferlari singari. Tabiiyki, barcha xaridlarni shunday amalga oshirishga hozircha «MYu» qodir emas.

Natijada, qo‘lida yetarlicha tahliliy masalliq va ro‘yxat yoki kafolatli yulduz futbolchilar taqdim etilmagan ten Hag o‘zi uchun tanish bo‘lgan nomlar ichidan qidiradi, to‘g‘rimi? Boshqa yo‘l ham yo‘q. Oqibatda, biz bugun ega bo‘lib turgan jarayonni kuzatamiz – Onana, Martines va Antoni «Ayaks»da, Amrabat «Tvente»da ten Hag qo‘l ostida, Verghost, Malasiya va Maunt Erediviziyada ten Hagga qarshi to‘p surgan.

Yana bir tilga olinishi kerak bo‘lgan jihat, klubning nafaqat futbolchilarni topishda, balki ularni sotishda ham no‘noqligidir. Hozir har qanday holatda bo‘lmasin, Errera, Pogba, Lingard kabi futbolchilar «MYu»ni tark etayotgan pallada yaxshi pul bo‘la oladigan darajada edi, ammo...

Klub futbolchilarning jamoadagi kelajagi va o‘rniga yetarlicha baho bera olmaydi, natijada katta pul yo‘qotadi. Masalan, ikki yil oldin APLda o‘zini yaxshi ko‘rsatgan Lingard sotilmadi va Sulsher uni ma’lum va’dalar evaziga olib qoldi. Lekin mavsumda unga deyarli imkoniyat berilmadi. Bir yil davomida futbolchi formasini yo‘qotdi va hech kimga kerak bo‘lmay qoldi. Xo‘sh, unda nega u olib qolindi. Tabiiyki, murabbiy har qanday holatda ko‘proq futbolchiga ega bo‘lishni istaydi. Mana shu yerda yuqorida aytib o‘tilgan holatni eslash lozim, normal sport direktori mavjud klubda murabbiyga «sen undan qay darajada foydalanmoqchisan, u uchun falon summa pul olib, bu pulga muhimroq pozitsiyalarni to‘ldirishimiz mumkin», qabilidagi ultimatumni qo‘yishi kerak.

O‘zi umuman «Yunayted»da akademiya tarbiyalanuvchilariga nisbatan keragidan ortiqcha ishonch ham ko‘p pand bergan. «MYu» kabi top-klublar davomli ravishda akademiyadan asosiy tarkibga futbolchi yetishtirib berishga majbur emas. Bu ishni arzonroq va natijaga bosim yo‘qligi uchun osonroq qiladigan o‘rtamiyonalar yoki boshqa liga vakillari bor. Klass-92 zo‘r, to‘g‘ri, ammo bugungi raqobat sharoitida buning iloji yo‘q. Rostdan ham top bo‘ladigan futbolchilar eng boshidan ma’lum bo‘ladi, Reshford kabi. Umuman, har qanday top-klubga qarang, asosiyda maydonga tushadigan o‘z tarbiyalanuvchisi bir yoki ikki nafar. Bu ham katta natija.

Yana bir misol, Brendon Uilyams. 2019/20 yillar mavsumida u juda yaxshi o‘yinlar ko‘rsatdi, aytish mumkinki, bemalol 20-25 million funtga xaridor topish ham mumkin edi. Futbolchining sport formasi va narxi cho‘qqiga chiqqan payt klub ichkarisida savol paydo bo‘lishi kerak – Uilyams uzoq istiqbol uchun «MYu»ning asosiy himoyachisi bo‘lishga qodirmi yoki u rotatsiya uchun variant sifatida qoladimi? U yana qanchalik o‘sadi? Xo‘p, ba’zi futbolchilarning jarohati tufayli ko‘proq maydonga tushgan Uilyams endi, asosiy himoyachimiz qaytganida, o‘yin amaliyoti kamayib, formasi va narxi tushib ketmaydimi? Bu savolga aniq javob uni olib qolish yoki sotish, asosiysi, undan kelasi mavsumda foydalanish bo‘yicha aniq reja paydo qiladi. Busiz Uilyams shunchaki, zaxira o‘rindig‘ida mavsumni o‘tkazdi, ikki yil oldin APLda ko‘zga ko‘ringan futbolchi hozir Chempionshipda.

Xuddi shunday vaziyatlarda normal sport klublari nima qildi? «Siti» Anxelino bilan pachakilashib yurmadi, Gvardiola aniq biladi, ha, u yaxshi futbolchi, ammo asosiy bo‘lmaydi. Rotatsiya uchun arzonroq variant topish mumkin, Anxelinoga yaxshi talab bo‘lib turganda sotish kerak. Palmer Superkubokda zo‘r gol urdi, ha, balki zo‘r o‘ynab ketar? Yo‘q, klubda Palmer haqida chuqurroq, aniqroq tahlil bor, «Chelsi» yaxshi pul to‘layaptimi, sotish to‘g‘riroq bo‘ladi. Va hokazo.

Bunday xatolar juda ko‘p va to‘planib, katta muammoga aylanib bo‘lgan. Moliyaviy limitlar tufayli bu yozda «MYu» faqat 120 million funt ishlatishi mumkin edi, xolos. Qolgani sotilishi mumkin bo‘lgan transferlar bilan qoplanishi kerak. Henderson, Fred, Telles kabi futbolchilar transferlari yordamida «MYu» ko‘proq pul sarfladi, ammo murabbiyga kerak emasligi yaqqol aniq bo‘lgan Maguayr, van de Bek, Maktominey, Marsiyal kabi futbolchilarni sotishda qiyinchilikka duch kelindi. Sababi ma’lum, yo futbolchi yaxshi o‘yin amaliyoti va formaga ega bo‘lib turganda sotib yuborilmagan yoki normaldan kattaroq maoshlar belgilangan mantiqsiz shartnomalar tufayli masalan, Maguayr, Marsiyal kabi futbolchilarga talab yo‘q.

Fergyusondan keyin klubda sport prioriteti ikkinchi darajaga tushib qoldi. Glayzerlar uchun klubning daromad keltirib turishi eng muhim, buning uchun esa jamoa hech bo‘lmasa Chempionlar Ligasida muntazam ishtirok etib turishi kifoya. Shuning uchun ham qachonki, mana shu minimum va yagona maqsad amalga oshmay qolganda qandaydir aralashuv, murabbiy iste’fosi yoki boshqa kichik o‘zgarishlar ro‘y beradi, xolos. Murabbiy almashishi, transferlarga qo‘shimcha pul kiritish orqali eski xatolarni vaqtincha qoplash mumkin, ammo to‘g‘ri tizimgina klub uchun zarur parashyut vazifasini o‘tashi, qulashlarni og‘riqsiz qilishi mumkin.

Xulosa qilish mumkinki, klubda sport bo‘limi oqsayotgani, zamonaviy shartlarda ishlamayotgani murabbiylarga pand bermoqda va bu yo‘nalishda jiddiy islohotlar qilmay turib, klubni avvalgi yutuqlariga qaytarish imkonsiz bo‘lib qolaveradi. Tarkibdagi jarohatlar bir kun tiklanadi, ten Hag ham o‘z futbolini qurib, jamoa yaxshi o‘ynashni boshlashi mumkin, ammo maqsad Yevropa futboli grandlari darajasiga qaytish, ular bilan raqobat qilish bo‘lsa, asosiy farq futbolchilarning narxlari-yu, murabbiy mahoratida yoki sarflanayotgan pullarda emas, aynan tizimda ekani tushunilsagina amalga oshadi. Aks holda har qanday yutuq tasodif yoki vaqtincha bo‘lib qolaveradi.

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid