Sport | 14:42 / 22.12.2023
34134
17 daqiqa o‘qiladi

«Qonuniy kuzir». Superliga mashmashalarining navbatdagi bosqichi haqida

Futbol olami yana ikki yarim yil avvalgi mavzu – Superliga masalasiga qaytdi.

Bunga sabab Yevropa sudi qarori: unga ko‘ra Superliga masalasida klublarga bosim o‘tkazgan UYeFA va FIFA harakatlari noqonuniy deb topildi. Birdaniga bu xabar ortidan Florentino Peres va boshqa shaxslarning balandparvoz bayonotlari, go‘yoki UYeFA monopoliyasiga chek qo‘yilgani haqidagi ishonchli gaplar va hatto Superliga musobaqasining formatidan tortib taxminiy sanalarigacha e’loni qilinishi ko‘pchilikni esankiratib qo‘ygani tabiiy. Nima bo‘lyapti?

Biroz o‘tib hammasi ancha murakkab ekani oydinlashdi, birin-ketin klublar avvalgi pozitsiyasini eslatib, bu loyihadan tashqarida ekani haqida rasmiy bayonot bera boshladi. Axborot oqimi shu qadar ko‘pki, voqeaning asl jiddiyati va qamrovi haqida noto‘g‘ri taassurotlar juda ko‘p. Keling, oydinlashtiramiz, aslida nima bo‘ldi va kelajakda nima kutilmoqda?

Ibtido

Bu loyiha aynan qanday g‘oyalar asosida paydo bo‘lgani va uning asosiy mazmuni ko‘pchilikning yodida bo‘lsa kerak. Anchadan beri UYeFA va yirik klublar, nafaqat klublar, balki milliy jamoalar o‘rtasida ziddiyatlar mavjud. Bu turli fikrlilik zamirida prioritetlar va tabiiyki, moliyaviy taqsimotlar yotadi.

Sodda qilib aytganda, UYeFA egidasi ostida o‘tadigan musobaqalar, ayniqsa, Chempionlar Ligasi kabi yirik turnirlar asosan yirik klublarning sharofati bilan bu qadar jozibador ekan, asosiy so‘z haqqi ham, kattaroq moliyaviy ulushlar ham aynan top-klublar foydasiga hal etilishi kerakligi talab qilinadi. UYeFA esa aksincha, aynan Chempionlar Ligasi kabi qiziqarli va tomoshabop turnir sababli klublar o‘z brendlarini ilgari surish, ko‘proq foyda olishga muvaffaq bo‘lyaptimi, demak, yakuniy so‘z aynan tashkilotda bo‘lishi kerakligi borasida qat’iy turadi.

Shuningdek, Yevropa va JCh saralashlari, YeChL guruh bosqichi top-klublar uchun ham sport nuqtayi nazaridan, ham match-dey daromadlari nuqtayi nazaridan samarali emas, deb ham hisoblab kelinadi. «Bavariya»ning shartli «Astana» bilan yoki Parij yulduzlarining andorralik yarimprofessionallar bilan o‘ynashga majbur bo‘lishidan hech qanday naf yo‘q, aksincha, bu millionlab pul sarflangan aktivlar bo‘lmish futbolchilarning jarohatlanish riskini ham oshiradi. Kichik jamoalar katta o‘yinlarga bo‘lgan qiziqish sharoitida daromadini oshirsa, katta klublar nokerak o‘yinlar tufayli yo‘qotishlarga uchrab boradi.

Yana bir paradoks shundaki, aytaylik, «Feyyenord» yoki «Bazel» kabi klublar aynan «Real» yoki «Manchester Siti» bilan turnirlarda ishtirok etib, yaxshigina daromad olishlari natijasida moliyaviy mustaqilligi ortib boradi va aynan o‘sha «Real» xaridor bo‘lgan o‘z futbolchisiga bemalol baland narx qo‘ya oladi. Ya’ni qisman «Real»ning o‘zi boyitgan klub «Real»dan transfer uchun ko‘proq pul talab qilishni boshlaydi. Top-klublarning davomli e’tirozlari va qandaydir o‘zgarishni amalga oshirish istagi aksariyat hollarda UYeFA tomonidan tinglanmadi. Qisman Millatlar Ligasi turniri tashkil etilishi qaysidir ma’noda federatsiyalarga qo‘shimcha daromad manbayi sifatida ko‘zda tutilgan bo‘lsa-da, aytish mumkinki, loyiha u qadar ishonchni oqlamadi. Ayniqsa, pandemiya sharoiti hatto eng boy klublarni ham ma’lum vaqt sport natijalaridan ham ko‘ra moliya haqida qayg‘urishga majbur qilib qo‘ydi.

Xullas, mana shunday sharoitda 2021 yil bahorida «bomba portlatildi».  «Real» va «Yuventus» rahbarlari tomonidan ishlab chiqilgan Superliga g‘oyasi katta va’dalar va jozibador rejalar bilan kirib keldi. Superklublar uchun o‘z taqdirini belgilash imkoniyati, katta moliyaviy daromadlar, kafolatlangan top-o‘yinlar tabiiyki, juda ko‘p klublarni qiziqtirib qo‘ydi va hatto 12 talik tarkib ham shakllanib ulgurgandi.

Ammo UYeFA, FIFA va milliy federatsiyalarning kutilmagan darajada keskin qarshiligi, Superliga loyihasining o‘zida ham pishitilmagan jihatlar juda ko‘pligi vaziyatni burib yubordi. Aynan axborot urushida Superliga yutqazib qo‘yishi oqibatida muxlislar to‘lig‘icha UYeFA tomonida bo‘ldi. Klublardagi fanbazalar harakati, FIFA va UYeFA tomonidan turlicha tahdidlar tufayli asta-sekin klublar chetga chiqa boshladi. «Real», «Barselona» va «Yuventus» qoldi, xolos. Keyinchalik Italiya klubi ham chiqib ketgach, ispan grandlari UYeFAning bo‘lajak bosimi va ehtimoliy sanksiya xavfi ostida qoldi.

Sud

21 dekabr kuni Yevropa Ittifoqi adliya sudi Superliga loyihasi foydasiga hukm chiqarib, FIFA va UYeFAning bu borada monopoliya o‘rnatishini noqonuniy deb topdi. Ya’ni klublar agar o‘zaro biror musobaqa tashkil qilmoqchi bo‘lsa, UYeFA va FIFA tashkilotidan ruxsat olish majburiyati qonunga zid bo‘lib chiqdi.

UYeFA Superligani tan olmasligi, hatto ishtirokchi klublar safidagi futbolchilar milliy jamoalarda, FIFA va UYeFA doirasidagi turnirlarda o‘ynashdan mahrum etilishi haqidagi tahdidlar yangragandi. Bu ham Yevropa Ittifoqi mehnat qonunlariga zid, tashkilotning o‘z vakolatini suiiste’mol qilish deb topildi.

Ammo shuni ta’kidlash kerakki, Superliganing suddagi g‘alabasi Superliga faqat yuqoridagi holatlar bo‘yicha haq ekanini ko‘rsatadi xolos, bundan ortiq emas.

Ya’ni bu endi Superliga aniq tashkil etilishi, UYeFA tarqab ketishi yoki boshqa ma’nolarni bildirmaydi. Shunchaki, Superliga loyihasi qonuniy deb topildi, Superligaga FIFA va UYeFAning qarshi harakatlari noto‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Superliganing qonuniy ekani ushbu g‘oyaning aniq amalga oshishini bildirmaydi, albatta. Buning ustiga, «poyezd ketib bo‘lgan», bu xuddi to‘y kuni biror janjal chiqib, nikoh buzilishi, oradan ikki yil o‘tib esa, aslida qudalar aybsiz ekani sudda tasdiqlangandek gap. To‘y qaytadan bo‘ladimi? Qiyin masala.

Muxlislarning Superligaga qarshi norozilik aksiyasi, 2021 yil.
Foto: Global Look Press

Hukmdan keyin

Qiyin masala ekanini anglash uchun soatlar kifoya qildi. Bir tomonda Peres va uning tarafdorlari katta bayonotlar berib, futbolda yangi davrni va’da qilayotgan va hatto yangi musobaqa formatlari taqdim etilayotgan bir paytda qator superklublar ikki yil oldingi fikrdan qaytilmagani, Superligada qatnashmasligini rasman aytib chiqishdi. Hatto Britaniya hukumati APL klublarining keyinchalik fikri o‘zgarib qolishini to‘sish maqsadida qonun ham ishlab chiqa boshladi.

Bu yerda baribir, asosiy devor – risklar baholanishi bilan bog‘liqligini ta’kidlash kerak. Klublar bugungi holatdan har qancha norozi bo‘lishmasin, mavhumlik undan ham qo‘rqitadi. O‘tgan safargi reaksiya kutilganidan ancha katta bo‘lganini hech kim unutmagan. Nega hali ko‘p narsa kelishilmagan, nima bo‘lishi noma’lum bo‘lgan turnir ortidan quvish kerak?

Ziddiyatlar

Keling, xom bo‘lsa-da, hozirda taqdim etilayotgan format bilan tanishaylik. Eng yomoni, oradan shuncha vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, bugun namoyish etilayotgan Superliga u qadar jozibali emasdek va muhimi, juda ko‘p tomonlar bilan ziddiyatlarga ega.

Aytilishicha, Superliga 64 klubdan iborat bo‘lib, uchta ligaga bo‘linadi. «Yulduzli Liga»da 16 jamoa 8 tadan ikki guruh, «Oltin liga»dan 16 jamoa 8 tadan ikki guruh, «Moviy liga» esa, 32 jamoa 8 tadan 4 guruhga bo‘linadi. Har bir guruh ichkarisida uy/safar tizimida 14 tadan o‘yin bo‘lib, chorakfinaldan boshlab pley-off o‘tkaziladi. Ligalar orasida chiqib tushishlar bo‘ladi, «Moviy Liga»ni esa, har yili 20 jamoa tark etib, milliy chempionatlardan to‘ldiriladi.

Birinchi ziddiyat UYeFA bilan. Tabiiyki, bu turnirni UYeFA doirasidagi Chempionlar Ligasi, Yevropa Ligasi kabi musobaqalar bilan parallel o‘tkazishning iloji yo‘q. O‘z-o‘zidan Superliga YeChLning o‘rniga keladi.

Ikkinchi ziddiyat futbolchilar bilan. YeChLdan farqli ravishda nimchorak finaldan voz kechilgani bilan, e’tibor bering, 64 klubning har biri kamida 14 tadan o‘yin o‘tkazadi. Finalgacha borgan jamoalarning o‘yini 19 tani tashkil etadi. Hozirgi YeChL formatida finalgacha 13 o‘yin, kelasi yildan amal qiladigan formatda esa, finalgacha 15 o‘yin bo‘ladi xolos. Endi tasavvur qiling, shundoq ham milliy chempionatlar, milliy jamoalar musobaqalari bilan birga futbolchilarga shundoq ham ortiqcha jismoniy bosim tushayotgan bir davrda +6 uchrashuv qanday muammolarni yaratadi? Buning ustiga, Superligadagi 14 uchrashuvning hech biri o‘tkinchi emas, kamida o‘z saviyasidagi raqiblarga qarshi bo‘lsa?

Uchinchi ziddiyat ligalar bilan. Go‘yoki Superliga ichki chempionatlarga xalaqit bermagan ravishda, hamkorlikda tashkil etilishi aytilayotgan bo‘lsa-da, aslida xavotirga o‘rin bor. Masalan, bugungi APLni APL qilib turgan jihat nima? Faqat chempionlik poygasi emas, to‘g‘rimi? Angliyada o‘z oldiga Chempionlar Ligasiga chiqishni maqsad qilgan kamida 7-8 klub bor. Ularning 4 yo‘llanma uchun kurashishi ligani bugungi qiziqishda ushlab turgani sir emas. Xo‘sh, agar Yevropaning asosiy turniriga o‘tish faqat «Oltin liga»dagi o‘yinlar orqali bo‘lsa, milliy chempionatdagi o‘rinlar deyarli ahamiyatga ega bo‘lmay qolsa, APL bundan faqat yutqazadi-ku? Liganing ichida nazorat qilinib turgan moliyaviy muvozanatga ham, alohida uchrashuvlarga bo‘lgan sportcha munosabatga ham putur yetmaydimi?

To‘rtinchi ziddiyat muxlislar bilan. Tan olish kerak, har qancha o‘rab-chirmanilmasin, hozircha, bo‘lajak musobaqa jozibasi yetarli emas. Yetarli emaski, ikki yil oldin butun fanbazalar oyoqqa turgandi. Ha, top-klublar uchun maksimal darajada top-uchrashuvlar va’da qilinyapti, ammo yana bir jihatni tan olish kerakki, asalning ham me’yori shirin.

Tasavvur qiling, «Yulduzlar Ligasi»ning taxminiy tarkibini keltiramiz: «Real», «Barselona», «Atletiko», «Yuventus», «Inter», «Milan», «Bavariya», «Borussiya», «PSJ», «Manchester Siti», «Arsenal», «Liverpul», «Chelsi», «MYu», «Tottenhem» va «Benfika».

Bu degani 14 tur 8 tadan, 100 dan ortiq mana shu jamoalar o‘rtasidagi o‘zaro top-o‘yinlar va’da qilinyapti. Ha, zo‘r, lekin agar rostan ham har turda 8 tadan, yuzdan ortiq va har yili bo‘lsa, mana shunday qadrga ega bo‘ladimi? Menimcha, yo‘q. Bu jamoalar o‘rtasidagi o‘yinlarning birinchidan oz bo‘lgani, ikkinchidan, o‘rtaga qandaydir muhim maqsad tikilgandagina hammani ekran qarshisiga yig‘a oladi. «Barselona» bilan «Chelsi» «Yulduzli liga»da 6-7 o‘rinlarni egallab turganida emas, chorak yoki final ostonasida orani ochiq qilgani qiziqroq va unutilmas tarixga aylanadi.

Bundan tashqari, o‘yinlar butun dunyoga tekinga namoyish qilinishi haqidagi va’dalarning asosi ham qiziq. Ha, turli reklama shartnomalari orqali yaxshi pul topish mumkindir, lekin hozirda muhim turnirlarni sotib olib, chiroyli paketga o‘rab foyda qilayotgan televideniye gigantlarining ham manfaatlari bilan ham hisoblashish lozim bo‘ladi.

Endi nima bo‘ladi?

Meni ko‘proq hayron qoldirgani Portugaliya yoki Niderlandiya klublarning ayrimlari Superligani qo‘llab-quvvatlashi bo‘ldi. Ha, katta pul va’da qilinganda, o‘ziga yarasha hisob-kitoblar qilingandir, ammo qarang, katta ehtimol bilan, nazarda tutilgan klublar «Yulduzlar Ligasi»da emas, quyiroq ligalardan o‘rin olishadi. Hozir o‘z mamlakatidagi chempionatda muvaffaqiyat qozonib, Yevropa grandlari bilan guruhda va balki pley-offda to‘p surish imkoniyati turganda, futbol nuqtayi nazaridan Superliganing quyi ligasini tanlash qanchalik mantiqli?

Ha, yuqorida aytilganidek, moliyaviy va’dalar e’tiborga olingandir, ammo agar Superliganing biznes mantig‘idan kelib chiqsak, ertaga, asosiy so‘z haqqi yana top-klublarda qolib, asosiy daromad ulushi ularga o‘tib ketishi, «Benfika» yoki «PSV»dan hech kim so‘rab o‘tirmasligi ehtimoli yuqoriroq emasmi?

(Shu o‘rinda, «Kopenhagen»ning hali hech kim so‘ramasdan ham, Superligaga qarshi bayonot bilan chiqqani odamning yuzida tabassum uyg‘otadi. Axir bir mavsumning o‘zida «Bavariya», «Manchester Yunayted» va «Manchester Siti» bilan ikki martadan o‘ynash baxtiga muyassar bo‘layotgan daniyaliklarda boshqacharoq format haqida tasavvur ham bo‘lishining o‘zi «nonko‘rlik» bo‘lardi, nima dedingiz?)

Eng muhimi, har qancha tanqid qilinmasin yoki korrupsiyaga botgan deyilmasin, UYeFA 70 yillik tarixga ega bo‘lib, kamida mohiyatan, an’anaviy ravishda Yevropada futbolni rivojlantirishning o‘z zimmasiga oladi. Ya’ni tashkilot barchasiga moliyaviy prizmadan emas, tarixiy mas’uliyat nuqtayi nazaridan ham qaray oladi, kamida uzoq yillik barqarorlikni taqdim etadi ham. Klublar har qancha norozi bo‘lmasin, butun Yevropada futbolni rivojlantirish g‘oyasi umumiy maqsadga ham foyda keltiradi. Aynan biqiq bo‘lmagan siyosat tufayli, avvallari taxmin qilish ham qiyin bo‘lgan xududlardan futbol yulduzlari yetishib chiqmoqda, bu ham bilvosita bo‘lsa ham, aslida superklublarning muvaffaqiyatlarida o‘z roliga ega.

Superliga esa ma’lum sharoitda va davr uchun yechim sifatida taqdim etilayotgani, bir qator tabiiy va tarixiy bosqichlarni bosib o‘tmagani tufayli o‘ta radikal va o‘z navbatida xavfli bo‘lishi mumkin. Axir hammasini nazorat qilish qiyin, ertaga kutilgan mablag‘lar, qog‘ozdagi hisob-kitoblar real holat bilan mos kelmasa, turli ziddiyatlar kelib chiqishi, hatto loyihaning umri uzoq bo‘lmasligi ham mumkin. Katta pullar aylanayotgan sohada ushbu riskni baholash, buning ustiga hammaning ayni fikrda kelishishi juda murakkab jarayon.

Albatta, Superliga tashkilotchilari qo‘l qovushtirib o‘tirmaydi, bu aniq. Tabiiyki, muzokaralar davom etadi, klublar, ligalar bilan turli doiralarda muhokamalar, takliflar ko‘rib chiqilishi shubhasiz. Ammo bu shu qadar qiyin jarayonki, Peres aytayotgan 2025 yilgacha ulgurish ilojsizdek ko‘rinadi. Axir bir stolda kelishishi kerak bo‘lgan tomonlar juda ko‘p va asosiy to‘siq, ular bir «tilda» gaplashmaydi. Qaysidir klubning egasi amerikaliklar, boshqasini butunlay arab davlatlari boshqaradi, nemis klublari umuman muxlislarning qo‘lida.

Buning ustiga UYeFA ham so‘nggi yillarda, ayniqsa, o‘tgan safargi Superliga mashmashalaridan keyin klublarga yon bera boshladi, misol uchun yevrokuboklar formatini o‘zgartirdi.

Taxminimcha, Superliga yaqin bir necha yillikda umuman tashkil topmasligi ham mumkin, ammo bu kechagi sudning besamar ketganini ham anglatmaydi.  Aksincha, «jin ko‘zadan tashqariga qo‘yib yuborildi», endi top-klublarda ham UYeFA oldida o‘z «kuziri» paydo bo‘ldi. Xayoliy emas, sud tomonidan tasdiqlangan qonuniy «kuzir»...

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid