O‘zbekiston | 14:19 / 05.12.2023
15787
2 daqiqa o‘qiladi

“Yil imomi – 2023” ko‘rik tanlovi g‘olibiga Haj safari yo‘llanmasi berildi

O‘zbekiston musulmonlar idorasi tomonidan o‘tkazilgan tanlovning respublika bosqichida Toshkent shahridagi “Xolid ibn Valid” jome masjidi imom-xatibi Isroiljon Ismoiljonov g‘olib bo‘ldi. Keyingi o‘rin egalari pul mukofoti bilan taqdirlandi.

5-dekabr kuni O‘zbekistondagi masjidlarda faoliyat yuritayotgan imom-domlalar o‘rtasida “Yil imomi – 2023» ko‘rik tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy bosqichlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 14 nafar imom-domla bellashdi.

Musulmonlar idorasining xabar berishicha, ishtirokchilar Qur’oni karim qiroati va tafsiri, aqida, fiqh, Islom tarixi, hadis ilmlari, allomalar ijodiga oid savollarga javob bergan. Shuningdek, imomlar mehnat faoliyatlari davomida amalga oshirgan ishlari va ijodlarini namoyish etdi. Qatnashchilarning chiqishlari hakamlar hay’ati tomonidan mezonlar asosida baholandi.

Tanlov natijalariga ko‘ra, quyidagi ishtirokchilar sovrinli o‘rinlarga munosib topildi:

1-o‘rin – Toshkent shahridagi “Xolid ibn Valid” jome masjidi imom-xatibi Isroiljon domla Ismoiljonovga I darajali diplom va Haj safari yo‘llanmasi;

2-o‘rin – Andijon viloyatidagi “Mirzaxoliq ota” jome masjidi imom-xatibi Muhammadiyxon domla Hojiyevga II darajali diplom va 15 mln. so‘m pul mukofoti;

3-o‘rin – Samarqand viloyatidagi “Shayx Xudoydod Vali” jome masjidi imom-xatibi Anvar domla Ahmedovga III darajali diplom va 12 mln. so‘m pul mukofoti topshirildi.

Mavzuga oid