Jamiyat | 09:46 / 09.12.2023
22000
5 daqiqa o‘qiladi

Qanday qilib sovuq havoga nisbatan chidamli bo‘lish mumkin?

Me’yordan issiq bo‘lgan kuz va iliq boshlangan qishning dastlabki kunlaridan so‘ng anchayin sovuq tushdi. Iliq havodan so‘ng birdaniga sovuq haroratga duch kelish organizmdan moslashishni talab qiladi. Yetmaganiga, ayni qish oylarida gripp va shamollash ham avj oladi.

Qishda gripp ko‘payishiga sabab nima?

Viruslar sovuq va quruq havoda faollashadi. To‘g‘ri, qish faslida atmosferada namlik nisbatan yuqori bo‘ladi. Biroq xonalar isitilishi sababli havo quruqlashadi. Bu esa infeksiyalarning avj olishi uchun qulay muhit.

Qolaversa, patogenlar toza havoni yoqtirmaydi. Ammo sovuq kunlarda eshik va derazalar zich yopilib, xonalar havosi tez-tez almashtirilmaydi. Odamlar asosiy vaqtini issiq sharoitda, bir necha kishi yoki ko‘pchilik bir joyda jamlanib o‘tkazadi. Viruslar esa yopiq bino-inshootlar, aholi gavjum joylarda tezroq tarqaladi.

Yana bir tadqiqotga ko‘ra, sovuq harorat burunning turli viruslarga qarshi kurashadigan immunitet reaksiyasini pasaytiradi.

Shamollash va grippga sabab bo‘luvchi viruslar, odatda, burunga nafas olish yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa orqali kiradi. Burun bo‘shlig‘iga begona virus kirgach, hujayralar o‘zi uchun yot bo‘lgan narsani chiqarib yuborish uchun faollashadi. Lekin sovuq havo burunning bu shakldagi immunitet reaksiyasini pasaytiradi.

Sovuq havoga chidamli bo‘lish uchun

Nafaqat gripp bo‘lib qolmaslik, balki sovuq ob-havoda odam o‘zini yomon his qilmasligi uchun ham unga tayyorgarlik ko‘rishi va moslashishi kerak. Buning uchun bir qancha usullar tavsiya qilinadi.

Odatdagidan ko‘ra, ochiq havoda ko‘proq bo‘lish. Albatta, sovuqda ko‘chaga chiqish ko‘pchilikka yoqmaydi. Lekin toza havoda kuniga kamida 2 soat bo‘lishga e’tibor qilish zarur. Boshda birdaniga 2 soat emas, kamroq ko‘chada bo‘lish, so‘ng toza havoda aylanish vaqtini uzaytirib borish zarur.

O‘ta qalin kiyinib yubormaslikka ahamiyat qaratish kerak. Kiyimlar sovuqqotmaslik uchun yetarli bo‘lsa kifoya. Sharf taqishni unutmaslik kerak, chunki sharf bo‘yindagi qon tomirlarini issiq saqlaydi va miyaga ham issiqlik yetib boradi.

Uy haroratini juda ham issiq qilib yubormaslik, odatiy tarzda sovuqroq ichimliklar ham ichib yurish, iliqdan ko‘ra sovuqqa moyil bo‘lgan dush qabul qilib turish ham tananing sovuqqa bo‘lgan moslashuvchanligini oshiradi.

Jismoniy faollikni oshirish. Odatda, insonlar qishda sovuq payti kamharakat bo‘lib qolishadi va bu ham immun tizimiga ta’sir ko‘rsatadi. Aksincha, jismoniy harakatni ko‘paytirish orqali tanani chiniqtirish lozim. Harakat qilib turgan odam tanasi o‘zi uchun issiqlik ham ishlab chiqaradi.

To‘g‘ri ovqatlanish. Och qolmaslik, vitaminga boy taomlarning ratsionda bo‘lishini nazorat qilish kerak. Ovqatlar tarkibida vitamin S, D va sink bo‘lishi kerak. Ayni shu moddalar immunitet yaxshi ishlashiga yordam beradi.

Uyquning yetarli va sifatli bo‘lishi. Immunitet yaxshi bo‘lishi uchun yetarlicha uxlash ham muhim. Sababi inson uxlayotganda uning immunitet tizimi immun hujayralari o‘sishi uchun zarur bo‘lgan sitokinlarni ishlab chiqaradi. Ular viruslardan himoyalanishda ham muhim rol o‘ynaydi. Yetarlicha uxlamagan odamda yetarli sitokinlar ishlab chiqarilmasligi mumkin.

Bundan tashqari, inson o‘zining stressga tushmayotganiga ahamiyatli bo‘lishi, ovqat ratsionida zararli mahsulotlar (alkogol, shakar, o‘ta sho‘r narsalar) bo‘lmasligini ham nazorat qilib turishi kerak.

Qaysi mahsulotlarni qishda yeyish foydali?

Qishda sabzavotlarga boy sho‘rvalar eng yaxshi taom bo‘la oladi. Har kunlik ratsionda iliq sut ham bo‘lishi kerak. Sut tarkibida vitamin B12, A, kalsiy va proteiyen bor. Bundan tashqari, sabzi, turp, piyoz, gulkaram va brokkoli kabi sabzavotlar, pishloq, baliq va tuxum iste’molini ham ko‘paytirish kerak.

Mavzuga oid