Jahon | 18:31 / 23.10.2023
36418
4 daqiqa o‘qiladi

Isroil faqat HAMAS bilan urushyaptimi yoki umuman Falastin bilanmi?

7 oktyabrda G‘azo sektoridagi HAMAS guruhining Isroilga qilgan hujumi ortidan, Isroil ham sektorni ayovsiz o‘qqa tuta boshladi. Natijada minglab tinch aholi, shu jumladan bolalar, ayollar va qariyalar halok bo‘ldi va bo‘lmoqda.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Falastin muxtoriyatining 45 foiz aholisi – 18 yeshgacha bo‘lgan bolalarni tashkil qiladi. Shuning uchun ham, Isroilning G‘azoga bomba tashlashlari natijasida bolalar nihoyatda ko‘p qurbon bo‘lyapti.

Dunyo OAV falastinlik bolalarning jasadlarini ko‘rib, shokka tushayotgan bo‘lsa, Isroil va uning ittifoqchilari bu g‘ayriinsoniy vaxshiylikni oqlash uchun “biz falastinliklarga qarshi emas, faqat HAMASga qarshi urush qilyapmiz” deb, propaganda olib bormoqda. Xo‘sh, Isroil haqiqatda ham faqat HAMASga qarshi urushmoqdami? Bu maqolada Isroilning asl nishoni HAMAS emas, aslida Falastin davlatchiligi va oddiy falastinliklar ekanini ko‘rsatuvchi beshta faktni keltiramiz.

Birinchidan, Falastin – Isroilning okkupatsiyalari natijasida ikkiga bo‘linib qolgan davlat. HAMAS tashkiloti faqat G‘azo sektorida bor, G‘arbiy sohilda mavjud emas. Lekin, mana 75 yildirki, G‘arbiy sohilda ham Isroilning hududlarni bosib olish siyosati, falastinliklarni tahqirlash siyosati kuchaysa kuchaymoqda, lekin pasayayotgani yo‘q.

Ikkinchidan, HAMAS va shunga o‘xshash jangari guruhlar asosan keyingi 30-40 yilda tashkil topdi. HAMAS 1987 yilda tuzilgan, “Hizbulloh” esa 1983 yilda. Ya’ni 1970 yillarga qadar Falastin hududida yoki undan tashqarida Falastinni jangari usullar orqali ham himoya qiladigan qurolli guruhlar umuman yo‘q edi. Lekin o‘sha paytda ham Isroil har xil bahonalar bilan Falastinning yerlarini bosib olish siyosatini olib borar edi. Bugun esa, HAMASni bahona qilib, falastinliklarning G‘azo sektorini tashlab chiqib ketishi uchun harakat qilmoqda.

Uchinchidan, agar HAMAS “terrorchi guruh” bo‘lsa, unda savol tug‘iladi: Isroil tinchlikparvar guruhlar bilan muloqot olib boryaptimi, ularga Falastin yerlarini qaytarib berdimi yeki berish niyati bormi? Yo‘q, Isroil hech bir tinchlikparvar, konstruktiv guruh va shaxslarga ham Falastin davlati tuzish imkoniyatini bermagan, bermaydi. Bosib olingan yerlarni ham qaytarish niyatida emas.

To‘rtinchidan, Isroil G‘arbiy sohilda rasmiy maqomga va vakolatga ega Falastin Ozodlik Tashkilotining raisi Mahmud Abbos bilan konstruktiv muloqot olib bordimi? Yo‘q, aksincha, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu konstruktiv va vazmin Mahmud Abbos hamda uning tashkilotini tahqirlash, yerga urish bilan shug‘ullanib keldi. Isroilning bu siyosatiga guvohi bo‘layotgan falastinliklar radikal hisoblanmish HAMASga ko‘proq ishondi va ishonmoqda.

Beshinchidan, shu paytga qadar Isroil nima qilsa ham, faqat o‘zini qurbon sifatida ko‘rsatib keldi, misli ko‘rlmagan vahshiyliklar qildi va qilmoqda. G‘arbiy sohil, garchi u rasman Falastin yerlari bo‘lsa-da, bu yerlar ichkaridan to‘liq yahudiylar tomonidan o‘zlashtirib olinmoqda. Isroilning siyosati – bu Falastin davlatiga imkon bermaslik, o‘zining kuch-qudratiga tayanib, falastinliklarni o‘z uylaridan, hududlaridan siqib chiqarish va shu yo‘l bilan Isroil davlatini kengaytirish ekanini nafaqat falastinliklar, arab davlatlari, musulmon xalqlari, balki ko‘plab xolis bo‘lgan g‘arbliklar ham tushunib bo‘lgan.

Shunday ekan, Isroil uchun HAMASning jangariligi o‘z jinoyatlarini oqlash uchun bir bahona xolos. HAMAS hali tashkil topmagan vaqtlari ham Isroil bu jinoyatlarni qilgan va hamon qilmoqda. Falastinlik boshqa, konstruktiv kuchlar bor bo‘lsa-da, Isroil bu kuchlarga imkoniyat berish niyatida emas. Shu sababli aytish mumkinki, Isroil faqat HAMAS bilan urushayotgani yo‘q, umuman barcha falastinliklar bilan urushyapti, Falastin davlatiga imkon bermaslik niyatida.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Mavzuga oid