Jahon | 13:11 / 07.12.2023
5086
4 daqiqa o‘qiladi

Sarayevoda bosniya serblari yetakchisi ustidan sud boshlandi

Bosniya va Hersegovina tarkibiga kiruvchi Serb Respublikasi rahbari BMT oliy vakili Kristian Shmidt qarorlariga bo‘ysunmaganlikda ayblanmoqda. Milorad Dodik ayblovlarni rad etdi va jarayonni siyosiy deb atadi.

Foto: RIA Novosti / Vladimir Pesnya

Sarayevoda Bosniya va Hersegovina (BvH) prezidiumining serb a’zosi Milorad Dodik ustidan sud jarayoni boshlandi. Bosniya serblari rahbari BMTning BvH bo‘yicha oliy vakili Kristian Shmidtga bo‘ysunmaganlikda va uning qarorlarini qabul qilishdan bosh tortganlikda ayblanmoqda. 6 dekabr, chorshanba kuni boshlangan AQSh sanksiyalari ostidagi Kreml ittifoqchisiga qarshi sud so‘nggi oylarda kuchaygan mojaro ortidan o‘tmoqda. 

BvH ichidagi Serb Respublikasi (SR) atrofidagi siyosiy vaziyatda keskinlik uning rahbari Milorad Dodik Shmidt va mamlakat konstitutsiyaviy sudi qarorlarini tan olmaslik to‘g‘risidagi qonunchilik normasini imzolaganidan keyin kuchaydi. Bunga javoban Shmidt bu buyruqlarni bekor qildi va Dodik BMT tomonidan tayinlangan BvH vakiliga itoatsizlikda ayblandi. 64 yoshli siyosatchi ayblovni rad etib, siyosiy ta’qibga uchraganini da’vo qildi. Noyabr oyida u Bosniya va Hersegovina taqdirini Serb Respublikasining «tinch yo‘l bilan ajralib chiqishi» hal qilishini e’lon qildi. «Jarayon boshlandi, - dedi u. - Poyezd stansiyani tark etdi, ortga burilish yo‘q, bu yakuniy».

Agar Dodik aybdor deb topilsa, 5 yilgacha qamalishi va siyosiy faoliyati taqiqlanishi mumkin. Biroq, u sud hukmini qabul qiladimi yoki yo‘qmi, noma’lumligicha qolmoqda, deya ta’kidlaydi AFP. Dodik Bosniyada BMT oliy vakili qarorlarini bajarmagani uchun sudga tortilgan birinchi siyosiy lider bo‘ldi. 

BvH bo‘yicha oliy vakil keng vakolatlarga ega 

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosniya va Hersegovinadagi oliy vakili lavozimi 1995 yilda sobiq Yugoslaviya respublikasi hududida BvHdagi qonli urushga chek qo‘ygan Deyton o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi bitimlarida ko‘zda tutilgan. Oliy vakil keng qamrovli vakolatlarga ega, jumladan, siyosiy arboblarni lavozimidan chetlashtirish va ularni hokimiyatdan mahrum qilishda ham. Deyton kelishuvlari 1995 yil 21 noyabrda AQShda uzoq davom etgan muzokaralardan so‘ng paraflangan. 

Bosniya urushi (1992-1995) tugagandan so‘ng, Bosniya va Hersegovina ikkita yarim avtonom respublikaga bo‘lindi: serb va xorvat-bosniya. Bugun ularning har biri o‘z hukumati va parlamentiga ega. Shu bilan birga, umumiy serb-xorvatiya-bosniya markaziy hukumati ham mavjud. BvH - Yevropa Ittifoqi va NATOga a’zo bo‘lishga nomzod, ijtimoiy so‘rovlar esa fuqarolarning aksariyati bu intilishlarni qo‘llab-quvvatlashini ko‘rsatmoqda. 

So‘nggi yillarda Rossiya Bosniya va Hersegovinaning NATO va Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishiga faol qarshilik ko‘rsatmoqda. Bu masalalar bo‘yicha qaror qabul qilish, ekspertlarning fikriga ko‘ra, Sarayevo hukumatini hisobga olmasdan, mustaqil yo‘l tutishga harakat qilayotgan Serb Respublikasi rahbariyatining roziligisiz mumkin emas. May oyida Serb Respublikasi rahbari Milorad Dodik Moskvaga tashrif buyurdi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvda u Rossiyaga qarshi embargoga qo‘shilmaslikka va’da berdi. 

Mavzuga oid