O‘zbekiston | 08:25 / 27.11.2023
6859
5 daqiqa o‘qiladi

Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish tartibi tasdiqlandi

Xo‘jalik birlashmalari, davlat tashkilotlari va muassasalari, nodavlat tashkilotlarga shaxsga doir ma’lumotlar uning sub’yekti roziligi bilan taqdim etiladi.

Foto: Shutterstock

Adliya vazirining «Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishning namunaviy tartibini tasdiqlash haqida»gi buyrug‘i qabul qilindi.   

Namunaviy tartib:

shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish va himoya qilish tartibini;
shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish prinsiplari, maqsadlari hamda shartlarini;
shaxsga doir ma’lumotlar bazasining mulkdori va (yoki) operatorining huquq va majburiyatlarini belgilaydi. 
 
Mulkdor va (yoki) operator yoxud uchinchi shaxs tomonidan shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishda quyidagi talablarga rioya qilinishi lozim:

shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishni aniq va oldindan belgilangan maqsadlarda amalga oshirish;
shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishda maqsadlari bir-biriga mos kelmaydigan shaxsga doir ma’lumotlar bazalarini birlashtirishga yo‘l qo‘yilmaslik;
shaxsga doir ma’lumotlarning aniqligi, ishonchliligi, yaxlitligi va butligini ta’minlash;
agar shaxsga doir ma’lumotlarni saqlash muddati qonunchilikda yoki sub’yekt bilan tuzilgan shartnomada belgilanmagan bo‘lsa, shaxsga doir ma’lumotlarni ularga ishlov berish maqsadlariga erishish muddatidan ortiq bo‘lmagan muddatga saqlash;
agar qonunchilik hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, ishlov berilayotgan shaxsga doir ma’lumotlar ishlov berish maqsadlariga erishilgandan so‘ng yoki ushbu maqsadlarga erishish zarurati yo‘qolgan taqdirda yo‘q qilinishi yoki egasizlantirilishini ta’minlash.

Shaxsga doir maxsus ma’lumotlarga ishlov berish uchun sub’yektning roziligi yozma shaklda yoki elektron hujjat tarzida olinishi lozim. 

Ofertada (ommaviy shartnomada) shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishning maqsadlari aniq ko‘rsatilgan taqdirda, ofertani (ommaviy shartnomani) qabul qilish (tasdiqlash) sub’yektning shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishga roziligi deb hisoblanadi.

Sub’yektning mulkdor va (yoki) operatorning xizmatlaridan foydalanish uchun belgilangan talab va shartlarga rozilik berishi mulkdor va (yoki) operator tomonidan sub’yektning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlovga berishga roziligi hisoblanadi. 

Sub’yekt yoki uning qonuniy vakili shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish to‘g‘risidagi roziligini istalgan vaqtda qaytarib olish huquqiga ega.

Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish uchun sub’yektning roziligi bilan quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishi lozim:

operatorning nomi, STIRi (jismoniy shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, JShShIR);
sub’yektning familiyasi, ismi va otasining ismi, shaxsini tasdiqlovchi hujjat ma’lumotlari;
shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish maqsadlari;
sub’yektning ishlov berishga rozilik berilayotgan shaxsga doir ma’lumotlari ro‘yxati;
shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishga rozilik amal qiladigan muddat yoki davr;
shaxsga doir ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga berish va (yoki) ushbu ma’lumotlarni transchegaraviy uzatishga roziligi;
shaxsga doir ma’lumotlarni hamma foydalanishi mumkin bo‘lgan manbalarda tarqatishga roziligi;
boshqa ma’lumotlar.

Tarixiy, statistik, sotsiologik, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish uchun shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berilayotganda mulkdor va operator, shuningdek uchinchi shaxs bu ma’lumotlarni egasizlantirishi shart. Shaxsga doir ma’lumotlarni egasizlantirish uchun sub’yektning roziligini olish talab etilmaydi.

Shaxsga doir ma’lumotlarni egasizlantirish shaxsga doir ma’lumotlarni tiklash imkoniyatini istisno qiladi.

Shaxsga doir ma’lumotlar mulkdor va (yoki) operator, shuningdek uchinchi shaxs tomonidan quyidagi hollarda 3 kun ichida yo‘q qilinishi lozim:

shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish maqsadiga erishilganda;
sub’yektning shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish uchun berilgan roziligi chaqirib olinganda;
shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishning sub’yekt bergan rozilik bilan belgilangan muddati o‘tganda;
sudning qarori qonuniy kuchga kirganda.

Davlat organlari tomonidan shaxsga doir ma’lumotlar so‘rab olinganda, shaxsga doir ma’lumotlar sub’yektiga bu haqida xabarnoma yuboriladi (bundan davlat siri va qonunchilikka muvofiq foydalanish cheklangan ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan holatlar mustasno).

Xo‘jalik birlashmalari, davlat tashkilotlari va muassasalari, nodavlat tashkilotlarga shaxsga doir ma’lumotlar uning sub’yekti roziligi bilan taqdim etiladi.

Mavzuga oid