O‘zbekiston | 15:02 / 28.05.2024
25635
9 daqiqa o‘qiladi

“AES qurilishini juda chuqur o‘ylash kerak” - Behzod Hoshimov

Iqtisodchi Behzod Hoshimov “Rosatom” tomonidan Jizzaxda qurilishi kutilayotgan kam quvvatli atom elektr stansiyasi loyihasining iqtisodiy va siyosiy jihatlariga to‘xtalib o‘tdi.

Foto: TASS / POOL / Sergey Bobylev

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonga, tabiiyki, elektr energiyasi kerak, energetika qancha arzon va ko‘p bo‘lsa, farovonlik va rivojlanish uchun shuncha yaxshi, lekin hozir muammo elektr va energetika sohasi islohot qilinmaganida yoki qandaydir stansiya mavjudligida emas.

“Hozirgi holatda ham, hech qanday AESsiz ham elektrni import qila olamiz, yoki uni ishlab chiqarish uchun yoqilg‘ini import qila olamiz, uning ustiga ancha normal narxlarda quyosh energiyasini ishlab chiqaradigan korxonalarni jalb qila olamiz. Demak “svet yo‘qligi” muammosi sun’iy yaratilgan, noto‘g‘ri boshqaruv va xato qurilgan elektr energiya siyosatining mevasi. AES qurilishi hal qilib beradigan bir texnologik muammo emas”, – deya yozdi iqtisodchi o‘z blogida.

Hoshimovning ta’kidlashicha, atom elektr stansiyasi qurish bo‘yicha qaror iqtisodiy tomondan maqsadga muvofiqmi-yo‘qmi, avvalo shuni bilib olish kerak.

“Masalan, uni qurish uchun hukumatimiz necha pul beradi? Boshqa moliyaviy manbalar, jumladan davlat qarzi hisobidan moliyalashtiriladimi va eng asosiysi, davlat qurayotgan bo‘lsa, bu narsa o‘zbekistonliklarga qanchaga tushadi? Barcha davlat va nodavlat moliyaviy manbalardan ishlatilishi ko‘zda tutilgan summalar to‘liq va mutlaq ochiqlanishi kerak. Bu fiskal talab qomusimizda ham belgilangan.

Bundan to‘rt yil oldin hozirgi energetika vaziri bilan qilgan suhbatimizda bu savolni so‘ragan edim, lekin bu “sir” bo‘lgani uchun, aytmagan edilar. Menda bu raqamlar ochiqlanmasligiga falsafaviy ma’nodagina emas, balki konstitutsiyaviy ma’noda ham e’tirozim bor. Sir yoki “tijoriy sir” juda bir tor ma’noda ishlatiladigan narsa – fuqaroviy loyihalar uchun davlat pulining xarajati, tabiiyki, sir bo‘lishi noto‘g‘ri. “Akkuyu” qurilganida, turkiyaliklar ularga ruslar qurib berayotgan AES narxini aniq bilishgan.

Lekin muhimroq tomoni, bitimda boshqa shartlar ham bor, ya’ni stansiyani narxidan ham muhimroq shartlar. O‘shalarni gapirishimiz ham kerak. Stansiyani kim boshqarishi, qanday narxda elektr energiya sotilishi – juda muhim. Turkiyada Rossiya to‘liqligicha o‘z hisobidan qurilish qilib, energiyani bir 1 kilovatt soati uchun 12,5 sentlik bitim qilgan. Bizga agar xuddi shu shartlar berilsa, olishimiz kerakmi degan o‘rinli savol bor. Hozirgi kunda, O‘zbekistonda bundan arzonroq generatsiya manbalari bor bo‘lsa, qimmatroq atom energetikasi qanchalik zarur?

Bilasiz, 12,5 sentdan agar O‘zbekiston sotib olsa (shartlarni bilmayman, shartli shunday bo‘lsa deyapman) – bu 1500 so‘mdan ko‘p, hozirgi sotilish narxidan ham ancha baland, bundan bir necha oy avval, boshqa manbalardan generatsiyani 1000 so‘m atrofida deyotgan edi hukumat. Agar aynan shunday bo‘lsa, AES iqtisodiy ma’noda bizga pulni iqtisod qiladimi yo‘qmi?” – deya masalaning iqtisodiy tomonlariga to‘xtalgan Behzod Hoshimov.

Iqtisodchi AES masalasining siyosiy jihatlari ham borligini ta’kidlaydi.

“Ikkinchi narsa, bu hamma davlat xarajatlariga taaluqli, lekin ayniqsa bunday katta va muhimlariga. Pudratchini tanlash. “Rosatom”dan boshqa korxonalar tenderda ishtirok etishganmi? Fransiya, Yaponiya kabi mamlakatlarda atom energetikasi o‘ta rivojlangan, ular ham juda zo‘r stansiyalar qurishadi, ularning korxonalari qanday taklif berishgan bizning hukumatga? Nega aynan “Rosatom”?

Bu savolni berishimning sababi, albatta, bunday narsada siyosatni ham o‘rni yo‘q emas. Rossiya energetikasidan Yevropa deyarli butunlay voz kechdi – buning uchun to‘laqonli Yevropadagi urush sababchi bo‘ldi. Qachondir Germaniya rus energetikasi arzon deb, siyosiy hisob-kitoblarni pisand qilmasdan, faqatgina iqtisodiy hisobga tayanib qaror qilgan edi va bu qarori ancha qimmatga tushdi. Lekin bizdek ancha kichik mamlakat uchun, AESda asosiy pudratchi Rossiya davlati va davlat korxonasi bo‘lishi juda katta savol bo‘lishi kerak.

Qandaydir ma’noda, agar yaponlar va ruslar bir xil narxga taklif berishsa – yaponlarni tanlash kerak, degan bo‘lar edim, narxi bir xil bo‘lsa ham, har holda, siyosiy risklari ancha kam. Urushi hali ham tugagani yo‘q va yangi sanksiyalar kiritilsa – masalan, bizdagi stansiya va uning iste’molchilari – o‘zbekistonliklarga asoratlari ham, menimcha, hali ham ochiq savol.

Bundan tashqari, hozirgi kunda O‘zbekiston o‘z energetikasini modernizatsiya uchun olayotgan mablag‘lar asosan g‘arbiy yoki g‘arb boshchilik qiladigan moliyaviy institutlardan kelmoqda. Bu tashkilotlarning barchasi Rossiyaga sanksiya qo‘llashgan. Endi birgina AESni deb butun boshli energetik tizimning modernizatsiyasi uchun texnologiyalar va mablag‘ni olish manbasi yo‘q bo‘lib qolishi xavfi mavjudmi? Bilmadim, lekin albatta juda ko‘p tafakkur qilib qaror qabul qilish kerak bo‘lgan masala.

Xohlaymizmi, yo‘qmi, urush ko‘p narsani o‘zgartirib yubordi. Xitoy moliyaviy tizimi ham, g‘arbiy sanksiyalarga amal qilib, rus tranzaksiyalarni bloklashi Xitoy uchun to‘g‘ri qaror edi. Bizga ham saboqdir shu.

Ruslar qilayotgan urushning asoratlaridan biri – ilg‘or texnologiyalardan kesilish – bu ham AESga ta’sir o‘tkazadimi? Rivojlangan dunyoning oxirgi texnologiyalarisiz qurilgan AES, albatta yaxshi bo‘lmaydi, bu ham, menimcha, faktor.

AES qurilishi, bizdagi boshqa loyihalar uchun texnologiyani olib kelishga to‘siq bo‘lmaydimi? O‘zbekistonga energetik texnologiyalar sotayotgan AirProducs'mi, yoki Siemens'mi – o‘sha texnologiyalar ertaga mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan “Rosatom”ga tushib qolishidan qo‘rqib, sotilishi cheklansa – bu risklarni qanchalik hisobga olganmiz “Rosatom” bilan ishlab? Bular katta savollar”, – deya yozadi u.

Hoshimov bunday muhim strategik qarorni qabul qilishda Rossiya bilan ishlashning iqtisodiy va siyosiy hisob-kitoblarini ochiqlashga chaqirdi.

“Xulosam shuki, atom elektr stansiyasi qurilishini juda chuqur o‘ylash kerak. Uning atrofidagi xarajatlar qancha va kim tomonidan to‘lanishi, xalq bo‘ynida o‘lpon bo‘lib qolmasligi haqida mulohazalar kerak, menimcha, hukumat ancha shaffofroq ishlashi kerak. Elektr sotilishi shartlari va kontraktning barcha detallari ochiqlanishi kerak. Bozorni o‘rganishimiz va boshqa alternativa bo‘la oladigan barcha takliflarni ko‘rib chiqishimiz kerak.

Bu muhim strategik qaror bo‘lgani uchun, parlament a’zolari ham bu narsaga ovoz berishlari kerak. Chunki bu faqatgina energetika vazirligida qabul qilinadigan texnik bir vazifa emas, balki siyosiy asoratlari, strategik asoratlari bor qaror. Hamma xavf-xatar va foydalari o‘rganib chiqilib, jamoatchilikka taqdim etilishi kerak, shunda qaror to‘g‘ri bo‘lsa, o‘ylaymanki, o‘zbekistonliklar yangi yashil energetika manbasining bo‘lishiga qarshilik qilmaslar.

Balki buni yaponlar qurar, balki o‘zimizning uran bo‘lgani uchun ishlab chiqish xarajatlari pastroq bo‘lar – shu kabi barcha detallar bilan tanishishimiz kerak. Men AES g‘oyasi to‘g‘ri bo‘lishi mumkinligiga ishonaman. Chunki bu ancha xavfsiz va yashil texnologiya. Lekin aynan hozir va aynan Rossiya bilan ishlashning iqtisodiy va siyosiy hisob kitoblari ochiq bo‘lishi kerak deb o‘ylayman. Shunda mulohaza to‘g‘ri bo‘lar edi. Menimcha”, – deya o‘z postiga yakun yasagan Behzod Hoshimov.

Mavzuga oid