Iqtisodiyot | 21:08 / 31.10.2023
13209
11 daqiqa o‘qiladi

Alis Evans: Ayollarning iqtisodiy faolligini oshiruvchi omil – bu iqtisodiy o‘sish

Gender tenglikni ta’minlash jamiyatning nafaqat madaniyatiga, balki iqtisodiyotiga ham bog‘liq, deydi professor Alis Evans. Uning so‘zlariga ko‘ra, iqtisodiy o‘sish orqali ish o‘rinlarining ko‘payishi ayollarning iqtisodiy faolligi ortishiga olib keladi, natijada ularning ishlashiga nisbatan jamiyatdagi salbiy munosabat ham o‘zgaradi.

Alis Evans – Britaniyadagi Kings College universitetida xalqaro taraqqiyot masalalari bo‘yicha katta ma’ruzachi, Kanadadagi Xalqaro ishlar va davlat boshqaruvi maktabi (Munk school)da professor sifatida faoliyat yuritadi. U bungacha Harvard universitetida ham dars bergan.

Olima 14 yildan beri dunyodagi gender tenglik masalalarini o‘rganib keladi. Olib borayotgan tadqiqotlari asosida “Genderdagi katta tafovutlar” nomli kitob yozyapti.

Evans o‘zbekistonlik iqtisodchi Behzod Hoshimovga bergan intervyusida gender tenglikni ta’minlashda davlatlarning iqtisodiyoti qanchalik rol o‘ynashini tushuntirib berdi.

— Suhbatga rozi bo‘lgangiz uchun rahmat. Keling, dastlab LinkedIn'ga qo‘ygan biografiyangizdan boshlasak, u yerda siz shunday yozasiz:

“Bizning dunyomiz genderdagi katta farqlar sabab ajralib turadi. Janubiy Osiyo va Yaqin Sharqda aksariyat ayollar izolyatsiyada qolmoqda. Xitoylik xotin-qizlar esa ishlashadi, ammo siyosatdan uzilgan. Lotin Amerikasi esa radikal transformatsiyani boshidan kechirdi, buning natijasida mamlakat gender tenglikka, fuqarolarning siyosiy daxldorligiga hamda erkaklarning zo‘ravonligiga qarshi ommaviy mitinglarga deyarli erishdi. Garchi Skandinaviya davlatlari hali ham feministik utopiyaga eng yaqin mamlakatlar qatorida bo‘lsa ham, uzoq yillar davomida Yevropa Janubi-Sharqiy Osiyo va Janubiy Afrikaga nisbatan ancha patriarxal qit’a bo‘lgan”.

Siz bu haqda kitob yozayotganingizdan xabardorman. Dastlab bu mavzuni qanday topganingiz, hozirda Munk school'da va umuman akademik karerangizda nima bilan mashg‘ul ekaningiz haqida aytib bera olasizmi?

— Katta rahmat. So‘nggi 14 yil davomida men gender tengik masalalarini o‘rganib kelyapman. Zambiyada etnografik ish qilish bilan boshladim. Ayni vaqtda bemba tilida gaplasha olaman. Turli jamiyatlarda yashab, 100 yillik gender munosabatlarini o‘rgandim. Keyin bu borada qishloq va shahardagi xatolarni solishtirib, qiyosiy ish olib bordim. Keyin Kambodjaga genderni o‘rganish uchun sayohat qildim.

Shundan keyin, 2019 yilda men iqtisodiyot tarixini va G‘arb qanday qilib boy va demokratik bo‘lgani haqidagi barcha ajoyib kitoblarni o‘qiy boshladim. Odamlar ham nega ba’zi mamlakatlar boy va demokratik, boshqalari esa kambag‘al, avtoritar ekani bo‘yicha savol berishadi. O‘shanda men gender haqida xuddi shu global qiyosiy savolni berishimiz mumkinligini angladim.

Nima uchun ba’zi davlatlarda gender tenglik juda yuqori, ba’zilari esa, masalan, Eron, Afg‘oniston va Pokiston, ancha patriarxalligicha qolmoqda? Nima sabab? Va bu biz javob berishimiz kerak bo‘lgan katta hayajonli savol deb o‘yladim. Hozirgacha hech kim bu savolga javob topa olmagan. Hatto, bir mamlakatda tarixni gender masalalari bilan tushuntiruvchi tadqiqotlarimiz ham yo‘q. To‘g‘ri, bu alqbovar qilmas ish, lekin uni bajarish kerak. Amalga oshirmoqchi bo‘lgan rejam – so‘nggi 4 ming yil davomida dunyodagi har bir mamlakatning tarixini o‘rganish va vaqt o‘tishi bilan nima o‘zgarganini, butun dunyoda qanday qilib gender tengligi kuchayib borayotganini va nima uchun ba’zilari bu masalada ko‘proq muvaffaqiyatga erishganini tushuntirishga urinishdir.

— Sizni biroz rasmiyroq tanishtirishga ijozat bersangiz. Tushunishimcha, doktorlik ishingizni iqtisodiy geografiya fanlari bo‘yicha qilgansiz va hozirda Kings College'ning rivojlanish tadqiqotlari bo‘yicha katta lektorisiz. Demak, siz ham iqtisodiy rivojlanish, ham gender muammolari bo‘yicha dars berasiz, shundaymi?

— Men faqat siyosiy iqtisodiyot fanidan, XX asrda o‘sish yoki yetarlicha o‘smaslik bo‘yicha dars beraman.

— Siz G‘arb davlatlari qanday qilib boyib ketgani haqidagi o‘rganishlardan ilhomlanib, xalqlar orasida nima sabab gender tafovutlar yuzaga kelganiga qiziqib qolgansiz. Davlatlarning boy ekani bu masalaga qanchalik bog‘liq?

— Albatta, shubhasiz aloqador. Iqtisodiy o‘sish orqali ish o‘rinlarini yaratishga erishish – gender tenglikni ta’minlashning asosiy muhim omili sanaladi. Butun dunyo jamiyatlarida ayollarni uyga “qamab qo‘yish” yoki uy bekalarini qadrlash darajasi turlicha, ular orasida farqlar bor. Masalan, Saudiya Arabistoni kabi jamiyatlarda bu ko‘proq afzal ko‘rilsa, Tailand, Kambodjada buning aksi. Lekin iqtisodiy o‘sish sabab ish o‘rinlarini yaratish barcha jamiyatlarda ayollarning ishchi kuchi sifatida mehnat bozoriga kirib kelishiga sabab bo‘ladi, ammo bu turlicha darajada bo‘ladi. Men buni daromadlar, savdo-sotiq nuqtayi nazaridan tushuntiraman.

Agar iqtisodiy o‘sish orqali yaratiladigan ish o‘rinlari yetarlicha ko‘p bo‘lsa, shunga muvofiq ayollarning daromadi yetarlicha yuqori bo‘lsa, hatto erkak sha’nini qadrlaydigan, ularning or-nomusi ayollarning iffatiga bog‘liq bo‘lgan konservativ jamiyatlarda ham bu narsa yo‘qotishlarni qoplay oladi.

Biz buni 1970 yillarda Sharqiy Osiyo, 1990 yillarda Xitoyda aniq kuzatganmiz. Bu davlatdagi oilalar o‘z g‘ururiga katta e’tibor berardi. Agar qiz bola haqida har xil gap-so‘z tarqalsa, undan yaxshilik chiqmaydi deb, qizlarni chetlatib qo‘yishar va bu o‘z navbatida uning oila qurish istiqboliga ham salbiy ta’sir ko‘rsatardi. Vaholanki, o‘sha vaqtda juda ko‘plab fabrikalarda ish o‘rni soni, ishchilarga bo‘lgan talab yuqori bo‘lgan va shu sababli barcha qizlar shaharlarga ketishgan. Buning ortidan esa ayollarning ishga borishi odatiy holga aylandi. Ya’ni ayollarning daromad ko‘ra boshlashi g‘urur masalasini ikkinchi darajaga chiqardi.

— Bu o‘rinda g‘urur, hamiyat kabi tushunchalarni o‘rtaga qo‘yish qanchalik o‘rinli? Menimcha, oilada kimdir uy ishlari bilan band bo‘lishi tabiiy. Masalan, 80 yil oldin kimdir quduqdan suv olib kelishi, uni qaynatishi va hokazo ishlarni qilishi kerak edi. Umuman olganda, uy xo‘jaligining normal faoliyatini ta’minlash uchun juda ko‘p mehnat talab etilardi va boshqa variantlar, masalan, fabrikada ishlash foyda keltirmas edi. Ya’ni ishga bormasdan, uy ishlari bilan shug‘ullanish – insonlarning ratsional tanlovi bo‘lgan. Shunday ekan, bu o‘rinda g‘urur haqida gapirishga qanday zarurat bor?

— To‘g‘ri, lekin hatto iqtisodiy rivojlanishini nazorat qila oladigan ba’zi mamlakatlarda ayollarning ishchi kuchi sifatidagi ishtiroki kutilgan darajadan ancha past bo‘lgan. Masalan, Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika davlatlarida ayollarning mehnat bozoridagi ulushi aynan iqtisodiy holati teng bo‘lgan boshqa mamlakatlarga nisbatan juda past.

Xususan, Turkiya bilan Meksikani misol qilish mumkin. Turkiya Meksikaga qaraganda bu borada ayollarni chetlatishni ko‘proq afzal ko‘radi, Meksikada esa ayollarning ishlash ko‘rsatkichi ancha tez sura’tlarda o‘smoqda. Bu ikki mamlakatning ham aholi jon boshiga YaIM bir xil, ammo ular ayollarning ishlashi yoki bundan chetlatilishini afzal ko‘rishi bilan madaniy jihatdan farq qiladi.

Siz mutlaqo haqsiz, ya’ni agar ayollarda uy ishlarida katta yuklama bo‘lsa, pechlar, kir yuvish mashinalari, mikroto‘lqinli pechlar kabi mehnatni tejaydigan asboblar, kontratseptik vositalar bo‘lmasa, ular ko‘chaga chiqib ishlay olmaydi. Bilasizmi, zamonaviy davr kelishidan oldin ayol umrining 60 foizi homiladorlikda yoki bolani emizish bilan o‘tgan.

Ammo ko‘plab jamiyatlar tug‘ilish darajasini keskin kamaytirib, inson mehnatini tejaydigan vositalardan foydalanish sharoitini yaratdi. Shunga qaramay, hali ham ayollari uyda qolayotgan mamlakatlar mavjud. Masalan, Hindistonda tug‘ruqlar soni kamaytirildi, lekin ayollarning ish bilan ta’minlanganlik darajasi atigi 20 foizni tashkil etadi.

— Nima deb o‘ylaysiz, bu uyda qolishning muqobil xarajatlari kamroqligi bilan bog‘liq emasmi?

— Buning asosiy sabablaridan biri – ommaviy ishsizlik. Janubi-Sharqiy Osiyoda, Meksikada, Afrikaning katta qismidagi bir xil iqtisodiy imkoniyatlarga ega mamlakatlarda bu borada mutlaqo boshqacha madaniy munosabatni ko‘ramiz.

— Iqtisodiyotda aynan shu yo‘nalishdagi adabiyotlar borasida qanday fikrdasiz?

— Ester Boserup shudgor g‘oyasini ilgari surgan birinchi iqtisodchi hisoblanadi. Uning teoriyasiga ko‘ra, yerni shudgor qilish uchun kuchli erkak kerak, ya’ni bunda yuqori tana kuchi kerak bo‘ladi, erkaklar tanasining yuqori qismi odatda ayollarga nisbatan 2,5 baravar kuchli bo‘ladi. Shunday qilib, Ester Boserupning nazariyasi erkaklar shudgorlashi mantiqiy ekani aytilib, ayollar uyda qolib, boshqa uy yumushlari bilan band bo‘lishi kerakligi ilgari surildi. Va bu nazariya ayollar “xonakilashtirilishi”ni normallashtirib, bo‘ysunuvchan bo‘lishiga rag‘bat yaratadi. Ular buni empirik tarzda sinab ko‘rishgan va uning o‘zaro korrelyatsiyasini ko‘rsatishgan. Buni birinchi bo‘lib Ester Bosserup qilgan va bu boradagi ilk nazariyotchi u. Bu nazariyaning muammosi shundaki, ayol kishi uyda o‘tiribdi degani u izolyatsiyaga tushib qolgan degani emas. Aynan izolyatsiyada bo‘lish ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarga bo‘lgan munosabatini belgilab beradi.

Misol uchun, jamiyat paydo bo‘lishining dastlabki davrlarida erkaklar ovga chiqishardi, ular suvsar, tulen yoki kitlarni ovlashardi, to‘g‘rimi? Ayollar esa uyda qolib, bolalariga qarashar va hayvon terisidan kiyimlar tikishar edi. Mana shu oilaviy turmush edi, madaniy hayotdan ajratish emas. Ayollar musiqachi bo‘lishi, raqsga tushishi mumkin edi, 1970-80-yillarga kelib, ularda ishlash imkoni yaratilgach, ayollar buni darhol qarshi olishdi. Demak, jamiyatda ayollarning uy yumushlari bilan shug‘ullanishi kerak degan g‘oyasi bor ekan, bu ularni izolyatsiya qilish kerakligini anglatmaydi.

Mavzuga oid