Fan-texnika | 22:47 / 28.11.2023
54154
2 daqiqa o‘qiladi

Bioyoqilg‘i yordamida birinchi transatlantik parvoz amalga oshirildi 

Virgin Atlantic aviakompaniyasi Boeing 787 samolyotida ekologik toza yoqilg‘idan foydalangan holda birinchi transatlantik parvozni amalga oshirdi. 

Foto: Getty Images

Britaniyalik milliarder Richard Brenson tomonidan asos solingan Virgin Atlantic aviakompaniyasi Londonning Hitrou aeroportidan Nyu-Yorkka ekologik toza yoqilg‘idan foydalangan holda birinchi transatlantik parvozni amalga oshirdi. 

Financial Times xabariga ko‘ra, bioyoqilg‘i ishlatilgan o‘simlik yog‘i, hayvon yog‘lari va boshqa noan’anaviy yoqilg‘i aralashmasidan tayyorlangan. Parvoz aviatsiya sanoati tomonidan dekarbonizatsiyaga intilishda muhim bosqich sifatida baholandi. 

Qayd qilinishicha, parvoz birinchi marta tijorat aviakompaniyasi tomonidan ekologik toza aviatsiya yoqilg‘isida (SAF) amalga oshirildi. U an’anaviy aviatsiya yoqilg‘isiga qaraganda kamroq uglerod chiqaradi. 

Samolyot bortida bo‘lgan Virgin Atlantic hammuassisi Richard Brenson Atlantika okeani bo‘ylab ekologik toza yoqilg‘ida uchish imkonsiz deb hisoblanganiga qaramay, «bugun biz bunday emasligini isbotladik» dedi va hali bu borada qilinadigan ishlar ko‘pligini ta’kidladi. 

Qayd qilinishicha, samolyot parvoz paytida xuddi an’anaviy reaktiv yoqilg‘isi kabi bir xil miqdorda karbonat angidrid chiqargan. Ammo keyinchalik, ularning miqdori 70 foizgacha pasayishi kutilmoqda. 

Aviatsiyada vodorod yoki elektr energiyasidan foydalanish kabi ilg‘or texnologiyalarning joriy qilinishi juda ko‘p vaqt talab qilgani bois, soha kelgusi o‘n yilliklarda aynan bioyoqilg‘idan foydalanishni rejalashtirmoqda. Bu esa karbon chiqindilarini 2050 yilga qadar sezilarli daraja qisqartirish majburiyatini bajarishda samara berishi mumkin.

Mavzuga oid